Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhitini xalqaro baholash

Soʻnggi yillarda jahon ishbilarmon hamjamiyati Oʻzbekiston biznes landshaftida taʼsirchan oʻzgarishlarga guvoh boʻlmoqda. 2017-yildan buyon mamlakatda tadbirkorlar uchun yangi istiqbol va imkoniyatlar ochib beradigan tegishli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xalqaro tashkilotlar va tahliliy agentliklar innovatsiyalar va tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan xavfsiz va qulay muhitni alohida eʼtirof etishmoqda. Ushbu maqolada biz xalqaro tashkilotlarning eng soʻnggi tahliliy hisobotlari hamda Oʻzbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari boʻyicha reytinglarni koʻrib chiqamiz.

Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan risk va imkoniyatlarni baholash

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) tomonidan sarmoyaviy muhit va imkoniyatlar boʻyicha tuzilgan hisobotda tashkilotga aʼzo mamlakatlardagi risklar va noaniqliklar tahlil qilingan. Xususan, tahlil kredit defolt svoplari boʻyicha risk mukofotlarini baholash orqali oʻtkazilgan. Kredit defolt svoplari qarz oluvchi uchun salbiy oqibatlar yuzaga kelgan taqdirda sugʻurta boʻlib xizmat qiladi va defolt ehtimoli qanchalik yuqori boʻlsa, risk mukofoti shunchalik qimmat boʻladi. Bu mamlakatdagi investitsiya muhiti holatining bilvosita koʻrsatkichi hisoblanadi, koʻplab xalqaro tashkilotlar esa yangi investitsiyalar uchun joy tanlashda buni hisobga olishadi.

IHT mamlakatlarida oʻrtacha risk mukofoti 5,1% ni tashkil qiladi. Oʻzbekistonda kredit defolt svoplari boʻyicha risk mukofoti 4,5% ni tashkil etadi, bu esa IHT boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan past. Shu tariqa, Oʻzbekiston IHT davlatlari orasida defolt xavfi boʻyicha eng barqaror 17 ta iqtisodiyotlar qatoriga kiradi.

1-rasm. IHT mamlakatlari bo‘yicha risk mukofoti

Biznesni boshlash va yuritish uchun minimal toʻsiqlar

IHT hisobotida global iqtisodiy oʻzgarishlarga moslashish sharoitida biznesni onlayn roʻyxatdan oʻtkazish jarayonlarini takomillashtirish muhimligi qayd etilgan. Raqamli axborot portallari va “yagona oynalar” xorijiy investorlar va tashkilotlarga oʻz korxonalarini mamlakatda roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini osonlashtirishi mumkin.

2021-yil holatiga koʻra, “UNCTAD Global Entrepreneurship Network” indeksiga muvofiq, Oʻzbekiston maksimal ball toʻplagan holda eng yaxshi “yagona oyna”ga ega mamlakatlar qatoridan joy oldi.

2-rasm. “Yagona oyna” boʻyicha IHT davlatlarining reytingi

Ustuvor yo‘nalishlar

IHT hisobotining tahlilida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimi uchun maqsadli va ustuvor sohalardagi ayrim mintaqaviy farqlarni koʻrishimiz mumkin. Hisobotga koʻra, Oʻzbekistondagi deyarli barcha sohalar, jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi ham sarmoya kiritish uchun qulay hisoblanadi.

IHTT tomonidan ishbilarmonlik muhiti tahlili

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhitining davriy tahlilini tuzdi. Hisobotda qayd etilishicha, 2017-yilda keng koʻlamli islohotlar dasturi boshlanganidan buyon Oʻzbekiston raqobatbardosh xususiy sektorni shakllantirishda sezilarli yutuqlarga erishdi.

Soʻnggi yillarda hukumat tomonidan amalga oshirilgan qadamlar ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni oshirishga va iqtisodiyotni yangi investitsiyalar, texnologiyalar va gʻoyalarga ochib berishga yordam beradi. COVID-19 va siyosiy notinchlik sharoitida mamlakatning barqarorligi hukumatning ehtiyotkor va moslashuvchan siyosatidan dalolat beradi.

IHTT Oʻzbekistondagi xususiy korxonalar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazdi, ularning aksariyati toʻliq yoki qisman Yevropa Ittifoqi kompaniyalariga tegishli. Respondentlar uchta ustuvor yoʻnalish boʻyicha yutuqlarni qayd etishdi:

  1. Transchegaraviy savdo tartib-qoidalarini soddalashtirish;
  2. Hukumat tomonidan korxonalar faoliyatini tartibga solish muhitini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar;
  3. Oʻzbekistonda raqamlashtirish orqali taqdim etiladigan imkoniyatlar.

