O‘zbekiston IT sohasida ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlamoqda

Oktyabr oyi boshida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi xalqaro marketing bo‘yicha direktor Jamila Xalibaeva rahbarligida “Moscow Startup Summit” tadbiriga tashrif buyurdi va yetakchi texnologiya kompaniyalari hamda rivojlanish institutlari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Tashrif O‘zbekistonning innovatsiyalar va IT sohasidagi xalqaro ishtirokini kengaytirish bo‘yicha strategik sa’y-harakatlarning bir qismi bo‘ldi. Safarning asosiy maqsadi nafaqat hamkorlikni rivojlantirish, balki O‘zbekistonni yosh kadrlar, rivojlanayotgan bozor va malakali mutaxassislar soni ortib borayotgan yangi texnologik maydoni sifatida targ‘ib qilishdan iborat edi.

“Moscow Startup Summit” 25 mamlakatdan 4000 dan ortiq ishtirokchini jamladi. Innovatsion yechimlar ko‘rgazmasida 60 ta startap ishtirok etdi, ularning 19 tasi xalqaro jamoalar edi. Tadbir yakuniga ko‘ra, investitsiya takliflari hajmi taxminan 1,2 milliard rublni tashkil etdi. 

Sammit doirasidagi “Startup Pitch” tanlovida O‘zbekistonni Shahzod Umirzoqov asos solgan “Tass Vision” startapi taqdim etdi. Loyiha finalchilarning pitch-sessiyasida ishtirok etgan mamlakatdan yagona vakil bo‘ldi. Kompyuter ko‘rish va sun’iy intellekt tahlili sohasida faoliyat yuritayotgan “Tass Vision”, shuningdek, Lotin Amerikasi va Janubiy Afrikadagi venchur fondlarining e’tiborini ham tortdi. “Tass Vision” startapining taqdimoti global startap maydonining bir qismiga aylanib borayotgan O‘zbekiston jamoalarining texnik tayyorgarligi va xalqaro maqsadlari o‘sib borayotganini ko‘rsatdi.

Sammitda ishtirok etishdan tashqari, IT Park delegatsiyasi O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va biznesni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan xalqaro kompaniya va tashkilotlar bilan bir qator muzokaralar olib bordi. Asosiy uchrashuvlar orasida “Sber”, “Skolkovo” innovatsion markazi, “МИТ” assotsiatsiyasi, shuningdek, bir qator yirik texnologik va raqamli agentliklar vakillari bilan muzokaralar bo‘ldi. Ko‘plab kompaniyalar mamlakatning raqobatbardosh ustunliklari — yuqori malakali IT-mutaxassislarning mavjudligi, kadrlarning ko‘p tillarni bilishi, shuningdek, sohaning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va rezidentlar uchun soliq imtiyozlari ta’kidladilar. 

“Sber” bilan uchrashuv chog‘ida “School 21” ta’lim loyihasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Ushbu loyihaning eng yirik filiallari allaqachon Toshkent va Samarqandda faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, tomonlar startaplar uchun akseleratsiya dasturini ishga tushirish va ikki mamlakat ekotizimlari o‘rtasida loyihalar almashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. “Sber “vakillari, jumladan, katta boshqaruvchi direktor Oleg Kapitanov va Mariya Polyakova O‘zbekiston IT-ekotizimining jadal rivojlanish sur’atini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Brand Analytics — ijtimoiy media va ommaviy axborot vositalarini monitoring qilish va tahlil etish bozorida yetakchi kompaniya bilan uchrashuvga alohida e’tibor qaratildi. Kompaniya allaqachon IT Park Uzbekistan rezidentiga aylangan va o‘z platformasini o‘zbek tilida ishga tushirmoqchi. Muzokaralar doirasida operatsion direktor Pavel Kirillov va marketing kommunikatsiyalari bo‘yicha direktor Vasiliy Chyorniy delegatsiya bilan Toshkentda media-tahlil sohasidagi kompetensiyalarni rivojlantirishga qaratilgan seminarlar o‘tkazishni muhokama qildilar.

