13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining Kongress-zalida IT sohasidagi hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya forumi o‘tkazildi. Tadbir tez rivojlanayotgan raqamli muhitda hamkorlik istiqbollari, bilim almashish va investitsiyalarni muhokama qilish uchun O‘zbekiston va Yaponiyaning IT-sanoati yetakchi rahbarlari, investorlari va ekspertlarini bir joyga to‘pladi. Tadbir ishtirokchilari orasida “IB-SYSTEM”, “Marubeni Corporation”, “Symphodia Phil Co. Ltd”, “Mynavi Corporation” va boshqa kompaniyalar vakillari bor edi.
Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Sakurai Akihiro tabrik so‘zi bilan chiqish qilib, O‘zbekiston va Yaponiya IT sohasida hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyatga ega ekanligini va bugungi tadbir uni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadam ekanligini ta’kidladi.
“JETRO Tashkent” bosh direktori janob Yuta Ichinosening aytishicha, O‘zbekiston-Yaponiya forumi ikki mamlakat o‘rtasida IT sohasidagi samarali hamkorlik uchun ajoyib maydon bo‘ladi:
“Biz mamlakatlarimizning innovatsiyalar va texnologiyalarni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirishda katta istiqbollarni ko‘rmoqdamiz.”
IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov quyidagilarni ta’kidladi:
“Qo‘shma loyihalar va tajriba almashish O‘zbekiston va Yaponiyaga global IT-bozordagi o‘z mavqeyini mustahkamlash imkonini beradi. Yaponiya bizning asosiy hamkorimiz va biz yapon kompaniyalarining muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarni ta’minlashga tayyormiz.
Hamkorlik dinamikasi ushbu salohiyatni tasdiqlaydi: 2023-yilda IT Parkda atigi bitta yaponiyalik rezident bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yil oxiriga kelib ularning soni 10 taga yetdi, ulardan uchtasi IT-xizmatlarni eksport qilmoqda. Bundan tashqari, 2024-yilda IT Parkning beshta rezident kompaniyasi Yaponiyaga o‘z xizmatlarini eksport qilishni boshladi. Bu o‘sish qo‘shma tashabbuslarga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.”
Forumning asosiy mavzulari:
Forum doirasida Yaponiya va O‘zbekiston IT-kompaniyalarining taqdimotlari, shuningdek, ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishga yordam beradigan B2B-uchrashuvlar va netvorking sessiyalari o‘tkazildi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston va Yaponiyaning axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalar va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar ochish istagini namoyon etdi.
IT sohasidagi hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya forumi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalarni birgalikda rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Tadbir yakunida Yaponiyaning 3 ta kompaniyasi yangi mamlakatlarda biznesni rivojlantirish uchun O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochishga qiziqish bildirdi.
2025-02-14