Shu bilan birga, soʻrovnoma ishtirokchilari hukumatning ushbu sohalardagi sharoitlarni yaxshilash boʻyicha keyingi saʼy-harakatlarini kutishmoqda.

Respondentlarning katta qismi Oʻzbekiston bozoriga kirish toʻgʻrisidagi qarorlariga taʼsir etuvchi omil sifatida — ichki va mintaqaviy bozor imkoniyatlarining muhimligini taʼkidladilar. Umuman olganda, korxonalar Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhitini “qulay” deb baholadilar va biznes yuritish imkoniyatlari boʻyicha yaqqol oʻsishni qayd etdilar.

Respondentlar Oʻzbekistonda raqamli transformatsiya jarayonlarini ham tilga olishdi. Aksariyat korxonalar mijozlarni boshqarish boʻyicha dasturiy mahsulotlar va bulutli texnologiyalar kabi ilgʻor raqamli vositalarni joriy qilishdi. Kompaniyalar, shuningdek, hukumatning davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonini takomillashtirish borasidagi saʼy-harakatlarini ijobiy baholadilar.

Hisobotda aloqa infratuzilmasi va raqamli texnologiyalarga kiritilayotgan investitsiyalarni koʻpaytirish boʻyicha tavsiyalar berilgan. Xususan, tahlilda keng polosali ulanishning nisbatan yuqori narxi qayd etilgan, bu YaIMʼning 2,1% ni tashkil qiladi. Biroq, ushbu koʻrsatkich ayrim Markaziy Osiyo mamlakatlariga qaraganda ancha past va YaIMʼning 2 foizini tashkil etuvchi barqaror rivojlanishning maqsadli darajasiga deyarli yaqinlashmoqda.

3-rasm. O‘rnatilgan keng polosali ulanish narxi YaIM’ga nisbatan foizda (2021)

IHTT hisobotidagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning tartibga solish cheklovlari indeksi Oʻzbekistonning investitsiyalar uchun ochiqligidan dalolat beradi. Ushbu koʻrsatkichga muvofiq Oʻzbekiston IHTT boʻyicha oʻrta darajada boʻlib, mintaqaning boshqa mamlakatlari: Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Moʻgʻulistonni ortda qoldirmoqda.

4-rasm. IHTT tomonidan ishlab chiqilgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni tartibga solish cheklovlari indeksi: O‘zbekiston (2020)

Xavfsiz O‘zbekiston

Biznes yuritish imkoniyatlaridan tashqari, mamlakatda yashash sharoitlari ham juda muhimdir. Sogʻliqni saqlash va xavfsizlik xizmatlari boʻyicha jahon yetakchisi — “International SOS” oʻz tadqiqotida Oʻzbekistonni chet elliklar uchun Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz davlat sifatida qayd etdi.


5-rasm. Oʻzbekiston — Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz davlat

Oʻzbekistonning eng xavfsiz mamlakatlar toifasiga kiritilishi zoʻravonlikning minimal darajasi, ommaviy tartibsizliklar va terrorizmning kamdan-kam holatlari, samarali xavfsizlik va favqulodda yordam xizmatlari hamda yaxshi rivojlangan infratuzilma mavjudligi bilan bogʻliq.

Xulosa

Xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhitiga bergan baho va reytinglari jamlanmasi tadbirkorlar va investorlar uchun mamlakatning ishonchli imidjini shakllantiradi. Islom hamkorlik tashkilotining risk va imkoniyatlar tahlili Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqarorligini, shuningdek, uning toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar uchun jozibadorligini taʼkidlaydi.

Xalqaro tashkilotlar hisobotlarida mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar natijalari ijobiy baholanib, soliq qonunchiligi soddalashtirilgani, transchegaraviy savdodagi toʻsiqlar kamaytirilgani, investorlar va aksiyadorlar xavfsizligi taʼminlangani qayd etilgan. Shuningdek, iqtisodiyotni raqamlashtirishning yuqori darajasi ham tilga olingan, buning natijasida biznesni boshlash va yuritish sezilarli darajada soddalashtiriladi.

 

Muallif haqida ma’lumot:

Otabek Arzikulov — tizim tahlilchisi, “Iqtisodiy sharh” nashri uchun tahliliy maqolalar va raqamli iqtisodiyot boʻyicha ilmiy maqolalar muallifi, “Gazpromneft” (Rossiya) kompaniyasi uchun texnologiya va metodologiyalarni ishlab chiqqan.

2024-01-22