O‘zbekiston Osakada IT-salohiyatini namoyish etdi

2025-yil 12-may kuni Yaponiyaning Osaka shahrida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan ishtirokida “Uzbekistan Outsourcing Session” tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi investitsion va kadrlar salohiyatini namoyish etish hamda yapon texnologiya kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishdan iborat edi. Tadbirda Yaponiyaning 20 ta kompaniyasidan 30 nafardan ortiq vakil ishtirok etdi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov texnologiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi. U Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik ilg‘or yechimlar almashinuvi uchun yangi imkoniyatlar ochishi va ikki mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shishini qayd etdi.

IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova O‘zbekistonda IT-autsorsing salohiyati, mamlakatning yuqori malakali yosh IT-mutaxassislar zaxirasi va texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan dasturlarni taqdim etdi.

Sessiya doirasida vazirlik va IT Park vakillari IT sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, rivojlangan infratuzilma, soliq imtiyozlari, shuningdek, xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berishdi. IT-mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda Yaponiyaning 20 ta kompaniyasidan 30 dan ortiq vakil ishtirok etdi. Sessiya yakunida 15 dan ortiq kompaniya O‘zbekistonning IT-salohiyatini chuqurroq o‘rganish va hamkorlik o‘rnatish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.

“Uzbekistan Outsourcing Session” doirasida “Gainax Kyoto” animatsiya studiyasi asoschisi — 35 yildan ortiq vaqt mobaynida animatsiya sohasida faoliyat yuritib kelayotgan Takeda Yasuhiro bilan uchrashuv o‘tkazildi. U o‘z faoliyati davomida yapon animatsiya sanoatini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan va sohada ko‘plab mutaxassislarni yetishtirgan. Suhbat chog‘ida janob Takeda joriy hafta O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan “Game Fest”ga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini va u yerda o‘yinlar hamda animatsiya sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etishini ma’lum qildi.

Takeda Yasuhiro Yaponiya universitetlaridan birida ham dars beradi, u yerda O‘zbekistondan 20 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Muhokama doirasida vatanga qaytishni rejalashtirayotgan bitiruvchilarni O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgan yapon kompaniyalari faoliyatida ishtirok etishga rag‘batlantirish tashabbusi ilgari surildi. Bunday mutaxassislar Yaponiyada olgan ta’limi, til va madaniy xususiyatlarni bilishi tufayli ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynashi mumkin.

Tomonlar ushbu yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida animatsiya va raqamli kreativ sanoat sohasida kadrlar tayyorlash va tajriba almashishga kelishib oldilar.

Osakada bo‘lib o‘tgan “Uzbekistan Outsourcing Session” xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekistonni autsorsing hamda yuqori texnologiyalar sohasida ishonchli hamkor sifatida ilgari surish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi. IT Park Uzbekistan Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan strategik hamkorlar va investorlarni jalb qilish bo‘yicha tashabbuslarni rivojlantirishda davom etadi.

2025-05-13