O‘zbekiston GITEX GLOBAL 2025 ko‘rgazmasida o‘sib borayotgan IT-salohiyatini namoyish etdi

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiya texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi dunyodagi eng yirik platformalardan biri bo‘lgan “GITEX GLOBAL 2025” ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Tadbirda qatnashishdan tashqari, IT Park vakillari xalqaro IT-kompaniyalar, akseleratorlar va venchur fondlari bilan bir qator strategik uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Asosiy e’tibor IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish, Markaziy Osiyo startaplarini qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalarni jalb qilishga qaratildi.

Central Asian Innovation Hubs va “Unlocking Central Asia” konferensiyasi

“Expand North Star by GITEX GLOBAL” forumining asosiy tadbirlaridan biri IT Park Uzbekistan tomonidan “Astana Hub” bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Unlocking Central Asia” konferensiyasi bo‘ldi. Tadbirda Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 120 dan ortiq texnologiya kompaniyalari, venchur fondlari, akseleratorlar va IT-kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya doirasida “Tumar Innovation Hub” — IT Park, “Astana Hub” va “White Hill Capital” hamkorligida yaratilgan yangi startap platformasi taqdim etildi. Platforma mintaqadagi startaplarni rivojlantirish, xalqaro akseleratsiya dasturlarini ishga tushirish va Markaziy Osiyoga investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan.

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov o‘z nutqida O‘zbekiston IT-ekotizimining jadal rivojlanayotganini ta’kidlab, rezidentlar uchun soliq imtiyozlari, ma’muriy soddalashtirish va rivojlangan infratuzilmani alohida qayd etdi. Shuningdek, u Dubayda amalga oshirilayotgan “Digital Startups Scale-Up Program” dasturini taqdim etdi. Mazkur dastur Markaziy Osiyo startaplariga xalqaro bozorlarga chiqishga tayyorgarlik ko‘rish va MENA mintaqasidagi venchur fondlari bilan aloqalar o‘rnatishda yordam beradi.

“Bridging Regions, Building Futures: Central Asia–MENA” nomli panel muhokamasi ishtirokchilarning alohida e’tiborini tortdi. Unda Abdulaxad Kuchkarov IT Park’ning startaplarni qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish va xorijiy texnologiya markazlari bilan strategik hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha olib borayotgan faoliyati haqida so‘zlab berdi.

Konferensiya yakunida IT Park Uzbekistan, “Astana Hub”, “Al-Farabi Innovation Hub” va “1More Thing” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda startaplarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya vositalarini rivojlantirish va Markaziy Osiyo kompaniyalarining MENA bozorlariga chiqishi uchun innovatsion loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, “DIFC Innovation Hub” ko‘magida “Tumar Innovation Hub” doirasidagi birinchi tadbir — “Investor’s Day” tashkil etildi. Unda 10 ta mintaqaviy startap o‘z loyihalarini investorlar va korporatsiyalarga taqdim etdi. Taqdimot sessiyasida MENA mintaqasidagi venchur fondlari va yirik kompaniyalarning 20 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Natijada, 5 ta mintaqaviy startap hamkorlik va investitsiyalar bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun taklifnomalar oldi.

Yagona “Central Asian Innovation Hubs” brendi ostida IT Park Uzbekistan va “Astana Hub” qo‘shma stendi ham taqdim etildi. Unda “Geomotive”, “Gleon”, “BRB Tech”, “Delever”, “Fleetroot”, “IOKA”, “Finflow”, “eXpace”, “Alem” va “Qulla.ai” kabi startaplarning yechimlari namoyish etildi. Stend ko‘rgazmaning eng ko‘p tashrif buyurilgan maydonlaridan biriga aylanib, investorlar va xalqaro korporatsiyalar vakillarining e’tiborini tortdi.

IGNYTE Challenge finali: mintaqa startaplarining muvaffaqiyati

“DIFC Innovation Hub” bilan hamkorlik doirasida “GITEX Global” davomida “IGNYTE Challenge Demo Day” xalqaro tanlovining finali bo‘lib o‘tdi. Bu tanlov 400 dan ortiq loyihani moliyaviy inklyuziya va davlat xizmatlarida sun’iy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha birlashtirdi.

Beshta startap final bosqichiga chiqdi: “Ai On The Fly Technologies”, “Platma”, “Dhahaby”, “InvoiceMate” va “ConfirmU”. “Dhahaby” kompaniyasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. U aholining raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan moliyaviy inklyuziya sohasidagi innovatsion yechimni taqdim etdi.

Kompaniya O‘zbekistonda ofis ochish uchun “IGNYTE Platforms” tomonidan $10 000 miqdoridagi grantni qo‘lga kiritdi. Xalqaro startapning mamlakatda faoliyat boshlash niyati xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston innovatsion ekotizimiga qiziqishi tobora ortib borayotganining yana bir isboti bo‘ldi.

