Odamlar, pul va rezidentlar: O‘zbekiston IT sanoatining uch yangi impulsi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-may kuni mamlakatimizda raqamli xizmatlar qamrovini kengaytirish va sifatini oshirishga qaratilgan qarorni imzoladi.

Bunday hujjatlar keyingi yillarda muntazam ravishda qabul qilinib kelinmoqda va har safar O‘zbekiston IT sanoati uchun yangi turtki bo‘lib, qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. 

Amaldagi qaror, boshqa jihatlar qatorida, butun bozorlarni yangilashga qodir tub o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi.

Tovarlarni erkin ombor orqali onlayn sotishga ruxsat berildi

Erkin ombor - tovarlar muayyan hudud va joylarda soliq va bojxona to‘lovlaridan holi ravishda saqlanadigan bojxona rejimi.

Bunday tovarlarni saralash, qayta ishlash, qadoqlash (va h.k.) mumkin.

Sotuv boshlanishidan oldin tovarlar boshqa rejimlarga masalan, erkin muomalaga yoki eksportga o‘tkaziladi, bunda esa boj va soliqlarni to‘lash majburiyati yuklanadi. 

Qarorda qayd etilishicha, 2023-yil 1-oktabrdan boshlab O‘zbekiston tadbirkorlari elektron tijorat doirasida tovarlarni erkin ombor rejimida sotishlari mumkin.

Bu onlayn savdo hajmini keskin oshiradigan tub o‘zgarishdir, negaki u sarf-xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi.

Internet-do‘konlar, bozorlar va Internetda savdo qiluvchi boshqa kompaniyalar jiddiy raqobat ustunligiga ega bo‘lishdi, chunki oflayn savdoda erkin ombordan tovarlarni sotish hali ham taqiqlanadi.

Prognozlarga ko‘ra, mazkur qadam elektron tijoratda tovar ayirboshlash hajmini yiliga 500 million dollarga yetkazadi va mamlakatda yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytiradi.

Endilikda venchur fondlari, IT-akseleratorlar va dizayn studiyalari IT Park rezidentlariga aylanishi mumkin

IT Park rezidentlari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari asta-sekin o‘sib bormoqda. 2019-yilda ularning soni atigi 4 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2020-yilda 18 tani tashkil qildi.

Qarorga muvofiq yana uchta qo‘shimcha faoliyat turi kiritilgan:

● multimedia va dizayn, shu jumladan dasturiy ta’minotdan foydalangan holda animatsion mahsulotlarni ishlab chiqish va xizmatlar ko‘rsatish;

● IT-loyihalarni venchur moliyalashtirish va IT Park hududida joylashgan kompaniyalar uchun akseleratsiya dasturini ishga tushirish;

● kibersport yo‘nalishidagi xizmatlar.

O‘zbekistonda animatsiya va multiplikatsiya bilan shug‘ullanuvchi motion-studiyalar ko‘payib bormoqda.

Asosan, bu turli kompaniyalar uchun reklama roliklari bo‘lib, asosiy ulush chet eldan qabul qilingan buyurtmalarga to‘g‘ri keladi.

Rezident bo‘lgan bu kabi kompaniyalar o‘z xarajatlarini kamaytirishi va IT xizmatlarining umumiy eksportidagi ulushini oshirishi mumkin.

Venchur fondlariga kelsak, 2023-yilga kelib bu bozorning asosiy trendlaridan biriga aylandi.

Nihoyat O‘zbekistonga venchur mablag‘lari keldi, yiliga o‘nlab bitimlar tuzila boshlandi, o‘ndan ortiq fondlar mamlakatda faoliyat yuritmoqda.

Akseleratsiya dasturlari bilan bog‘liq holat ham shunday – agar ilgari mamlakatda  bu kabi dasturlar bo‘lmagan bo‘lsa, endilikda bir vaqtning o‘zida bir nechtasi ishga tushirildi.

Davlat xalqaro IT-sertifikatlarni olishga sarflangan xarajatlarni to‘liq qoplaydi

2022-yil aprel oyida IT Park xalqaro IT sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizigacha kompensatsiya dasturini ishga tushirdi.

