2020-yil 14-fevral kuni “Skolkovo” innovatsion markazi vakillari – “Skolkovo” jamgʻarmasi vitse-prezidentining mintaqaviy rivojlanish va MDH mamlakatlari bilan hamkorlik boʻyicha oʻrinbosari Aleksandr Okunev, “Skolkovo” loyihasi ishtirokchilarini nazorat qilish va huquqiy qoʻllab-quvvatlash departamenti rahbari Aleksey Sharmajinov, Rossiya Savdo-sanoat palatasining Innovatsion tadbirkorlik jamgʻarmasining boshqaruvchi hamkori Olga Sereda, “QRepublic” kompaniyasining vakili Aleksandr Senkevich, Qozogʻiston Respublikasida Innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish jamgʻarmasi vakili Vitaliy Andreyev IT-Parkga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida mehmonlar uchun ekskursiya oʻtkazilib, unda IT-Park faoliyati va 2022-yilga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan kelgusi infratuzilma haqida gapirib berildi.
Mehmonlar Oʻzbekistonda IT-sohasining jadal rivojlanib borayotgani, shuningdek, IT-Park rezidentlari boʻlgan IT-kompaniyalari Hukumat tomonidan soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish bilan qoʻllab-quvvatlanayotgani alohida diqqatga sazovor ekanligini taʼkidladilar.
Tashrif yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlik boʻyicha rejalarni muhokama qildilar, Oʻzbekiston Respublikasida “Skolkovo” operatorlar-hamkorlar markazini yaratishga, shuningdek, Oʻzbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi mahalliy loyihalari, kompaniyalari, mutaxassislarining MDHʼning Innovatsiyalarni tijoratlashtirish markazining MDH xalqaro dasturlarida ishtirok etishlariga qiziqish bildirdilar.
2020-02-14