O‘zbekiston Latviya bilan raqamlashtirish sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda

2023-yilning 6-iyul kuni “Digital Leadership Forum tadbiri doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park vakillari Latviya Respublikasining sobiq Prezidenti Raymonds Veyonis va Latviya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Reynis Troksha bilan uchrashdi.

Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy  maqsad - 7-8 iyul kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan va 20 dan ortiq xalqaro ekspertlar hamda dunyoning 300 dan ortiq kompaniya va tashkilotlari vakillarini birlashtirgan Digital Leadership Forum ning kun tartibi bo‘ldi.

Ushbu Forum ishtirokchilari turli sessiyalarda, xususan GovTech, EdTech, IT&BPO Outsourcing va Venchur sessiyalarida  tegishli masalalarni muhokama qiladilar.

Latviyaning sobiq prezidenti bilan uchrashuvda mehmonlarga forum haqida batafsil ma’lumot berildi. Tomonlar forum doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar, shuningdek, uning O‘zbekistonda IT-industriyasini rivojlantirishdagi ahamiyatini muhokama qildilar.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda raqamlashtirish va axborot texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Mehmonlar BPO va KPO xizmatlarini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishda hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv ishtirokchilari Digital Leadership Forum va shunga o‘xshash tadbirlar O‘zbekistonda IT sohasini yanada rivojlantirish va yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb etishda muhim qadam bo‘lishini alohida ta’kidladilar.

Shuningdek, O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Ikkala tomon ham axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va tajriba almashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Latviyaning sobiq prezidenti O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish uchun qulay sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhiti yaratilganini ta’kidladi. U Digital Leadership Forum xalqaro kompaniyalar va ekspertlarni O‘zbekistonga jalb etishda muvaffaqiyatli platformaga aylanishiga ishonch bildirdi.

2023-07-06