“Skolkovo innovatsion markazining MDH mamlakatlari bilan hamkorlik departamenti direktori Aleksandr Okunev bilan uchrashuvda hamkorlikni mustahkamlash yo‘llari muhokama qilindi. E’tibor markazida “Country Entry” dasturi bo‘lib, u “Skolkovo” rezidentlariga IT Park ko‘magida O‘zbekiston bozoriga kirish, o‘zbekistonliklarga esa innovatsion markazning infratuzilmasi va imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beradi. “Skolkovo”da bugungi kunda 5000 dan ortiq rezident ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, kompaniyalarning umumiy aylanmasi 2025-yilda 720 milliard rublga yetgan.

IT Park delegatsiyasi, shuningdek, “МИТ” assotsiatsiyasi boshqaruv raisi Aleksey Shcheglov bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida tomonlar hamkorlik yo‘nalishlarini, jumladan, assotsiatsiyaga a’zo kompaniyalarning O‘zbekiston orqali xalqaro bozorlarga chiqishida ekspert ko‘magini ko‘rsatish va IT Park Uzbekistan rezidentlarining assotsiatsiyaning tegishli tadbirlarida ishtirok etishini kelishib oldilar.


 

O‘zbekistonda ofis ochish istagini bildirgan kompaniyalar orasida “Realweb agency”, “Andata”, “Ivery” va “Social Lab” mavjud. “RW+ xoldingi tarkibiga kiruvchi va Yevroosiyo reklama bozorining yetakchilaridan biri hisoblangan, yillik daromadi 156 million dollardan ortiq va 800 nafardan ziyod xodimga ega “Realweb” raqamli agentligi raqamli xizmatlar eksporti uchun O‘zbekistonda filial ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Shuningdek, to‘liq tahlil va reklamani sun’iy intellekt yordamida optimallashtirishga ixtisoslashgan “Andata” startapi ham O‘zbekistonda kompaniya ro‘yxatdan o‘tkazish niyatini bildirdi. “Ivery” to‘liq siklli marketing agentligi o‘zining raqamli va proptech loyihalarini mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Video va audio tahlil sohasida faoliyat yurituvchi hamda yirik mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi “Social Lab” kompaniyasi esa IT Park rezidenti bo‘lish va O‘zbekiston orqali mahsulotlarni MENA mamlakatlariga eksport qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Ushbu kompaniyalarning umumiy aylanmasi 295 million dollar deb baholanmoqda.

Ularning barchasi O‘zbekistonning yangi o‘sish markazi sifatidagi jozibadorligini ta’kidlaydi: biznes yuritish uchun qulay sharoitlar, texnoparklarning rivojlangan infratuzilmasi va yosh, g‘ayratli mutaxassislarning mavjudligi mamlakatni xalqaro IT-kompaniyalarni rivojlantirish uchun istiqbolli yo‘nalishga aylantirmoqda.

Xizmat safari hamkorlikni rivojlantirish, startaplar almashinuvi hamda qo‘shma ta’lim va investitsiya dasturlarini amalga oshirishga qaratilgan bir qator kelishuvlar bilan yakunlandi. O‘zbekiston uchun tashrif natijalari mamlakatning mintaqadagi eng tez rivojlanayotgan IT-hablardan biri sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlash va xalqaro biznesning milliy texnologik ekotizimga bo‘lgan qiziqishini oshirishni anglatadi. Inson kapitali, davlat imtiyozlari va global texnologik tarmoqlarga faol integratsiyalashuvning uyg‘unlashuvi tufayli O‘zbekiston asta-sekin Markaziy Yevroosiyoda raqamli loyihalarni kengaytirish uchun asosiy maydonga aylanib bormoqda.

2025-10-08