O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va mamlakatning global texnologik markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlash yo‘lini davom ettirmoqda. Yangi qaror doirasida IT-kompaniyalar xalqaro bozorlarga chiqish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va biznesni kengaytirish uchun yanada keng imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan qarorning asosiy qoidalari va sohaning dolzarb vazifalarini muhokama qilish uchun IT Park Uzbekistan rezidentlari bilan strategik uchrashuvlar o‘tkazildi.
Yangi qo‘llab-quvvatlash choralari: eksport, infratuzilma va iste’dodlarga e’tibor
Prezident tomonidan tasdiqlangan qaror ham boshlang‘ich startaplarni, ham eksportga yo‘naltirilgan yetuk kompaniyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Xususan, 2025-yil 1-noyabrdan boshlab “Raqamli startaplar” dasturi ishtirokchilari va fintech-sandbox’lar kiberxavfsizlik standartlariga rioya qilgan holda bir yil davomida “Elektron hukumat” platformasining raqamli xizmatlaridan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
2026-yil 1-yanvardan boshlab xorijiy bozorlar bilan ishlaydigan IT-kompaniyalar 100 million foydalanuvchi auditoriyasiga ega global platformalarda korporativ obunalar va onlayn reklama uchun to‘lovlarni eksport tushumlari doirasida va yiliga 500 ming dollargacha limit bilan amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. SaaS-platformalar uchun soddalashtirilgan tartib joriy etilmoqda: ommaviy oferta bo‘yicha to‘lovni amalga oshirish mumkin, yirik shartnomalar bundan mustasno bo‘lib, “E-contract” tizimida bitimlarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish shart emas.
“Zero Risk” dasturi kengaytirildi: endi rezidentlar nafaqat davlat binolarida, balki xususiy binolarda ham ofislarni ijaraga olishlari mumkin — xarajatlar 12 oygacha qoplanadi. Bunday qaror, ayniqsa, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston uchun juda dolzarbdir. Bundan tashqari, “Aloqabank” bilan hamkorlikda xorijiy mutaxassislar uchun ipoteka krediti mexanizmi ishga tushirildi, shuningdek, bank xizmatlaridan foydalanish soddalashtirildi — boshqa mamlakatlardan kelgan mutaxassislar O‘zbekiston konsulliklari orqali JShShIRni rasmiylashtirib, masofadan turib hisob raqamlarini ochishlari va virtual kartalarni olishlari mumkin.
Rezidentlar bilan uchrashuvlar: kelajak va o‘sish vositalari haqida muloqot
IT Park Uzbekistan’da rivojlanishning yangi chora-tadbirlari va ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish uchun rezident kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirlarda Prezident Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt departamenti rahbari Bobur Xodjayev, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, vazirning birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, shuningdek, IT Park rahbariyati — bosh direktor Abdulaxad Kuchkarov, biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Jahongir Radjabov va xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova ishtirok etdilar.
Ichki bozorga yo‘naltirilgan kompaniyalar bilan eksportga o‘tish istiqbollari, kadrlar strategiyasi va sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni davlat organlari faoliyatiga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi. 2029-yildan boshlab soliq imtiyozlari faqat tushumining kamida 50 foizi eksport hisobiga to‘g‘ri keladigan rezidentlar uchun saqlanib qolishiga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan IT Park qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash vositalarini ishga tushirmoqda: IT Park “Local2Global” dasturi va AQSh, Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistonida ochilgan vakolatxonalari orqali yordam ko‘rsatadi.
Alohida uchrashuvlar mahsulot ishlab chiqaruvchi va autsorsing kompaniyalariga bag‘ishlandi. Global bozorlarga chiqish, yirik xalqaro platformalar bilan ishlashda ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek, autsorsing sohasida professional hamjamiyatni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, rezidentlar va davlat tuzilmalari ishtirokida milliy AI-hakatonini o‘tkazish g‘oyasi muhokama qilindi.
Ushbu uchrashuvlar davlat va IT-biznes o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda navbatdagi qadam bo‘ldi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar o‘sish, eksport va global nufuzga ega bo‘lish uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan. IT Park Uzbekistan mintaqaning raqamli xaritasida O‘zbekistonning yetakchiligini mustahkamlash uchun rezidentlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
2025-10-08