Raqamli texnologiyalar vazirligi binosida O‘zbekistonning turli hududlaridan 70 ga yaqin faol ishtirokchini birlashtirgan “Pitch & Rise: startap sahnasidagi ayollar” ochiq tadbiri bo‘lib o‘tdi. “Startup Garage” tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda IT Park Uzbekistan, IT-ta’lim assotsiatsiyasi va “GAP” loyihasi ko‘magida tashkil etilgan tashabbus ayollarni startap harakatiga jalb etish, ularning innovatsion salohiyatini rivojlantirish va mamlakatning raqamli iqtisodiyotida ayollarning rolini oshirishga qaratilgan edi.
Tadbir davomida ishtirokchilar pitching bo‘yicha amaliy mahorat darslaridan o‘tdilar, sohaning yetakchi ekspertlaridan mentorlik yordamini oldilar va o‘zlarining startap g‘oyalarini taqdim etdilar. Hakamlar hay’ati taqdim etilgan 11 ta loyihadan uchtasini eng yaxshi deb topdi: “Fonus” — milliy qadriyatlar va ta’lim yondashuviga asoslangan bolalar uchun xavfsiz va foydali video kontentli raqamli platforma; “La Menu” — stolni onlayn band qilish va taomlarni oldindan buyurtma berish imkoniyatlari bilan foydalanuvchilarning istaklari sosida restoranlarni qidirish xizmati; “Btle” — noyob yo‘nalishlar, sun’iy intellekt yordamida dasturlar yaratish, mahalliy tillarni qo‘llab-quvvatlash, provayderlar uchun qulay interfeys va real vaqt rejimida daromadlarni kuzatish bilan xavfsiz onlayn to‘lov tizimini taklif etuvchi yangi avlod sayyohlik platformasi.
Tadbir doirasida pitching bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi va 11 nafar ishtirokchi sahnadan o‘zlarining startap g‘oyalarini taqdim etdi. Pitching natijalariga ko‘ra, “Btle”, “Fonus” va “La Menu” loyihalari kuchli uchlikka kirdi. G‘oliblarni Raqamli texnologiyalar vazirining yoshlar va ayollarni IT sohasiga jalb qilish bo‘yicha maslahatchisi Kamola Sobirova va IT Park Uzbekistan startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Elyor Maksudov taqdirladi.
Ishtirokchilarning muvaffaqiyatlari va ularning g‘oyalari ayollar inklyuziyasi nafaqat ijtimoiy adolat sari qo‘yilgan qadam, balki barqaror iqtisodiy o‘sishning strategik elementi ekanligining yorqin tasdig‘i bo‘ldi. Bu haqda taklif etilgan spikerlar ham gapirib o‘tishdi: Azizbek Qurbonov, “AK Capital” asoschisi va bosh direktori; Barnoxon Artikxodjayeva, BMTning raqamli iqtisodiyot va startap tashabbuslari bo‘yicha dasturi murabbiyi; va Ilhomjon Aliyev, “UEnter” direktori o‘rinbosari. Ularning fikricha, texnologiya sohasidagi ayollar tadbirkorligi nafaqat biznes muhitini kengaytiradi, balki iqtisodiyotning barqarorligi va innovatsionligini ham oshiradi.
2025-yilda O‘zbekiston birinchi marta “StartupBlink” xalqaro reytingi bo‘yicha startap ekotizimlari rivojlangan 100 ta mamlakat qatoriga kirib, 98-o‘rinni egalladi va Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan ekotizimga aylandi. Bu yutuq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va xalqaro hamkorlarning tashabbuslari doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijasi bo‘ldi.
