26-iyundan 5-iyulgacha Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda IT Park vakillari Koreyada KTPA (Korean TechnoParks Association) va KOICA (Korea International Cooperation Agency) tomonidan tashkil etilgan intensiv treningda ishtirok etdilar.
Trening nafaqat oʻquv dasturiga, balki Koreya texnoparklarining boshqaruv tizimi bilan tanishish hamda rejalashtirish va vazifalarni belgilashning koreys uslubini oʻzlashtirish imkoniyatiga aylandi. Bundan tashqari, trening doirasida delegatsiya Koreyaning yetakchi texnoparklari va AKT kompaniyalariga tashrif buyurdi.
Trening dasturi professorlar Li Jae-Xyun, Ko Su-Chan va doktor Kim Tae-Jin – raqamli texnologiyalar sohasidagi tajribali ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan. Ishtirokchilar O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyoti sohasda ilg‘or yechimlarni joriy etishga yordam beradigan qimmatli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
KOICA loyihasi delegatsiyaga Incheon Startup Park, Gyeongbuk Technopark, POSCO, Pohang Technopark, Chungnam Technopark, Pangyo Technovalley, D-Camp, NIPA, UNIDO ITPO Korea va Dain Leaders kabi joylarga tashrif buyurish imkonini berdi. Tashriflar nafaqat ushbu tashkilotlarning faoliyati bilan tanishish imkonini berdi, balki kelgusida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishga ham yordam berdi.
Mintaqaviy rivojlanish boʻyicha boshqaruvchi direktor Jang Sujin tomonidan taqdim etilgan National IT industry Promotion Agency (NIPA) Koreyaning IT kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb qilish va oʻzbek kompaniyalariga Koreyalik hamkorlarni topishda koʻmaklashishga qaratilgan qoʻshma loyihalarga qiziqish bildirdi. Bu ikkala mamlakatda ham tajriba almashish va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.
Koreyaning startap ekotizimida muhim rol o‘ynaydigan va 10 dan ortiq yakkashox startaplarini (IPOʼdan oldin qiymati 1 milliard AQSh dollaridan oshadigan startaplar) bozorga chiqargan D-Camp tashkiloti O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirishga qiziqish bildirdi. IT Park va “D-Camp” Oʻzbekiston startaplarining “Demo Days”da ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildilar, bu esa Koreyada moliyalashtirishni izlash imkoniyatini beradi.
“UNIDO ITPO Korea” rahbari Mengho Shin Koreya va O‘zbekiston IT bozorlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Ikkala tomon ham hamkorlik loyihasi ustida ish boshladi va bu O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot hamda innovatsiyalarni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochmoqda.
Shuningdek, IT Park hamkorlari – “Gyeongbuk Technopark” va “Dain Leaders” bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. “Gyeongbuk Technopark” prezidenti Ha In-Song hamda delegatsiya tashkilotlar oʻrtasidagi uzoq va mustahkam hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirishdi. Uchrashuv davomida keyingi loyihalar va qator tadbirlar, jumladan, “President Tech Award” tanlovida ishtirok etuvchi startaplar uchun Koreyalik mentorlar tomonidan vorkshop tashkil etish muhokama qilindi.
Koreyadagi IT Parkʼning hamkori “Dain Leaders” kompaniyasi O‘zbekistonda ta’lim dasturlarini o‘tkazish va IT mutaxassislarini yollashga qiziqish bildirdi. Ular dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, sunʼiy intellekt (AI) va Metaverse boʻyicha ixtisoslashgan hamda Koreya universitetlari va davlat tashkilotlariga texnik yordam koʻrsatadilar.
Turli texnoparklarga tashriflar delegatsiyaga ularning faoliyatini o‘rganish va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish imkonini berdi. “Incheon Startup Park” inkubatsiyadan to jahon bozorlariga chiqishgacha bo‘lgan startaplarni rivojlantirish tizimini taqdim etdi. “Pohang Technopark” va “Chungnam Technopark” texnoparklari rahbariyati delegatsiyaga ilmiy-tadqiqot markazlarini (R&D) tashkil etish masalalari boʻyicha tavsiyalar berdi. Koreya AKT sanoatini ifodalovchi innovatsion “Pangyo Technovalley” klasteri Koreyada ekotizimni rivojlantirish tajribasi bilan boʻlishdi va delegatsiyaga oʻz tajribasi asosida IT Parkʼni rivojlantirish boʻyicha maslahatlar berdi.
O‘zbekiston va Koreyaning raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorligi tajriba almashish hamda IT sohasini rivojlantirish uchun yangi istiqbol va imkoniyatlar ochmoqda. Texnoparklarga tashriflar va hamkorlar bilan uchrashuvlar xalqaro tajribani chuqurroq tushunishga yordam beradi hamda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
2023-07-17