Samarqandda “GCC-Uzbekistan Digital and Tech Forum” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Fors ko‘rfazi mamlakatlari va O‘zbekistonning hukumat tuzilmalari, texnologiya kompaniyalari, venchur fondlari va startap-hamjamiyatlarining yetakchi vakillari ishtirok etdilar. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etildi. Forum raqamli hamkorlikni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘lib, O‘zbekistonni mintaqadagi texnologik va investitsiya tashabbuslarini jalb qiluvchi strategik markaz sifatida namoyon etdi.
Forumda 700 dan ortiq ishtirokchi, jumladan dunyoning 39 mamlakatidan kelgan 300 ga yaqin xorijiy mehmon qatnashdi. Eng ko‘p vakillikni Fors ko‘rfazi mintaqasi davlatlari, shuningdek Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropaning asosiy bozorlari namoyish etdi. Auditoriyaning asosiy qismini yuqori boshqaruv bo‘g‘ini vakillari: kompaniya rahbarlari, startap asoschilari, venchur investorlar, davlat amaldorlari, elchilar va biznesni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassislar tashkil etdi.
Forumning asosiy mavzulari: autsorsingdan raqamli ta’limgacha
Forumning asosiy mavzulari qatorida O‘zbekistonning IT va kreativ xizmatlar autsorsingi sohasidagi eksport salohiyati, startap ekotizimi, “aqlli” infratuzilma va raqamli ta’limni joriy etish, shuningdek investitsiya va texnologik hamkorlik sohasidagi mintaqalararo tashabbuslar qayd etildi.
Tadbirning rasmiy qismini Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib, mamlakatning raqamlashtirish sohasidagi taraqqiyoti va uning xalqaro hamkorlikka ochiqligiga e’tibor qaratdi. Shundan so‘ng IT Park Uzbekistan vakili taqdimot o‘tkazib, O‘zbekistonni global xaritadagi eng tez rivojlanayotgan IT-hablardan biri sifatida taqdim etdi.
Sessiya dasturi bir qator mazmunli chiqishlar bilan davom etdi: “IT Park Ventures” direktori maslahatchisi Davron Parmonov startap ekotizimining istiqbollari va Fors ko‘rfazi mamlakatlari jamg‘armalari hamda kompaniyalari bilan hamkorlik bo‘yicha strategik takliflarni taqdim etdi; “KPI.COM” bosh direktori Muzaffar Karabayev GCC bozorlariga muvaffaqiyatli kirib borish haqida so‘zladi, MDH mamlakatlariga xizmatlar eksporti bo‘yicha rahbar Azamat Rahmon-Zoda esa O‘zbekistonning o‘yin ishlab chiqish va raqamli kontent sohasidagi imkoniyatlarini yoritib berdi.
IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarovning yakuniy nutqi konseptual jihatdan muhim ahamiyat kasb etdi. U kelgusidagi hamkorlikning uchta aniq yo‘nalishini belgilab berdi:
Birinchidan, u Ko‘rfaz mamlakatlari kompaniyalarini O‘zbekiston IT-jamoalariga raqamli xizmatlarni autsorsing qilishga, shuningdek O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochishga taklif etdi. Kompaniyalarga biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishdan tortib xodimlarni yollash va soliq maslahatlarigacha to‘liq yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Ikkinchidan, u investorlarni O‘zbekistonni mintaqadagi o‘sib borayotgan venchur bozoriga kirish nuqtasi sifatida ko‘rishga chaqirdi — bu ham startaplarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar orqali, ham yangi venchur fondlarida LP sifatida amalga oshirilishi mumkin.
Uchinchidan, O‘zbekiston shunchaki texnologik platforma emas, balki 80 milliondan ortiq aholiga ega butun Markaziy Osiyo bozoriga chiqadigan strategik darvoza ekanini alohida ta’kidladi. “Siz bu yerda rivojlanayotganingizda, — dedi u, — yolg‘iz emas, balki biz bilan va biz orqali — butun mintaqa miqyosida rivojlanasiz.”
Panel sessiyasi: raqamli ittifoqlar o‘sish drayveri sifatida
Bundan tashqari, tadbir doirasida “Plug and Play Uzbekistan” direktori Muhammad Mahmudov moderatorligida “Raqamli alyanslar orqali kelajak: O‘zbekiston va GCC mamlakatlari o‘rtasidagi sinergiya” mavzusida panel sessiyasi o‘tkazildi. Panel doirasida quyidagilar so‘zga chiqdilar: IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova, “Trescon Group” rahbari Navin Bxaraj, “Doha Business Consulting” boshqaruvchi direktori Abdulla Al-Naymi, “Monsha’at” tashkilotining jadal rivojlanayotgan korxonalarni rivojlantirish bo‘yicha bosh direktori Abdulrahmon bin Hamad Al-Samayl. Muzokaralarda transchegaraviy texnologik hamkorlik, O‘zbekiston loyihalarini investitsiyaviy qo‘llab-quvvatlash va eksport imkoniyatlari muhokama qilindi.
