O‘zbekiston delegatsiyasi va IT Park Uzbekistanning Digital Almaty 2025’dagi ishtiroki

Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos boshchiligidagi Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi IT Park Uzbekistan biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Radjabov va “IT Park Ventures” bosh direktori Azamat Karamatov ishtirokida “Digital Almaty 2025” xalqaro forumida qatnashdi.

Digital Almaty 2025 haqida

Olmaotada VII “Digital Almaty 2025” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Bu yil forumning asosiy mavzusi “Industrial AI: yangi davr texnologiyalari” bo‘lib, u sun’iy intellektni sanoat, moliya, tibbiyot, ta’lim va ESG sohalariga joriy etishga bag‘ishlandi. Tashkilotchilar Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Olmaota hokimligi va “Astana Hub” edi.

Forumda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, Armaniston, Eron hukumatlari rahbarlari, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi rahbarlari ishtirok etdi. Tadbir doirasida YeOII mamlakatlari bosh vazirlarining yalpi majlisi va “Industrial AI Battle” — sovrin jamg‘armasi 60 ming dollar bo‘lgan sun’iy intellekt sohasidagi startaplar bellashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston salohiyatining taqdimoti

Forum doirasida delegatsiya O‘zbekistonni IT-kompaniyalar uchun qulay shart-sharoitlar, jumladan, soliq imtiyozlari, zamonaviy infratuzilma va yuqori malakali mutaxassislardan foydalanish imkoniyatini taqdim etuvchi jadal rivojlanayotgan IT-hab sifatida taqdim etdi.

IT Park Uzbekistan mamlakatning IT-salohiyatini ko‘rsatuvchi stend bilan taqdim etildi va konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Konferensiya doirasida mahalliy kompaniyalar bilan 67 ta muzokara, startap loyihalari bilan 29 ta uchrashuv va xorijiy kompaniyalar bilan 8 ta ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvlar davomida potensial hamkorlar hamkorlikka va IT Park Uzbekistan rezidenti bo‘lish imkoniyatiga yuqori qiziqish bildirdilar.

AQSh, Qatar va Daniya kompaniyalari, jumladan, “Netcracker” va “Snoonu” O‘zbekistonda o‘z filiallarini ochishga alohida qiziqish bildirdi. Ular mamlakatimizning autsorsing va o‘z bizneslarini rivojlantirish uchun IT-ekotizim sifatidagi afzalliklarini ta’kidladilar.

Netcracker

Mobil operatorlar uchun dasturiy ta’minot va autsorsing yechimlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan Amerikaning eng yirik kompaniyasi “Netcracker TechnologyO‘zbekistonning kadrlar bozori bilan tanishdi hamda IT Park Uzbekistan rezidentlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha soliq imtiyozlari va dasturlarini o‘rgandi. Kompaniya O‘zbekistonda ofis ochish va IT-mutaxassislarni yollashga qiziqish bildirdi.

Snoonu

Raqamli yechimlar sohasida yetakchi o‘yinchi bo‘lgan “Snoonu” kompaniyasi vakillari O‘zbekiston IT sohasining kadrlar salohiyati, ingliz tilida so‘zlashuvchi mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatlari, shuningdek, mamlakatning rezidentlik shartlari va investitsiya muhiti bilan tanishdilar. Kompaniya hamkorlik istiqbollarini chuqurroq o‘rganish maqsadida “Offshore Outsourcing Conference 2025tadbirida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

i-Sys

Kiberxavfsizlik va dasturiy ta’minot ishlab chiqishga ixtisoslashgan “i-Sys” kompaniyasi dunyoning oltitadan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadi. Uchrashuv davomida uning vakillari IT Park rezidentlarini qo‘llab-quvvatlash dasturlari, soliq va investitsiya imtiyozlari bilan tanishdilar. “i-Sys” O‘zbekistonda ofis ochishga qiziqish bildirdi va rezidentlik shartlarini batafsil o‘rganish jarayonini boshladi.

Aloqan

Pul o‘tkazmalari va onlayn to‘lov xizmatlarini taqdim etuvchi “Aloqan” fintech startapi IT Parkda startaplar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, soliq imtiyozlari va rezidentlikning afzalliklarini o‘rgandi. Kelgusida “Aloqan” IT Park’ga rezident sifatida kirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

SherlockAI

Biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va konsalting uchun sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiquvchi “SherlockAI” kompaniyasi o‘z texnologiyalarini O‘zbekiston bozoriga joriy etish imkoniyatlari bilan tanishdi. Muzokaralar chog‘ida kompaniya vakillari IT Park rezidentligiga va O‘zbekistonda o‘z yechimlarini yanada rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.

