Oʻzbekistonning IT-Parki va Qozogʻistonning Tech Garden fondi startaplarni oʻzaro almashishni tashkillashtirishni boshladi

2020-yil 31-yanvar kuni Oʻzbekiston dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining texnologik parki direksiyasi (IT-Park) Qozogʻistonning “Innovatsion texnologiyalar parki” avtonom klaster fondi (Tech Garden) bilan oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Memorandumni imzolashdan maqsad, startap ekotizimni rivojlantirish sohasida tomonlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, tavsiyalar ishlab chiqishda birgalikda harakat qilish, oʻzaro bilim, tajriba va innovatsion yechimlar almashishdir.

Hamkorlik doirasida qardosh respublikalar startap ekotizimi sohasida taʼlimni rivojlantirish, texnologik tadbirkorlik sohasidagi tajriba va amaliyotlarni va oʻz mamlakatlarida bunday siyosatni amalga oshirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni oʻrganish uchun startap-jamoalar va IT-kompaniyalarni oʻzaro almashish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Shunisi eʼtiborga loyiqki, safarlarning birinchi bosqichi shu yilning birinchi choragida boshlanadi. Tajriba almashish va Qozogʻiston Respublikasi bozorini oʻrganishga qiziqish bildirgan Oʻzbekistonning barcha startaplari va IT-kompaniyalari oʻz arizalarini quyidagi elektron manzilga: https://forms.gle/JpJEHuAQucDVMGVZ9 yoki quyidagi elektron pochtaga yuborishlari mumkin: info@it-park.uz

2020-01-31