14–15-iyun kunlari Polshaning Varshava shahrida “Women in Tech Summit 2023” Yevropadagi texnologiya sohasidagi ayollar uchun eng yirik konferensiya va bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Women in Tech Summit 2023 – bu Yevropa va Osiyodagi yangi texnologiyalar boʻyicha ayollar uchun eng yirik konferensiyasi hisoblanadi. Platforma yetakchi muhandislar, dasturchilar, mutaxassislar, olimlar, tadbirkorlar, faollar, rahbarlar, startapperlar va talabalarni birlashtirdi.
Umuman olganda, tadbirda 7000 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Konferensiyalarda 500 nafar spiker so‘zga chiqdi. Ikki kunlik sammit doirasida ma’ruzalar, malaka oshirish bo‘yicha seminarlar, mentorlik boʻyicha sessiyalar, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari, ishga qabul qilish bo‘yicha uchrashuvlar va soha vakillari bilan aloqalar o‘tkazildi.
Shuningdek, ko‘rgazma ishtirokchilari dunyodagi eng innovatsion kompaniyalarning 100 dan ortiq stendlariga tashrif buyurish, mutaxassislar bilan uchrashish va ular bilan rezyumelarini muhokama qilish, ishga olish tartib-qoidalari bilan tanishish va qimmatli maslahatlar olish imkoniga ega bo‘lldilar.
Ishtirokchilar orasida o‘zbekistonlik 6 nafar qiz ham bor edi, ularning sayohat xarajatlari IT Park tomonidan qoplandi.
O‘zbek qizlarning “Perspektywy Women in Tech Summit 2023”da ishtirok etishiga homiylik qilish – bu nafaqat ularning kelajagiga sarmoya kiritish, balki O‘zbekiston texnologiyalari sohasida ayollarning faolligini oshirishga katta hissa qoʻshishdir. Aynan shu kabi tashabbuslar orqali biz texnologiya sohasidagi ayollar uchun yanada inklyuziv va farovon kelajakni yaratishimiz mumkin, bu yerda ayollarimiz texnologiya olamida yetakchilik qilish va rivojlanish imkoniyatiga ega boʻladilar.
2023-06-16