O‘zbekiston Saudiya Arabistonida IT-ekotizimi va startaplarini taqdim etdi

Saudiya Arabistoniga uyushtirilgan tashrif doirasida axborot texnologiyalari, innovatsiyalar va startaplar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator muhim tadbirlar o‘tkazildi. Tashrif O‘zbekiston elchixonasi va Jahon banki ko‘magida tashkil etilgan “UOC Saudi Arabia” konferensiyasi, shuningdek, IT Park Uzbekistan yordamida o‘tkazilgan eng yirik “Biban 2025” startap forumida ishtirok etishni o‘z ichiga oldi. Tadbirlar O‘zbekiston IT-ekotizimini ilgari surish, startaplarni taqdim etish va Saudiya Arabistonining yetakchi texnologik hamda investitsiya tuzilmalari bilan strategik hamkorlik o‘rnatish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

UOC Saudi Arabia

Konferensiyada IT va BPO-kompaniyalari, venchur fondlari, startap studiyalari, xususiy investorlar va tadbirkorlar vakillari ishtirok etdi. Mintaqaning turli tashkilotlari va mamlakatlaridan tashrif buyurgan mehmonlarning umumiy soni 100 nafardan oshdi.

O‘zbekiston nomidan IT Park Uzbekistan delegatsiyasi, shuningdek, Elchixona xodimlari — Birinchi kotib Mirzohid Eshonqulov va Bosh konsul Azimjon Kabuljonov ishtirok etdilar. Ular raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, O‘zbekiston bugungi kunda jadal sur’atlar bilan Markaziy Osiyoning mintaqaviy IT-markazlaridan biriga aylanib borayotganini qayd etdilar.

Konferensiya doirasida Saudiya Arabistonining yirik texnologik va investitsion tashkilotlari vakillari ham so‘zga chiqishdi. Ular orasida “DataVolt” kompaniyasining biznesni rivojlantirish va manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik bo‘yicha direktori Abdulaziz Al-Benyan, “Monsha’at” agentligining korxonalarni rivojlantirish bo‘yicha bosh direktori Abdurahmon Alsmail, hamda “Harv3st” venchur studiyasi asoschisi va bosh direktori Muhammad Saad Ali bor edi.

Spikerlar o‘z ma’ruzalarida Qirollikdagi raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalarning rivojlanishi haqida so‘zlab, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishda IT-kompaniyalar va startaplarning tobora ortib borayotgan ahamiyatini ta’kidladilar. Ular infratuzilmaga zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni joriy etish tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar. O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratib, IT, BPO va raqamli tadbirkorlik sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga tayyorliklarini bildirdilar.

O‘z navbatida, IT Park Uzbekistan vakillari O‘zbekiston IT-ekotizimining jadal rivojlanishi, texnologik kompaniyalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari, IT-xizmatlar eksportini rag‘batlantirish dasturlari, shuningdek, investorlar va xalqaro hamkorlar uchun mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berdilar. O‘zbekiston IT-autsorsing va BPO sohasini faol rivojlantirayotgani, xorijiy kompaniyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratayotgani ta’kidlandi. Bu imkoniyatlar qatoriga soliq imtiyozlari, malakali kadrlar tayyorlash va zamonaviy raqamli infratuzilmani rivojlantirish kabi yo‘nalishlar kiradi.

O‘zbek startaplari pitchingi

Konferensiyaning asosiy voqealaridan biri IT Park Uzbekistan ko‘magida tashkil etilgan o‘zbek startaplari pitchingi bo‘ldi. Tadbirda O‘zbekistonning istiqbolli jamoalari o‘z startaplarini Saudiya Arabistonining investorlari, venchur fondlari va texnologiya kompaniyalari vakillariga taqdim etdilar.

Pitchingda texnologiya bozorining turli yo‘nalishlarini ifodalovchi bir nechta o‘zbekistonlik startaplar ishtirok etdi. Ularning har biri o‘z yechimini taqdim etib, xalqaro darajaga chiqish salohiyati haqida so‘zladi. Taqdim etilgan loyihalar orasida quyidagilar bor edi:

Fonus Kids — bolalar uchun maxsus ishlab chiqilgan ta’lim texnologiyalari platformasi. U faqat puxta saralangan kontentni taklif qiladi — multfilmlar, o‘quv videolari, interaktiv topshiriqlar va bolaning yoshiga mos keladigan audio materiallar. Konferensiyada loyihani asoschisi va bosh direktori Muzaffarbek Zairov hamda hammuassisi va operatsion direktori Diyorbek Tavakkalov taqdim etdi.

