17-iyul kuni kibersport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni qo’lga kiritdi.
Chempionatda O‘zbekiston sharafini TT. Team terma jamoasi (Traffic Tashkent Team) himoya qildi. Jamoa tarkibiga quyidagilar kiradi:
7-may kuni O‘zbekiston terma jamoasi saralash turnirida Qirg‘iziston va Qozog‘iston jamoalarini ortda qoldirib, IESF tomonidan o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, Markaziy Osiyo saralash bosqichida g‘olib chiqdi.
IESF (Xalqaro kibersport federatsiyasi) - Janubiy Koreyada joylashgan global sport tashkiloti. Uning vazifasi kibersportni rasmiy sport turiga aylantirishdir. Federatsiya aksariyat mamlakatlarning milliy sport tashkilotlarini birlashtiradi. Kompaniyaga 2008-yilda asos solingan.
Saudiya Arabistonidagi “15th WE Championship IASI 2023” xalqaro turniri doirasida IESF tomonidan o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi CS:GO bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Musobaqada 10 ta davlatdan mintaqaning eng yaxshi jamoalari ishtirok etdi.
Final uchrashuvlarida o‘zbekistonliklar Falastin, Indoneziya va Mo‘g‘uliston terma jamoalarini mag‘lubiyatga uchratib, bu bilan mahorat va jamoaviy hamohanglikni namoyish etishdi.
Sovrin jamg'armasi 12 500 AQSH dollarini tashkil etadi va g'oliblar o'rtasida taqsimlanadi. Shundan 7000 dollarni birinchi o‘rin uchun O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokchilari qo’lga kiritishadi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi 2023-yil avgust oyi oxirida Ruminiyaning Yassi shahrida bo‘lib o‘tadigan, jahonning eng yaxshi 24 jamoasi jahon chempioni nomi uchun kurashadigan IESF World Esports 2023 chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-oktabrdagi 423-sonli qaroriga asosan kibersport mustaqil sport turi sifatida e’tirof etilgan va uni rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rilgan edi. Respublika va xalqaro turnir va chempionatlarni o‘tkazish, kibersport turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalarining jahon va Osiyo chempionatlari hamda boshqa xalqaro turnirlarda ishtirok etishini ta’minlash bu boradagi ishlarning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
2023-07-18