Imzolangan bitimlar: startap ekotizimining integratsiyasi va o‘sishi uchun poydevor
Forumning muhim qismi O‘zbekiston va Fors ko‘rfazi mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy yo‘nalishini mustahkamlovchi bir qator strategik bitimlar imzolanishi va loyihalar rasman yo‘lga qo‘yilishining e’lon qilinishi bo‘ldi.
IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov va “DIFC Innovation Hub” bosh direktori Muhammad Albushi forum doirasida “IGNYTE” platformasi (DIFC ekotizimiga kiruvchi, Fors ko‘rfazi va undan tashqaridagi bozorlarda fintech va raqamli texnologiyalar sohasidagi innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan investitsiya platformasi) doirasida O‘zbekistondan startap-loyihalar va autsorsing xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma tashabbusni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, mintaqaning startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Hamkorlik o‘zbekistonlik startaplarni BAA bozoriga integratsiya qilish, “DIFC” mentorlik resurslaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash va venchur moliyalashtirish kanallarini kengaytirishga qaratilgan. IT Park Uzbekistan platformaning rasmiy hamkoriga aylanadi.
IT Park startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Elyor Maksudov, “White Hill Capital” operatsion direktori Rinata Ilyubayeva va “XPENCE” tijorat direktori Zayn Ansari uch tomonlama memorandumni imzoladilar. Bitim mahalliy bank bilan hamkorlikda O‘zbekistonda “XPENCE” IT-yechimlarini joriy etish, yangi fintech ekotizimini yaratish va fintech yechimlarini rivojlantirish uchun umumiy platforma tashkil etishni nazarda tutadi.
Xalqaro integratsiya sari qo‘yilgan yana bir qadam IT Park xalqaro marketing bo‘yicha direktori Jamila Xalibaeva va “Trescon Group” bosh direktori Navin Bxaraj o‘rtasida memorandum imzolanishi bo‘ldi. Bitim global ekspertlar, investorlar va korporatsiyalar ishtirokida O‘zbekistonda xalqaro texnologik tadbirlar o‘tkazish imkoniyatini yaratadi.
5 ta startap 1,56 million dollar investitsiya jalb qildi
Tadbir doirasida startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktor Elyor Maksudov hamda “IT Park Ventures” direktori Azamat Karamatov jami 1,56 million dollar miqdorida investitsiya olgan 5 ta startapni taqdirladi.
Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi “Flex Soft” kompaniyasi 1 million dollar miqdorida eng katta investitsiyani qo‘lga kiritdi. Ushbu mablag‘ kompaniyaning xalqaro bozorlarga chiqishiga yo‘naltiriladi.
Ozarbayjonda tashkil etilib, O‘zbekiston bozoriga kirgan “Push30” 300 ming dollar jalb qildi. Bu startap shaharning turli joylaridagi sport zallariga tashrif buyurish uchun yagona obuna taklif etadi. Mazkur tashabbus platformaning moslashuvchan fitnes yechimlari bozoridagi o‘rnini mustahkamlash va keng ommaga sport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.
B2B va B2G loyihalarini tahlil qilishda sun’iy intellekt va kompyuter ko‘rishni qo‘llashni taklif etuvchi “Cradle Tech” Vision MENA bozorlariga kengayish uchun 110 ming dollar jalb qildi.
Biznesni avtomatlashtirish sohasida yechimlar taklif qiluvchi “BITO ERP” biznesni rivojlantirish uchun 100 ming dollar miqdorida sarmoya jalb qildi. Kompaniyaning 600 dan ortiq faol mijozlari bo‘lib, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarida 1000 dan ziyod buyurtmalarni amalga oshirgan.
“Coozin” ta’lim platformasi biznesni rivojlantirish uchun 50 ming dollar investitsiya oldi.
Tech Expo: O‘zbekiston raqamli innovatsiyalar ko‘rgazmasi
Tadbir doirasida yorqin texnologiyalar ko‘rgazmasi — “Tech Expo” tashkil etildi, unda butun O‘zbekistonning bo‘ylab innovatsion loyihalar va raqamli yechimlar namoyish etildi.
Tadbirda quyidagi kompaniyalar o‘zlarining ilg‘or texnologiyalarini namoyish etdilar:
REALSOFT — korporativ darajadagi yechimlar va IT-konsalting xizmatlarini taklif qiluvchi yetakchi dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi kompaniya.
Workly — xodimlarni boshqarish uchun bulutli platforma bo‘lib, davomatni hisobga olish, ish haqini hisoblash va xodimlarni kuzatish jarayonini avtomatlashtiradi.
UNITED IT COMPANY — raqamli transformatsiya, tizim integratsiyasi va turli sohalar uchun individual IT-yechimlarni yaratishga ixtisoslashgan.
KOSMIK MONITORING VA GEOAXBOROT TEXNOLOGIYALARI MARKAZI — tabiiy resurslar, yerdan foydalanish, atrof-muhit holati va muhim infratuzilmani monitoring qilish uchun sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida tasvirlarni masofadan zondlash va intellektual qayta ishlashning ilg‘or texnologiyalarini ishlab chiqish.