Xalqaro hamkorlikni kengaytirish

Dubayga uyushtirilgan xizmat safari doirasida bosh direktor Abdulaxad Kuchkarov rahbarligidagi IT Park delegatsiyasi xalqaro kompaniyalar va tashkilotlar bilan eksport salohiyatini rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va MENA mintaqasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator strategik uchrashuvlar o‘tkazdi.

IFZA Business Park: startaplarni qo‘llab-quvvatlash va IT-xizmatlar eksporti

IFZA kompaniyasining moliyaviy direktori Holger Schlechther va hamkorlik bo‘yicha rahbari Carla Naji bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar IT-xizmatlar eksporti, BAAdagi O‘zbekiston kompaniyalari filiallarini ochish va xalqaro miqyosda startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

2018-yilda tashkil etilgan IFZA BAAning eng yirik erkin iqtisodiy zonalaridan biri hisoblanib, kompaniyalarga moslashuvchan ro‘yxatdan o‘tish shartlari, soliq imtiyozlari va rivojlangan biznes infratuzilmasini taqdim etadi.

Dubai World Trade Centre (DWTC): mintaqaviy tashabbuslarni rivojlantirish

“GITEX” ko‘rgazmasi tashkilotchisi — “Dubai World Trade Centre” (DWTC) bilan olib borilgan muzokaralar 2026-yilga rejalashtirilgan “GITEX” va “GITEX Central Asia” loyihalarida IT Park Uzbekistan’ning ishtirok etishiga bag‘ishlandi. Tadbirlarni birgalikda o‘tkazish, O‘zbekiston IT-kompaniyalarining ishtirokini kengaytirish va xalqaro ko‘rgazmalarni tashkil etish sohasida tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston IT-ekotizimini global maydonda ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

DWTC — BAAning eng yirik ko‘rgazma tashkiloti bo‘lib, 1979-yilda tashkil etilgan. Markaz har yili “GITEX Global”, “Gulf Food” va “Arab Health” kabi yirik tadbirlarni o‘tkazib, dunyo bo‘ylab uch milliondan ortiq ishtirokchilarni birlashtiradi. Yaqin Sharqdagi faoliyatdan tashqari, DWTC global innovatsiyalar va texnologik hamkorlik markazi sifatida Osiyo va Afrika bozorlarida hamkorlikni faol rivojlantirmoqda.

LikeCard: O‘zbekistonda filial ochish va MDH bozoriga kirish

Tashrif davomida biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejer Anatoliy Trofimov rahbarligidagi “LikeCard” fintech kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvga alohida e’tibor qaratildi. Kompaniya O‘zbekistonda filial ochish niyatini tasdiqladi. Yangi ofis MDH mamlakatlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mintaqaviy markazga aylanadi. IT Park Uzbekistan, o‘z navbatida, kompaniyaga IT-mutaxassislarni tanlash, yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish va rezident maqomini olishda ko‘maklashadi.

LikeCard — 2016-yilda Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil etilgan yetakchi fintech kompaniyasi. Tashkilot elektron to‘lovlar va raqamli kartalar chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, foydalanuvchilar va biznes uchun onlayn tranzaksiyalar hamda raqamli ekotizimlar sohasida yechimlar taklif etadi. Kompaniya MENA mintaqasidagi o‘z faoliyatini faol kengaytirmoqda, O‘zbekistonda ofis ochilishi esa Markaziy Osiyo va MDH bozorlarida o‘z mavqeini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.

MiCZON: O‘zbekistonda ofis tashkil etish va autsorsing-ishlanmalar

“MiCZON” kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z filialini ochish va IT Park rezidenti maqomini olish niyatini tasdiqladi. Tomonlar autsorsing markazini ishga tushirish istiqbollarini muhokama qildilar. Ushbu markazda dasturchilar va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutaxassislar jamoasini shakllantirish rejalashtirilgan. Shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va IT-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

MiCZON — tizim integratsiyasi, korporativ yechimlar va bulutli xizmatlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan, aylanmasi 20 million dollardan ortiq va 250 nafarga yaqin xodimga ega xalqaro IT-kompaniya. Kompaniya Osiyo va Yaqin Sharq mintaqasida faol ish olib bormoqda, shuningdek, moliya, sanoat va davlat sektorlari uchun raqamlashtirish xizmatlarini taqdim etadi.

Zag Technology: FinTech va raqamli yechimlar sohasida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish

“Zag Technology” bilan o‘tkazilgan uchrashuvda kompaniyaning Toshkentda vakolatxonasini ochish va FinTech sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, bank sektori uchun mobil ilovalar va intellektual platformalarni ishlab chiqish rejalari muhokama qilindi. Kompaniya xalqaro mijozlar uchun yechimlarni yaratishda o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarini jalb etishga qiziqish bildirdi.

Zag Technology — yillik aylanmasi taxminan 10 million dollar bo‘lgan va 150 nafar xodimga ega texnologik kompaniya. Kompaniya moliyaviy institutlar, chakana savdo va logistika sohasi uchun raqamli yechimlarni yaratishga ixtisoslashgan bo‘lib, kiberxavfsizlik va biznes jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni joriy etadi.

