O‘zbekiston raqamli yetakchilik yo‘lida: IT Park va “Ernst & Young” kompaniyasi “Enterprise Uzbekistan”ni rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzoladi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va bosh direktor Farhod Ibragimov boshchiligidagi IT Park vakillari “Ernst & Young” kompaniyasi bilan uchrashuv oʻtkazdilar va unda “Enterprise Uzbekistan” Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini birgalikda rivojlantirish toʻgʻrisida kelishuv imzolandi. Mazkur tadbir Oʻzbekistonni IT-ishlab chiqish va autsorsing markaziga aylantirish yoʻlidagi eng istiqbolli loyihalardan birini amalga oshirish sari qoʻyilgan muhim qadamdir.

“Enterprise Uzbekistan” Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi — bu IT Park majmuasi hududidagi maxsus huquqiy rejim boʻlib, raqamli sohada innovatsiyalar, xizmatlar, korporativ mahsulotlarni ishlab chiqish va sinovdan oʻtkazish boʻyicha IT sohasi uchun tartibga solish qumdonini oʻz ichiga oladi.

“Enterprise Uzbekistan” hududida dunyoga mashhur texnologik gigantlar soliq va bojxona, mehnat munosabatlari, bank-moliya faoliyati, intellektual mulk va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish sohasidagi alohida shartlarga tayangan holda faoliyat yuritishlari mumkin boʻladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va “Ernst & Young” kompaniyasi oʻrtasidagi uchrashuvdan koʻzlangan maqsad “Enterprise Uzbekistan” loyihasini yanada rivojlantirish rejalarini muhokama qilishdan iborat edi. “Ernst & Young” kompaniyasi mutaxassislari “Enterprise Uzbekistan” markazi faoliyati doirasida maxsus huquqiy rejimni ishlab chiqish, joriy etish va qoʻllab-quvvatlashda ishtirok etishadi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning taʼkidlashicha, “Ernst & Young” kompaniyasining uzoq yillik va keng qamrovli tajribasi “Enterprise Uzbekistan”ni yuqori darajada ishga tushirish va rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga yordam beradi. “Enterprise Uzbekistan” markazining ishga tushirilishi biznes va mamlakat IT-sanoatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib, Oʻzbekistonga dunyoning ilgʻor mamlakatlari qatoriga kirish imkonini beradi, shuningdek, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.

2024-07-05