Joriy yilning 5-noyabr kuni O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo’yicha direktori Mahliyo Muksinova “Istanbul Financial Center” (IFC) bosh direktori Axmet Ehsan Erdem bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi O‘zbekistonda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish uchun raqamli texnologiyalar va fintex (moliyaviy texnologiyalar) sohasidagi xalqaro standartlarni moslashtirish masalasini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tomonlar “IFC”ning xalqaro hamkorlik, mutaxassislarni tayyorlash va boshqa davlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish borasidagi tajribasini ko‘rib chiqdilar. Ishtirokchilar O‘zbekistonning xalqaro moliya maydonidagi o‘rnini mustahkamlash va uni mintaqaviy IT-habga aylantirish ahamiyatini ta’kidladilar, bu esa rivojlanish uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga hissa qo‘shadi.
“IFC” vakillari “Enterprise Uzbekistan” Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi loyihasini rivojlantirishga qiziqish bildirdilar va atroflicha o‘rganish maqsadida unga tashrif buyurishni rejalashtirmoqdalar. Tashrif yakunida loyihani birgalikda rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolash imkoniyati ko‘rib chiqiladi. Sheriklik doirasida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi, “IFC”ning davlat tashkilotlari bilan hamkorlik mexanizmlari sohasida tajriba almashish, shuningdek, ularning xalqaro moliya bozorlarida ishlash tajribasini o‘rganish ko‘zda tutiladi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va xalqaro hamkorlar o‘rtasida raqamli texnologiyalar va fintex sohasidagi sheriklikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib, mamlakatning yanada iqtisodiy taraqqiy topishi va innovatsion rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratdi.
2024-11-07