Yil davomida Cisco, SAP, Microsoft, Google, Coursera kabi kompaniyalarning 600 dan ortiq sertifikatlari kompensatsiya qilindi.

Qaror orqali nafaqat dasturning davom ettirilishi, balki uning kengaytirilishi ham qo‘llab-quvvatlandi – 2023-yil 1-oktabrdan boshlab 100 foiz kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi.

Buning uchun talab qilinadigan yagona narsa - chet tilini bilish darajasi B2 yoki undan yuqori bo‘lishi lozim.

IT-kompaniyalarning sertifikatlari muhim ahamiyatga ega, chunki mehnat bozorida raqobat kuchayib bormoqda va boshqa nomzodlardan ajralib turish kerak.

Sertifikatlash bilimlarning dolzarbligini, ko‘nikmalar mavjudligini rasmiy tasdiqlash imkonini beradi.

Bu ish qidirishda ham yordam beradi – “International Data Corporation” tomonidan o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, ish beruvchilarning 75 foizi sertifikatsiyadan o‘tgan xodimlar ish faoliyatida ko‘proq ijobiy natija ko‘rsatishiga ishonar ekan.

Sertifikatni sotib olish mumkin emas, lekin imtihon topshirish uchun 150-500 dollargacha yoki undan ko‘proq pul to‘lash kerak.

2022-yilda o‘rtacha oylik ish haqi 333 AQSH dollari atrofida bo‘lgan O‘zbekiston uchun bu anchagina pul. Bunday sharoitda xarajatlarni qoplash ayniqsa dolzarbdir.

Qolaversa, qaror bilan kadrlar tayyorlash sohasida yana bir qancha muhim bandlar tasdiqlandi.

Birinchidan, “Bir million dasturchi” loyihasi nafaqat davom ettiriladi, balki kengaytiriladi.

Misol uchun, IT Park “Coursera” bilan birgalikda yangi “Uzbekcoders.uz” onlayn o‘quv kurslari platformasini ishga tushirdi.

Bepul kurslar dasturi toʻliq yangilandi, data science, sunʼiy intellekt, texnologiya, biznes va soft skills boʻyicha 10 000 dan ortiq kurslar qoʻshildi.

Qarorda taʼkidlanishicha, 15 000 nafar muvaffaqiyatli bitiruvchi xalqaro miqyosda ishga tayyorlash uchun tanlab olinadi.

Ikkinchidan, xorijiy platformalarda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga kompyuter sotib olish uchun kredit ajratish davom etmoqda.

Shu bilan birga, 2023-yil 1-avgustdan boshlab mikrokredit shaklida ajratilgan pul mablag‘larini alohida ochilgan bank kartasiga olish mumkin.

Uchinchidan, xususiy o‘quv markazlari endilikda IT Park rezidentlari bo‘lgan hamda IT-xizmatlarni eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga ishga joylashgan har bir bitiruvchi uchun subsidiya beriladi.

Bu Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha (deyarli 25 million so‘m) bo‘lgan bir martalik to‘lov, agar bitiruvchi nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lsa, u holda subsidiya miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 105 baravarigacha (qariyb 35 million so‘m) to‘lov tariqasida taqdim etiladi.

To‘rtinchidan, endi IT Park rezidentlari IT English bo‘yicha  o'quv kurslari bilan shug‘ullanishlari mumkin. Biroq rezidentlarning bu faoliyatdan oladigan daromadlari kompaniyaning umumiy yillik daromadining 40 foizidan oshmasagina ruxsat etiladi.

Bu yerda  ikkita afzallik mavjud. Birinchisi, yoshlar o‘rtasida texnik ingliz tilini rivojlantirish imkoniyati (IT-kompaniyaga ishga joylashish osonroq bo‘ladi).

Ikkinchisi, mahalliy IT-kompaniyalarning tilni yaxshi biladigan xodimlari xalqaro bozorda raqobatbardosh bo‘lib, ko‘proq mijozlarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ko'proq buyurtmalar, ko'proq ish, ko'proq IT eksporti. Hammasi oddiy.

2023-06-08