KPI COM — iqtisodiyotning turli sohalarida biznes jarayonlarini avtomatlashtirish uchun ERP tizimi. Kompaniya vakillari Saudiya Arabistoni, BAA va Qozog‘istonning 5 dan ortiq kompaniyasi bilan strategik hamkorlikni muhokama qildilar.
Cancer-register — xavfli o‘smalar bo‘yicha epidemiologik ma’lumotlarni monitoring qilish, diagnostika va davolash jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash uchun axborot tizimi.
MUSTAFA SOFTWARE — sun’iy intellekt va buyumlar interneti texnologiyalariga asoslangan shahar infratuzilmasini boshqarish uchun raqamli platforma: kommunal xizmatlar, transport oqimlarini kuzatish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va aholi bilan fikr-mulohaza almashish.
DataPrizma — chakana savdo, mehmondo‘stlik, ishlab chiqarish va boshqa sohalarda biznes jarayonlarini avtomatlashtirish uchun universal raqamli yechim.
TUNE CONSULTING — korporativ va chakana segmentlarda kam kodli BPM/CRM, elektron tijorat, ESB, avtomatlashtirilgan testlash hamda raqamli bank xizmatlarini birlashtirgan modulli raqamli platforma. Kompaniya vakillari Saudiya Arabistoni, Qatar va Hindiston kompaniyalari bilan hamkorlik shartlarini batafsil muhokama qilishga kelishib oldilar.
“Tech Expo” texnologik tadbirkorlar, davlat tuzilmalari vakillari va xalqaro mehmonlar o‘rtasida netvorking, bilim almashish va hamkorlik qilish uchun dinamik maydonga aylandi.
Forum “Expert Networking Corner” netvorking sessiyasi bilan yakunlandi, unda ishtirokchilar norasmiy muhitda IT, investitsiyalar va xalqaro kengayish sohasidagi mutaxassislar bilan suhbatlashdilar. Xususiy sektor, davlat institutlari va venchur tuzilmalari vakillari o‘rtasidagi ushbu ochiq muloqot forumning mazmunli sessiyalarining mantiqiy davomi bo‘lib, aniq qarorlar va amaliy qadamlarda o‘z ifodasini topdi.
Xalqaro qiziqish va hamkorlik sari dastlabki qadamlar: forumning amaliy natijalari
50 dan ortiq xorijiy kompaniya IT Park rezidentlik maqomini olishga qiziqish bildirdi. Ular orasida Yaponiyaning “UMMA COLLABORATIVE SOLUTIONS” kompaniyasi 5-10 nafar xodimdan iborat jamoa bilan faoliyat boshlashni va kelajakda 50 nafargacha kengayishni rejalashtirmoqda; BAAning “MISSAN” kompaniyasi “ZeroRisk” dasturidan foydalanib, eksport operatsiyalarini yo‘lga qo‘ymoqchi; Turkiyaning “INTERZOON” kompaniyasi esa yiliga 300 ming dollarlik eksport bilan o‘z faoliyatini rasmiylashtirish niyatida.
Bundan tashqari, Smart City sohasida hamkorlikni ko‘rib chiqayotgan Gonkongning “UNIFITY” va MedTech yo‘nalishida hamkorlik qilishdan manfaatdor Turkiyaning “DUNYAK” kompaniyalari ham jiddiy qiziqish bildirdi. BAAning “EVERGREEN”, “Ace Management Concepts”, “RAM Systems” va “RF IT SOLUTIONS” kabi bir qator kompaniyalari allaqachon mamlakatda yuridik shaxs ochish jarayonlarini ishlab chiqishni boshlab yubordi.
IT Park stendiga Janubiy Afrika, Mo‘g‘uliston, Namibiya, Nepal, Bosniya va boshqa davlatlardan rasmiy delegatsiyalar tashrif buyurdi. Ularga rezidentlar uchun qo‘llab-quvvatlash dasturlarining butun to‘plami — “ZeroRisk” va “Local2Global”dan tortib O‘zbekiston bozoriga eng qulay kirishni ta’minlaydigan “Softlanding” tashabbisigacha taqdim etildi.
Shu tariqa, “GCC-Uzbekistan Digital and Tech Forum” nafaqat global texnologiya hamjamiyatining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatdi, balki mamlakatning raqamli investitsiyalar, eksport IT-xizmatlari va xalqaro innovatsion hamkorlik uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri ekanligini ham tasdiqladi.
Forum O‘zbekiston va Fors ko‘rfazi mamlakatlarini raqamli yaqinlashtirishda burilish nuqtasi bo‘ldi. E’lon qilingan sherikliklar, kelishuvlar va tashabbuslar Ko‘rfaz davlatlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va O‘zbekistonni global raqamli iqtisodiyotning strategik ishtirokchisi sifatida ilgari surish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
2025-06-27