O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Mastercard bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

Turkiyada O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT Park Uzbekistan Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova hamda “Mastercard” Markaziy Osiyo ofisi prezidenti Yasemin Bedir o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarning asosiy maqsadi O‘zbekiston raqamli texnologiyalar bozorining jozibadorligini oshirish va xalqaro sarmoyalarni jalb etishga qaratilgan Xalqaro raqamli texnologiyalar markazini yaratishda hamkorlikni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv chog‘ida to‘lovlarni raqamlashtirish, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, naqd pulsiz iqtisodiyotga o‘tish va mamlakatda barqaror to‘lov tizimini shakllantirish kabi asosiy yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi. Startaplarni rivojlantirish ham muhim masala sifatida ko‘tarildi: tomonlar O‘zbekistonlik startaplar uchun qo‘shma inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini ishga tushirish imkoniyatini ko‘rib chiqdilar.

IT Park Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova startaplarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro bozorlarga chiqishi muhimligini ta’kidlab, raqamli texnologiyalar sohasida eksport xizmatlarini rivojlantirish istiqbollarini taqdim etdi.

“Mastercard” vakillari boshqa mamlakatlarda raqamli texnologiyalarni joriy etishning muvaffaqiyatli tajribalari bilan o‘rtoqlashib, mintaqalarning iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shgan loyihalar haqida ma’lumot berdilar. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni mahalliy IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni global texnologik bozorlar bilan integratsiyalashga qaratilgan tashabbuslarni namoyish etdi.

Uchrashuv O‘zbekiston va “Mastercard” o‘rtasida raqamli innovatsiyalar va moliyaviy texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Qo‘shma tashabbuslar fintex (moliyaviy texnologiyalar) sanoatini rivojlantirishga turtki bo‘lishi, startap ekotizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashi va mamlakatda biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratishi kutilmoqda.

2024-11-06