Missan Global: faoliyatni kengaytirish va muhandislik markazini tashkil etish

“Missan Global” kompaniyasi ham O‘zbekistonda ofis ochish va IT Park rezidenti bo‘lish niyatini tasdiqladi. Muzokaralar doirasida tomonlar xalqaro mijozlar uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiqish hamda DevOps, QA va tizimli tahlil xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha muhandislik markazini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Missan Global — 12 million dollarlik aylanma va 200 nafardan ortiq xodimga ega bo‘lgan texnologik kompaniya. Tashkilot raqamli konsalting xizmatlarini taqdim etadi, elektron tijorat, moliyaviy texnologiyalar va ma’lumotlarni boshqarish sohasida korporativ yechimlar va platformalarni ishlab chiqadi.

Ace Management Concepts: biznes-konsalting sohasida investitsiyalar va autsorsing

“Ace Management Concepts” kompaniyasi O‘zbekistonda vakolatxona ochish va biznes jarayonlari autsorsingi hamda konsalting xizmatlari bilan bog‘liq investitsiya loyihalarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Tomonlar IT Park yurisdiksiyasining afzalliklarini — soliq imtiyozlari, ro‘yxatdan o‘tishning sodda shartlari va malakali kadrlarga ega bo‘lish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Ace Management Concepts — yillik aylanmasi taxminan 8 million dollar bo‘lgan va raqamli transformatsiya, moliyaviy boshqaruv hamda loyiha konsaltingi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi 100 nafar mutaxassisdan iborat xalqaro konsalting kompaniyasi. Kompaniya MENA mintaqasi va Janubiy Osiyodagi mijozlar bilan faol hamkorlik qilmoqda.

Cybertronics: innovatsiyalar markazi va kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik

“Cybertronics” kompaniyasi bilan uchrashuv kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va sanoat jarayonlarini avtomatlashtirish sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Kompaniya O‘zbekistonda tadqiqot va ishlanma loyihalariga yo‘naltirilgan innovatsiyalar markazini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Cybertronics — taxminan 15 million dollar aylanma va 180 nafar xodimga ega bo‘lgan xalqaro texnologik integrator. Kompaniya kiberxavfsizlik, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni joriy etishga ixtisoslashgan.

Yangi xalqaro hamkorliklar

Bundan tashqari, IT Park delegatsiyasi “Core42”, “Monty Capital”, “HUB71”, “HRSG”, “HLB Hamt”, “DXC Technology” va “StarzPlay” kompaniyalari bilan muzokaralar olib bordi. Tashkilot vakillari O‘zbekistonning IT-autsorsing markazi sifatidagi yuqori salohiyatini ta’kidlab, hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga qiziqish bildirdilar. Bulutli texnologiyalar, korporativ yechimlar, venchur investitsiyalari va ta’lim tashabbuslari sohasidagi hamkorlikning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlari muhokama qilindi.

  • Core42 — Abu-Dabidagi G42 guruhining sho‘ba korxonasi bo‘lib, sun’iy intellekt va bulutli hisoblash sohasida yetakchi hisoblanadi.
  • Monty Capital — MENA mintaqasidagi texnologik startaplarga venchur sarmoya kiritishga ixtisoslashgan investitsiya firmasi.
  • HUB71 — 200 dan ortiq startap va fondlarni o‘z ichiga olgan Abu-Dabining yetakchi innovatsion ekotizimi.
  • DXC Technology — 70 mamlakatda vakolatxonalarga ega global IT-provayder bo‘lib, korporativ IT va raqamli transformatsiyalar bo‘yicha yechimlar taqdim etadi.
  • StarzPlay — Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasidagi eng yirik striming platformalaridan biri.

Uchrashuvlar yakunida kompaniyalar O‘zbekistonning strategik afzalliklari — IT-sanoatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, rivojlangan infratuzilma va biznes yuritish uchun raqobatbardosh sharoitlarni ta’kidlab o‘tdilar. 5 ta kompaniya (MiCZON, Zag Technology, Missan Global, Ace Management Concepts va Cybertronics) allaqachon O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlash niyatini bildirdi, bu esa 300 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratadi va faoliyatning birinchi yilida qariyb 4 million dollarlik IT-xizmatlar eksportini ta’minlaydi.

Tashrif yakunlari

Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif natijalari IT Park Uzbekistan’ning xalqaro aloqalarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, rezident kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi. Erishilgan kelishuvlar MENA mintaqasi mamlakatlaridan investorlar va hamkorlarni jalb etish, IT-xizmatlar eksportini kengaytirish, qo‘shma akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro startaplarni O‘zbekiston ekotizimiga integratsiyalash uchun poydevor yaratdi.

Mazkur tashabbuslar mamlakatning mintaqaviy raqamli texnologiyalar markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlaydi, autsorsing salohiyatini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashadi va O‘zbekistonning global innovatsion xaritadagi ahamiyatini oshiradi.

2025-10-17