Bu yil Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan hamda Plug and Play kompaniyasi koʻmagida tashkil etilgan tanlovda 3 458 nafar ishtirokchi va 538 ta jamoa qatnashdi.
2024-yilda ilk bor “Micro-SaaS va AdTech sohasidagi texnologik yechimlar” yoʻnalishi boʻyicha 31 ta jamoa oʻz loyihalarini taqdim etdi. Boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ham startaplar soni sezilarli darajada oshdi. Xususan, “Sunʼiy intellektga asoslangan texnologiyalar” yoʻnalishida 63 ta, “Ijtimoiy sohada raqamli texnologiyalar” yoʻnalishida 173 ta, “Tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar” yoʻnalishida 92 ta, “Kompyuter va mobil oʻyinlar” yoʻnalishida esa 41 ta startap ishtirok etdi.
Tanlov mentorlik sessiyalari va “Demo Day” tadbirini o‘z ichiga olgan besh bosqichdan iborat bo‘lib, besh toifadagi 15 ta eng yaxshi jamoa o‘rtasida 900 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot jamg‘armasi taqsimlandi. Shuningdek, maxsus hakatonda “Focuscore AI” loyihasi bilan “Lorem Ipsum” jamoasiga 100 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot topshirildi.
“Speaklish” — bu ingliz tilida so‘zlashuv ko‘nikmalarini oshirishga yordam beradigan loyiha bo‘lib, u IELTS natijalarini yaxshilash va o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishga olib keladi. Loyihaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u ma’lumotlar asosida taraqqiyotni kuzatib boradi. Startap 2023-yilda tashkil etilgan. Hozirda jamoada 9 kishi faoliyat yuritadi. Jamoa, shuningdek, “WERISE FinTech” akseleratoridan 15 000 dollar jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi.
“Cradle” — 2023-yilda tashkil etilgan startap bo‘lib, jadal o‘sishni namoyish etdi va O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan video kuzatuv va tahlil sohasida yetakchiga aylandi. Jamoa universitetlar, bank sektori, chakana savdo va ishlab chiqarish korxonalari uchun o‘z yechimini taklif qiladi. 2023-yilda “Cradle Vision Tech” “AloqaVentures” fondidan 50 000 dollar sarmoya oldi, bu kompaniyaning qiymatini 300 000 dollargacha oshirdi. 2024-yilga kelib kompaniyaning qiymati taxminan 4 million dollarga yetdi, bu esa yuqori bozor talabini aks ettiradi.
“Stepogram” — sog‘lom va faol hayot kechirishga intiluvchilar uchun fitnes ilovasi. Startap asoschilari Moskva davlat universiteti bitiruvchilari Jahongir Komilov va Vladislav Vavilov, shuningdek, I.M. Gubkin nomidagi Rossiya neft va gaz universiteti bitiruvchisi Jahongir Soliyev hisoblanadilar. Startap 1,5 yil oldin O‘zbekiston aholisi salomatligini yaxshilash, foydalanuvchilarni ko‘proq yurishga undash, CO2 chiqindilarini kamaytirish maqsadida tashkil etilgan.
“BRAILLE RECOGNITION” — Brayl alifbosi va sun’iy intellektdan foydalangan holda tasvirlarni tarjima qilish uchun mobil ilova. Loyiha ko‘zi ojiz odamlar ko‘ruvchilar bilan teng ravishda o‘qishi mumkin bo‘lgan universitetlarda inklyuziv muhitni yaratishga yordam beradi. Startap 2021-yilda tashkil etilgan. Jamoada 5 kishi ishlaydi. Ta’sischilar hisoblash quvvatlarini oshirish uchun “Yandex Cloud”dan 6 million tenge miqdorida grant olishga erishdilar.
“Fazliddin Games” jamoasi 2022-yildagi 2 nafar dasturchidan 2024-yilda 10 kishiga yetdi. Jamoa “GameDevGoethe” inkubatoridan o‘tib, ikki nominatsiya bo‘yicha sovrinlarni qo‘lga kiritdi.
Ular cheklangan vaqt ichida oziq-ovqat yig‘ish kerak bo‘lgan “Sugar Boy” o‘yinini taqdim etishdi. O‘yinning o‘ziga xosligi shundaki, unda qiziqarli tajribaviy fizika qonunlari qo‘llanilgan bo‘lib, u har safar betakror o‘yin tajribasini yaratadi.
“Grimoire Entertainment” — mobil o‘yinlar va indi-loyihalarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan startap. Kompaniya 4 yil oldin tashkil etilgan bo‘lib, hozirda jamoada besh kishi faoliyat yuritmoqda.
“StudentHunter” — universitetlarga arizalarni qayta ishlash uchun CRM tizimini taqdim etadigan va sifatli mijozlarni topishga yordam beradigan ta’lim texnologiyalari platformasi. Talabalar hujjatlarni topshirishda mentorlardan yordam olishlari yoki ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir nechta mahalliy va xalqaro universitetlarga mutlaqo bepul yuborishlari mumkin. Loyiha 2 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda, jamoada esa15 kishi mehnat qilmoqda.
“EduTizim” — ta’lim muassasalari va tashkilotlari uchun mo‘ljallangan, mijozlar bilan munosabatlarni boshqarish (CRM) va ta’limni boshqarish tizimi (LMS) funksiyalarini o‘zida mujassam etgan platformadir. Ushbu funksiyalarni birlashtirish orqali “EduTizim” ma’muriy vazifalarni soddalashtirish, o‘qitish sifatini yaxshilash va ta’lim muassasalarining umumiy samaradorligini oshirishga intiladi. Hozirgi kunda platforma 150 dan ortiq markazlarda faoliyat yuritmoqda, jamoada 10 kishi ishlamoqda.
“Sug‘urta Bozor” — sug‘urta kompaniyalariga har bir avtosug‘urta polisidan 30% ko‘proq foyda olishga yordam beradigan loyiha. Startapga 2 yil oldin “MBIT” bitiruvchilari Azizbek Qurbonov, Tigran Bekmullin va Abdurauf Sherqulov asos solgan. Bu vaqt ichida ta’sischilar xalqaro investorlardan 220 000 dollar jalb qilishga erishdilar.
“diip.uz” — transport logistikasi uchun innovatsion platforma bo‘lib, u transport kompaniyalari, eksportchi va importchilarni birlashtiradi. Platformada: transport kompaniyalari o‘z avtomobillari uchun yuk topishlari mumkin; eksport va import qiluvchilar o‘z mahsulotlari uchun mos transportni topishlari mumkin; transport kompaniyalari dispetcherlari platformadan CRM tizimi sifatida foydalanishlari mumkin.
20 kishilik jamoa loyiha ustida 2 yildan beri ishlamoqda. Startap biznes-farishta investordan 50 000 dollar jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi, bu mablag‘ platformaning birinchi versiyasini ishlab chiqish uchun sarflandi.
Bu yutuqlar O‘zbekiston iste’dodlarining tobora kuchayib borayotgani, ularning innovatsion yechimlari va yoshlarga o‘z loyihalarini amalga oshirish imkoniyatini beruvchi davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan muhim qo‘llab-quvvatlashdan dalolat beradi. Biz hamkorlarimiz bilan birgalikda ushbu jarayonning bir qismi ekanimizdan va O‘zbekistonning kelajakdagi startap ekotizimini shakllantirishga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz. Biz hamkorlarimizga, murabbiylarimizga, hakamlar hay’ati a’zolariga va tashkilotchi jamoaga ushbu muvaffaqiyatga qo‘shgan ulkan hissasi uchun samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.
2024-12-14