O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga rasmiy tashrifi doirasida 2025-yil 4–5-fevral kunlari O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park va Malayziya raqamli iqtisodiyot korporatsiyasi (MDEC) o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin kelajakda ikki mamlakatda raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib oldilar va Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston-Malayziya savdo missiyasiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildilar.
Bu nima uchun muhim?
1996-yilda tashkil etilgan Malayziya raqamli iqtisodiyot korporatsiyasi (MDEC) Malayziya Raqamli texnologiyalar vazirligi qoshidagi hukumat agentligi bo‘lib, mamlakatning raqamli iqtisodiyotini ilgari surish va rivojlantirish uchun mas’uldir. “MSC Malaysia” tashabbusi boshlanganidan beri korporatsiya sohaning raqamli transformatsiyasi va rivojlanishiga faol hissa qo‘shib kelmoqda. O‘sish va qayta investitsiyalash uchun muhim rag‘batlar va samarali boshqaruvni taklif qilish orqali “MDEC” Malayziyaning ASEAN mamlakatlarining raqamli markazi sifatidagi maqomini mustahkamlashga intiladi, bu esa yangi imkoniyatlar taqdim etadi va barcha malayziyaliklar uchun umumiy farovonlikni ta’minlaydi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasiga Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos boshchilik qildi. Uning tarkibiga Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Bobur Xo‘jamov, IT Park Uzbekistan’ning Malayziyadagi elchisi Metyu Barsing, IT Park’ning Sirdaryo viloyatidagi rahbari Oybek Anvarov va IT Park’ning Osiyo bo‘linmasi bosh menejeri Janat Pak ham kirdi.
“MDEC” tomonidan muzokaralarga bosh direktor Anuar Fariz Fazil boshchilik qildi. Tomonlar ikki mamlakatning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish sohasidagi salohiyatli hamkorlikni muhokama qilib, Malayziya va O‘zbekiston biznes uchun yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qiluvchi IT-kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratdilar.
Muzokaralar yakunida hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilgan bo‘lib, uning doirasida tomonlar Malayziya kompaniyalariga O‘zbekiston bozoriga kirishga va mamlakatimizdan global miqyosda o‘z biznesini kengaytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, hamkorlik IT-jarayonlarni IT Park Uzbekistan rezidentlariga autsorsingga topshirishni nazarda tutadi. Kelishuv doirasida O‘zbekistonning ishbilarmonlik muhiti bilan tanishish uchun qo‘shma tadbirlar tashkil etish, Malayziyaning ITes kompaniyalari ofislarini ochishga ko‘maklashish, shuningdek, startaplar va innovatsion korxonalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan. Ushbu hamkorlik O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga, shuningdek, ikki mamlakat IT-ekotizimlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Kelgusidagi hamkorlik doirasida Anuar Fariz Fazilning O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan.
Ushbu hamkorlik IT Park rezidentlari uchun yangi ufqlarni ochib, ASEAN mamlakatlarining IT-sohasi vakillari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini taqdim etadi, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish va O‘zbekistonda innovatsion loyihalarni rivojlantirishga yordam beradi. O‘z navbatida, bu mahalliy mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratadi va O‘zbekistonning jahon raqamli maydonidagi mavqeini mustahkamlaydi.
2025-02-05