“O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish holati va tendensiyalari” mavzusida vebinar bo‘lib o‘tdi

23-mart kuni Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) va Yevropa biznes assotsiatsiyasi (YBA) ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi koʻmagida “O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarning holati va rivojlanish tendensiyalari” mavzusida vebinar bo‘lib o‘tdi.

EUROUZ bosh kotibi Oybek Shayxov hamda EUROUZ boshqaruv kengashi aʼzosi va Dentons kompaniyasi hamkori Lui Skayner moderatorlik qilgan vebinarda yuqori martabali spikerlar: Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov, Plug and Play Uzbekistan hammuassisi va direktori Feliks Lammers hamda Revotech kompaniyasining rivojlanish va innovatsiyalar bo‘yicha menejeri Gulsara Sharipova soʻzga chiqdilar.

Onlayn munozarada 100 dan ortiq Yevropa kompaniyalari ishtirok etdi. Spikerlar O‘zbekistonda xalqaro IT-kompaniyalarning imkoniyatlari, rivojlanishi va oʻsib borayotgan ishtirokining batafsil tahlilini taqdim etdilar.

 

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hukumatning taʼlim sohasidagi saʼy-harakatlarini taʼkidlab, Oʻzbekistonni tark etmasdan Yevropa kompaniyalarida autsorsingda ishlash uchun zarur koʻnikmalarga ega boʻlgan yosh kadrlarni oʻqitishga qaratilgan.

Vazir, shuningdek, O‘zbekiston Yevropa bozorida IT-eksportdan olinadigan daromadlarni oshirish imkoniyatlarini ilgari surishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

“Yevropa Ittifoqi kompaniyalarining aksariyati jahon bozorida raqobatbardoshlikni saqlab qolish uchun xarajatlarni optimallashtirish yo‘llarini izlayotgan bo‘lsa-da, biz Oʻzbekistonni IT-autsorsingning navbatdagi yoʻnalishiga aylantirishga intilamiz. Buning uchun biz xalqaro IT-kompaniyalarga zarur infratuzilma, qonunchilik bazasi va soliq imtiyozlari, inson kapitali va hukumat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni oʻz ichiga olgan eng yaxshi sharoitlarni taqdim etamiz”, — dedi Sherzod Shermatov o‘z nutqi yakunida.

Ushbu mavzuni navbatdagi spiker – “IT Park Uzbekistan” direktori Farhod Ibragimov qo‘llab-quvvatladi, u IT Park tomonidan soliq imtiyozlarini berish, IT Park, IT- va BPO-Markazlarning mintaqaviy filiallarini ishga tushirish, IT-taʼlimga sarmoya kiritish va korporativ akseleratorlarni ishga tushirish orqali Oʻzbekistonning raqamli ekotizimini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida soʻzlab berdi.

“IT Park allaqachon AQShda vakolatxonasiga ega, shuningdek, 2022-yilda Yevropa va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Germaniyada vakolatxonasi ochilgan. Hozirgi vaqtda autsorsingning asosiy foizi AQShga to‘g‘ri keladi va biz Yevropa kompaniyalarining foizini oshirishni juda xohlaymiz. Shuningdek, biz Yevropa kompaniyalari bilan O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochishda hamkorlik qilishga va buning uchun ularga imkoniyatlar yaratishga tayyormiz.

18-mart kuni O‘zbekistonda yaratilgan startaplarni rivojlantirish, ularni xalqaro bozorga olib chiqish va sarmoyalarni jalb qilishga qaratilgan birinchi Plug and Play akseleratsiya dasturi ishga tushirildi. Bu mintaqada startap ekotizimini rivojlantirish va keyingi xalqaro hamkorlik uchun katta qadamdir”.

IT Park rahbari O‘zbekistonning kelajakdagi salohiyati haqida ham statistik ma’lumotlarni keltirdi:

“So‘nggi olti yil davomida IT Park xizmatlari eksporti 2017-yildagi 700 ming AQSh dollaridan 2022-yilda 140 million AQSh dollarigacha oʻsdi. Prognozlarga ko‘ra, 2023-yilda eksport hajmi 300 million AQSH dollarini tashkil etadi, 2025-yilga yetib esa eksport hajmi 1 milliard AQSh dollari darajasida bo‘lishi kutilmoqda”, — deya xulosa qildi u.

Plug and Play Uzbekistan hammuassisi va direktori Feliks Lammers Oʻzbekistonlik tadbirkorlarni va innovatsion madaniyatni yuqori baholab, “Plug and Play Uzbekistan” O‘zbekiston bozoriga kirishining asosiy sabablaridan biri mamlakatning ulkan salohiyati ekanligini ta’kidladi.

“Biz 36 million aholisi boʻlgan bozorda ajoyib imkoniyatni ko‘rmoqdamiz, ularning aksariyati nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro miqyosda ham rivojlanish gʻoyalari ustida ishlashni xohlaydigan yaxshi maʼlumotli, yosh va gʻayratli tadbirkorlardir. Biz O‘zbekistonni butun dunyo bo‘ylab IT tashabbuslarining haqiqiy provayderi sifatida koʻrishni istaymiz va uni global bozor uchun ajralmas haqiqiy BPO provayder mamlakatiga aylantirmoqchimiz”.

Gulsara Sharipova IT Parkʼning birinchi rezidentlaridan biri boʻlgan RevoTech kompaniyasiga misol keltirdi. Bir necha yil avval kichik buxgalteriya ishi bilan boshlangan RevoTech hozirda O‘zbekistondagi har bir kompaniyani kutayotgan cheksiz o‘sish potensialini oʻz misolida ko‘rsatib, ma’lumotlarni kiritishdan tortib moliyaviy prognozlargacha bo‘lgan turli funksiyalarni bajara oladi.

Vebinar savol-javoblar sessiyasi bilan yakunlandi, unda ishtirokchilar hukumat vakillariga O‘zbekistonda ITʼni rivojlantirish bo‘yicha kelajakdagi rejalar va maqsadlar haqida batafsil savollar berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar

2023-03-25