 

Prorobot

Robototexnikaga ixtisoslashgan “Prorobot” startapi ushbu sohada milliy va xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish va g‘olib bo‘lish tajribasiga ega. Uchrashuv davomida kompaniya IT Park ekotizimi, O‘zbekistondagi robototexnika bozori va mavjud inkubatsiya dasturlari bilan tanishdi. “Prorobot” kelgusida rivojlanish uchun IT Park’ga startap rezident sifatida qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Xalqaro kompaniyalar bilan muzokaralar IT Park Uzbekistan’ga biznesni rivojlantirish, mutaxassislarni yollash va mamlakatimizdan xalqaro bozorga chiqish uchun asosiy platforma sifatida qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, IT Park jamoasi Qozog‘iston davlat idoralari bilan startaplarni rivojlantirish bo‘yicha muhim muzokaralar olib bordi. Shuningdek, Minsk shahar texnoparki bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar innovatsiyalar va texnologiyalar sohasida hamkorlik va sheriklik tashabbuslarini rivojlantirish to‘g‘risida memorandum tuzishga kelishib oldilar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston IT-sektorlarining samarali hamkorligi

2024-yil yakunlariga ko‘ra, IT Park Uzbekistan’da Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi rezidentlarning jadal o‘sishi kuzatilmoqda. Bu jarayon eksport va xodimlar sonining ko‘payishi bilan birga kechmoqda. Qozog‘istonlik rezident kompaniyalar soni 43 taga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 65% ko‘p, ushbu kompaniyalardagi xodimlar soni esa 450 nafardan oshdi.

Ayniqsa, eksport salohiyatining o‘sishi yaqqol ko‘zga tashlanadi: Qozog‘istonga xizmat ko‘rsatuvchi IT-kompaniyalar soni 41 tadan 109 tagacha (+166%) oshdi. IT Park rezidentlarining Qozog‘istonga umumiy eksporti hajmi 2,5 barobarga ko‘payib, 2023-yildagi 4,84 million dollardan 2024-yilda 12,2 million dollarga (+252 foiz) yetdi. Ushbu ko‘rsatkich Qozog‘iston IT-biznesining O‘zbekiston ekotizimiga muvaffaqiyatli integratsiyalashganini tasdiqlaydi.

“Digital Almaty” natijalariga ko‘ra, Qozog‘istonning bir qator IT-kompaniyalari va startaplari O‘zbekistonda o‘zlarining bek-ofislarini ochishi kutilmoqda, bu esa mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Innovatsion ekotizimni rivojlantirish

Konferensiya doirasida “IT Park Ventures” mintaqadagi yetakchi investitsiya tashkilotlari — “Astana Hub Ventures” va “MOST Ventures” bilan hamkorlik to‘g‘risida ikkita strategik memorandum imzoladi. “IT Park Ventures” tomonidan kelishuvni bosh direktor Azamat Karamatov imzoladi. Qozog‘iston tomonidan esa kelishuvlar “Astana Hub Ventures” direktori Tanat Uskembayev va “MOST Ventures” direktori Alim Xamitov bilan imzolandi.

Memorandumlar O‘zbekiston, Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari startaplari uchun qo‘shimcha moliyalashtirish va xalqaro rivojlanish yo‘llarini ochadi. Hamkorlik quyidagilarga qaratilgan:

  • Mintaqaning istiqbolli startaplariga birgalikda sarmoya kiritish, bu esa kapital oqimini ta’minlaydi va venchur infratuzilmasini mustahkamlaydi.
  • Akseleratsiya va investitsiya dasturlari, ta’lim tashabbuslari orqali tajriba almashish va startap ekotizimlarini integratsiyalash.
  • Xalqaro tadbirlar, jumladan pitch-sessiyalar, konferensiyalar va startaplarning yetakchi investorlar bilan uchrashuvlarini tashkil etish.

Bundan tashqari, Azamat Karamatov “White Hill Capital” vakillari, boshqa venchur fondlari va yetakchi investorlar bilan uchrashdi, shuningdek, Qozog‘istonning istiqbolli startaplari bilan muzokaralar olib bordi.

“Ushbu kelishuvlarning imzolanishi shunchaki hamkorlik emas, balki mintaqaning startap ekotizimini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. ‘Astana Hub Ventures’ va ‘MOST Ventures’ bilan hamkorlik texnologik tadbirkorlar uchun yangi investitsiyalar, xalqaro bozorlar va global imkoniyatlarga yo‘l ochadi.

Biz O‘zbekiston startaplari, Markaziy Osiyo mintaqasi va global bozor o‘rtasida ko‘prik qurmoqdamiz. Ushbu kelishuvlar yangi investitsiyalarni jalb qilish, loyihalarni kengaytirish va mintaqani asosiy texnologik markazlardan biriga aylantirish imkonini beradi,” — deya ta’kidladi “IT Park Ventures” bosh direktori Azamat Karamatov.

40 dan ortiq startap IT Park’ga a’zo bo‘lishga qiziqish bildirdi. Ular orasida “Aloqan”, “SherLockAI”, “SPACELAB”, “PROROBOT”, “Cerebrum Tech” va boshqa ko‘plab istiqbolli loyihalar bor.

IT Park Uzbekistan’ning “Digital Almaty 2025” forumidagi ishtiroki xalqaro IT-hamjamiyatning O‘zbekiston imkoniyatlariga bo‘lgan yuqori qiziqishini tasdiqladi. O‘tkazilgan muzokaralar va erishilgan kelishuvlar mamlakatning texnologik sektoriga sheriklik va sarmoya kiritish uchun yangi istiqbollarni ochadi. Bu, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlarini yaratish, eksport salohiyatini oshirish va O‘zbekistonning global IT-hab sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga xizmat qiladi.

2025-02-05