7-fevral kuni Koreya Respublikasi delegatsiyasi IT Park binosiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad — Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasida BPO va taʼlim sohalarida hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Delegatsiya tarkibida Strategik biznes departamenti bosh direktori Yu Sang Xun, Inha universiteti tadqiqot va biznes jamgʻarmasi prezidenti Kim Ju Xen, Inha universiteti global taʼlim boʻyicha dekan oʻrinbosari Shim Sang In, Inha universiteti startap fondi rahbari Park Chung Yon, Hanjin Information Systems & Telecommunication (HIST) strategik biznes boʻlimi vitse-prezidenti Kim Munkyum, HIST strategik biznes boʻlimi bosh direktori Ryu Shin qatnashdilar.
Mehmonlarni IT Park direksiyasi rahbari Farhod Ibragimov, direktorning birinchi o'rinbosari Abdulaxad Kuchkarovraqamli, taʼlim boʻyicha direktor oʻrinbosari Mahliyo Muksinova, Xalqaro boʻlim boshligʻi Nigora Mirjalilova va Startap ekotizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jahongir Kagirovlar kutib oldi.
Uchrashuv davomida Koreya delegatsiyasi IT-Park faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, jumladan, rezidentlik dasturi, axborot texnologiyalari va BPO markazlari faoliyati, taʼlim dasturlari bilan tanishib chiqdi.
Mehmonlar Oʻzbekiston hukumatining IT-autsorsingni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholab, bunda BPO muhim rol oʻynashini qayd etdilar. Uchrashuvda Koreyaning BPO kompaniyalarini jalb etish va eksport hajmini oshirish maqsadida bir qancha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, muloqot ishtirokchilari IT-taʼlim sohasida qoʻshma loyihalarni tashkil etish, xususan, Koreyadan taklif etilgan mutaxassislar bilan oʻquv kurslarini oʻtkazish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma loyihalar yaratishni davom ettirishga kelishib oldilar.
Maʼlumot uchun, Hanjin Information Systems & Telecommunication (HIST)- 1989-yilda tashkil etilgan boʻlib, maʼlumotlarni qayta ishlash tizimlariga ixtisoslashgan dasturiy taʼminot kompaniyasi hisoblanadi.
2023-02-10