MULK Protocol — real aktivlarni tokenlashtirish uchun shariat tamoyillariga muvofiq ishlab chiqilgan fintech yechim. U kompaniyalarga xalqaro investitsiyalarni jalb qilish va bitimlarning shaffofligini oshirish imkonini beradi. Startapni loyiha asoschisi va bosh direktori Hayotjon Azimov taqdim etdi.

GoRent — kovorking va ofis maydonlarini moslashuvchan obuna modeli bilan yagona ekotizimga birlashtirgan ko‘chmas proptech-platformasi. Loyihani bosh direktor Furqat Ubaydullayev taqdim etdi.

Taqdimotlardan so‘ng ishtirokchilar aloqa ma’lumotlarini almashish, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorliklarini bildirish imkonini beruvchi netvorking kechki ovqati bo‘lib o‘tdi.

Hamkorlar bilan muzokaralar va uchrashuvlar

Tashrif doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Saudiya Arabistonining texnologik va venchur bozorining yetakchi vakillari bilan qo‘shma loyihalar va investitsion hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator muzokaralar olib bordi.

Flow Ventures: O‘zbek startaplarini Saudiya Arabistoni bozorida qo‘llab-quvvatlash

IT Park delegatsiyasi “Flow Ventures” kompaniyasi asoschisi Raakan Tashkandi bilan uchrashdi. Tomonlar sheriklik istiqbollari va hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Kompaniya o‘zbek startaplarini Saudiya Arabistoni bozoriga kirishda qo‘llab-quvvatlash, ularga aloqalar o‘rnatish, ofislar ochish va investorlar topishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Flow Ventures — texnologik startaplarni tezlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish va Yaqin Sharqdagi loyihalarni kengaytirishga ixtisoslashgan Saudiya Arabistoni venchur kompaniyasi. Kompaniya MENA va Osiyo hamkorlari bilan faol ish olib borib, xalqaro texnologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Savvy Games Group: o‘yin industriyasini rivojlantirish va tajriba almashish

Shuningdek, mintaqadagi eng yirik o‘yin kompaniyalaridan biri — “Savvy Games Group” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda biznesni xalqaro rivojlantirish bo‘yicha maslahatchi Jan Chakkur ishtirok etdi.

Saudiya Arabistoni tomoni O‘zbekistonda o‘yin-dasturlash sanoatini rivojlantirishga qiziqish bildirdi, mahalliy studiyalarning salohiyati va yosh dasturchilar jamoasining tobora o‘sib borayotganini alohida ta’kidladi.

Kompaniya vakillari mahalliy studiyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mamlakatdagi iqtidorli mutaxassislarni xalqaro loyihalarga jalb etish maqsadida 2026-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatida ekanliklarini ma’lum qilishdi.

Savvy Games Group — “Saudi Public Investment Fund” (PIF) tarkibiga kiruvchi davlat xolding kompaniyasi. U Saudiya Arabistoni iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish strategiyasini amalga oshirish doirasida o‘yin sanoati, kibersport va texnologik platformalarni rivojlantirishga sarmoya kiritadi.

Orbit Ventures: qo‘shma investitsiyalar va startaplarni tezlashtirish

IT Park Uzbekistan vakillari, shuningdek, “Orbit Ventures” venchur fondi vakillari — hamkor va operatsion direktor Ching Ping Lin hamda boshqaruvchi hamkor Uilyam Bao Bin bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

Tomonlar o‘zbek startaplariga qo‘shma sarmoya kiritish istiqbollari hamda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida ikki tomonlama loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Jamg‘arma vakillari O‘zbekiston texnologik ekotizimini rivojlantirishga sarmoya kiritishga tayyor ekanliklarini bildirish билан birga, IT Park tadbirlarida ishtirok etishga qiziqish ham bildirdilar.

Dekabr oyi boshida Ching Ping Lin O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda, tashrif doirasida IT Park bilan hamkorlikda o‘zbek startaplari uchun Demo Day tashkil etiladi.

