Toshkentda o‘tkazilgan “ICT Week Uzbekistan 2025” doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov Qatarning yetakchi venchur fondlari, akseleratorlari va biznes farishtalaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar, investorlar va startaplar bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar, shuningdek, qo‘shma investitsiyalar, akseleratsiya dasturlari va biznes farishta amaliyotlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Delegatsiya tarkibiga quyidagilar kirdi: Atypical Ventures — fintech va SaaS sohalariga sarmoya kirituvchi global investitsiya platformasi; Alchemist Qatar — Silikon vodiysidagi yetakchi akseleratorlardan birining bir qismi; Rasmal Ventures — MENA mintaqasiga e’tibor qaratgan Qatar venchur fondi; Golden Gate Ventures — boshqaruvidagi aktivlar 250 million dollardan ortiq bo‘lgan xalqaro fond; Doha Tech Angels — Qatarning birinchi farishta investorlar guruhi; European Business Angels Network — Yevropaning eng yirik biznes farishtalari uyushmasi.
“Doha Tech Angels” bilan hamkorlikda O‘zbekistonda “Business Angel School” loyihasini tashkil etish tashabbusi alohida qiziqish uyg‘otdi. Ushbu ta’lim formati mamlakatning professional farishta investorlarini tayyorlash va startap-investitsiyalarni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan.
Tashrif yakunida tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va qo‘shma investitsiya tashabbuslarini amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini izhor etdilar. Bunday qadam O‘zbekistonning xalqaro venchur hamjamiyatiga qo‘shilishi va Markaziy Osiyodagi yangi innovatsiyalar markazi sifatidagi maqomini mustahkamlash yo‘lidagi muhim bosqich bo‘ladi.
2025-10-03