Biroq, gender muvozanatini ta’minlamasdan va innovatsion sohada ayollarni tizimli qo‘llab-quvvatlamasdan turib, keyingi o‘sishni ta’minlash mumkin emas. Zamonaviy tadqiqotlar ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish sezilarli iqtisodiy ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlaydi. “Gusto” hisobotiga ko‘ra (Business Insider nashrida chop etilgan, 2025-yil may), 2024-yilda barcha yangi korxonalarning qariyb 49 foiziga ayollar asos solgan, bu rekord ko‘rsatkich bo‘lib, 2019-yil darajasidan 69 foizga yuqori. Ayollar jamoalari ko‘proq daromad keltirib, kamroq resurs sarflab, yanada samarali operatsion barqarorlikni namoyish etsa-da, ular sarmoya jalb qilishda jiddiy to‘siqlarga duch kelishadi. Xususan, ayollar erkaklarga qaraganda venchur moliyalashtirishni 75 foizga kamroq jalb qiladilar va ularning aksariyati biznesni boshlash uchun o‘z jamg‘armalari yoki qarz mablag‘lariga tayanadi (Business Insider, 2025). Bunday sharoitda o‘z g‘oyalarini aniq va ishonchli tarzda taqdim etish qobiliyati alohida ahamiyat kasb etadi — aynan shu maqsadda “Pitch & Rise” tadbiri tashkil etilgan edi.
“Raqamli transformatsiya jinsidan qat’i nazar, barcha iste’dodlarning ishtirokini talab qiladi. Bugungi kunda raqamli iqtisodiyotdagi muvaffaqiyat bilim, tashabbuskorlik va o‘zgarishlarga tayyorlik bilan belgilanadi. O‘zbekistonda tobora ko‘proq ayollar bu sohada yuqori salohiyatni namoyish etmoqda va davlat ular uchun tegishli qo‘llab-quvvatlash va imkoniyatlar yaratishga tayyor,” — dedi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova.
O‘zbekistonda davlat ko‘magining asosiy vositalaridan biri “GAP Women IT Club” — IT sohasidagi ayollar klubi loyihasi bo‘lib, uning doirasida muntazam ravishda tadbirlar, treninglar va mentorlik sessiyalari o‘tkaziladi. Loyiha nafaqat Toshkentda, balki mamlakatning turli burchaklaridan kelgan qizlarni qamrab olgan holda hududlarda ham faoliyat yuritmoqda. Ular nafaqat poytaxtni, balki chekka hududlarni ham qamrab olib, qizlarga bilim olish, tajriba almashish va o‘z g‘oyalarini taqdim etish imkonini bermoqda. Shu tariqa, klub orqali bilim olgan viloyatlardan kelgan ishtirokchilar birinchi marta “Pitch & Rise” doirasida katta sahnada chiqish qilishdi.
O‘zbekistonlik ayollar xalqaro maydonda ham tobora faol o‘zlarini namoyon etmoqdalar: “Women in Tech Global Summit”, “Technovation Girls”, “TechWomen” kabi forum va tanlovlarda qatnashib, nufuzli hakaton hamda olimpiadalarning finalchilari safiga kirmoqdalar. Misol uchun, Germaniyaning Bonn shahrida o‘tkazilgan qizlar uchun informatika bo‘yicha Yevropa olimpiadasi (EGOI)da toshkentlik maktab o‘quvchilari sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar. Bularning barchasi startap muhitida ayollarni qo‘llab-quvvatlash shunchaki bir martalik tadbir emas, balki O‘zbekistonning uzoq muddatli raqamli rivojlanish strategiyasining ajralmas qismi ekanligini ko‘rsatmoqda. Mamlakatda allaqachon strategik o‘sish uchun poydevor yaratilgan bo‘lib, bu yo‘nalishda harakatni davom ettirish muhimdir — buni akseleratorlar, grant dasturlari, infratuzilma va kuchli murabbiylar hamjamiyati orqali amalga oshirish lozim. Tadbir ishtirokchilaridan biri ta’kidlaganidek: “Texnologiyalar gender masalasi emas. Bu g‘oyalar, intilishlar va iste’dodlar haqida. O‘zbekistondagi ayollarda esa bular yetarlicha, hatto ortiq darajada mavjud.”
2025-07-30