27-iyun kuni IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Xitoyga tashrifi doirasida Xitoyning eng yirik multimedia kompaniyalarini birlashtiruvchi “Shanghai Multimedia Industry Association” bilan muzokaralar olib bordi.
“Shanghai Multimedia Industry Association” — multimedianing barcha tarmoqlari: kinematografiya, televideniye, animatsiya va multiplikatsiya, oʻyin sanoati va boshqa koʻplab sohalardan 500 dan ortiq korxonalarni oʻz ichiga olgan notijorat tashkilot. “SMIA” bir nechta boʻlinmalarga ega, ular qatoriga Shanghai Game Developers Association (SGDA), the Shanghai Multimedia Exhibition Committee (SMEC) and Shanghai Digital Media Outsourcing Alliance (SDMOA) kiradi.
“SMIA” bilan oʻtkazilgan uchrashuvda IT Park vakillari tashkilot rahbarlariga jadal o‘sib borayotgan O‘zbekiston bozorini taqdim etib, mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti va raqamli sanoatning izchil rivojlanishini taʼminlovchi noyob ishbilarmonlik muhiti haqida ma’lumot berishdi. “SMIA” vakillari mamlakatning autsorsing salohiyatini roʻyobga chiqarish maqsadida qabul qilingan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturlariga qiziqish bildirdilar.
Bundan tashqari, koʻplab yosh ijodkorlar, animatorlar, rejissyorlar va operatorlarga ega bo‘lgan Oʻzbekistonning inson kapitaliga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻtkazilgan uchrashuv multimedia sanoatida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, shuningdek, Xitoy kompaniyalarining Oʻzbekiston kreativ sektoridagi ishtirokini oshirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bundan tashqari, tajriba va ilgʻor texnologiyalar almashinuvi nafaqat Oʻzbekistonning global bozordagi mavqeyini mustahkamlaydi, balki mahalliy mutaxassislarning malakasini sezilarli darajada oshiradi.
2024-06-28