Orbit Ventures — sun’iy intellekt, fintech va raqamli xizmatlar sohasidagi dastlabki bosqichdagi startaplarga sarmoya kirituvchi xalqaro venchur fondi. Fondning bosh qarorgohi Singapurda joylashgan bo‘lib, Yaqin Sharq va Osiyoda vakolatxonalari mavjud.

Monsha’at: hamkorlikni kengaytirish va IT Park vakolatxonasini tashkil etish

“Monsha’at” agentligi gubernatorining korxonalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Rayyan bin Ibrohim Alfayiz bilan uchrashuvga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuvda hamkorlikni davom ettirish va yangi Memorandum imzolash, shuningdek, Saudiya Arabistonida IT Park Uzbekistan vakolatxonasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Saudiya Arabistoni tomoni o‘zbek IT-kompaniyalarining Qirollik bozoriga kirishini qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdorligini ta’kidlab, ofisni tashkil etish va vakolatxonaning mahalliy rahbarini tanlashda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Monsha’at (Saudi SME Authority) — Saudiya Arabistonida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun mas’ul davlat agentligi. Tashkilot akseleratsiya dasturlari, grant yordami va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni amalga oshiradi.

Antler: startaplarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek loyihalarining GCC bozoriga kirishi

Startaplarni dastlabki bosqichda qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan “Antler” xalqaro venchur kompaniyasi vakillari билан uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda “Antler” kompaniyasining Saudiya Arabistoni bo‘yicha boshqaruvchi direktori Xalax Al-Jubayr ishtirok etdi.

Saudiya tomoni O‘zbekiston startap ekotizimi bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirib, hamkorlikning ikki yo‘nalishini taklif etdi: Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozoriga chiqish dasturi hamda o‘zbekistonlik asoschilarga yo‘naltirilgan izlash va tanlash tashabbusi.

Antler — 2017-yilda Singapurda tashkil etilgan global venchur kapital kompaniyasi va startap-generatori. Bugungi kunda u 30 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritib, 900 dan ortiq startapga sarmoya kiritgan. Ar-Riyod va Dubayda joylashgan “Antler MENAP” mintaqaviy bo‘linmasi Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Pokistonda innovatsion loyihalarni rivojlantirib, yosh kompaniyalarning o‘sishiga va xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashadi.

O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi Elchixonasi bilan uchrashuv

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov va savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha konsul Islom Madaminov bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar O‘zbekistondagi loyihalarga qiziqish bildirgan “DataVolt” kompaniyasi bilan ehtimoliy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Elchixona IT Park tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga va Saudiya Arabistoni tashkilotlari hamda investorlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Biban forumida ishtirok etish

Tashrif doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi eng yirik “Biban 2025” forumida milliy startap ekotizimini taqdim etdi. IT Park stendida 10 ta o‘zbek startapi namoyish etildi: Fonus Kids, Dataprizma, KPI.com, Uysot, Growz, Linko, Mulk Protocol, GoRent, D-Clinics, Smartcast.

Loyihalar investorlar oldida taqdimotlar o‘tkazdi, o‘z g‘oyalarini namoyish etdi va venchur fondlari hamda biznes hamkorlari tomonidan keng qiziqish uyg‘otdi. Forum yangi aloqalar o‘rnatish va o‘zbek startaplarining Saudiya Arabistoni bozoridagi mavqeini kengaytirish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.

Biban — Saudiya Arabistoni Qirolligining kichik va o‘rta biznes, startaplar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan asosiy yillik forumi. Tadbir “Monsha’at” (Saudi SME Authority) agentligi homiyligida o‘tkaziladi va tadbirkorlar, investorlar hamda davlat institutlari o‘rtasidagi hamkorlik uchun mintaqadagi eng yirik platforma hisoblanadi.

Tashrif yakunlari

IT Park Uzbekiston’ning Saudiya Arabistonidagi UOC konferensiyasida ishtirok etishi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va Yaqin Sharqda O‘zbekiston IT-ekotizimini ilgari surish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. “Orbit Ventures”, “Flow Ventures”, “Monsha’at” va “Savvy Games Group” bilan erishilgan sheriklik kelishuvlari investitsiyalarni jalb qilish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonning mintaqaviy raqamli texnologiyalar markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

2025-11-13