Prezident murojaati: IT sohasini va IT-Parklarni rivojlantirish haqida

2020-yil 24-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis oldida nutq soʻzlab, unda 2020-yilni “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qildi.

Prezidentimiz oʻz murojaatida erishilgan natijalar haqida gapirib oʻtdi va kelgusi 5 yil ichida amalga oshirilishi kerak boʻlgan vazifalarni, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Parlamentining vazifalarini ham belgilab berdi.

Oʻz nutqida u axborot texnologiyalari sohasiga ham alohida toʻxtalib oʻtdi:

Barqaror rivojlanishga erishish uchun biz raqamli bilimlarni va axborot texnologiyalarini chuqur oʻzlashtirishimiz kerak, bu esa bizga har tomonlama rivojlanishga erishish uchun eng qisqa yoʻldan borishimizga imkon beradi. Bugungi dunyoda raqamli texnologiyalar barcha sohalarda hal qiluvchi rol oʻynamoqda.

2019-yilda “Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi” boʻyicha mamlakatimiz 8 pogʻonaga koʻtarilganiga qaramay, biz hali ham bu sohada juda orqada qolmoqdamiz. Aksariyat vazirliklarimiz va idoralarimizda, koʻpchilik korxonalarimizda hali ham raqamli texnologiyalar toʻlaqonli joriy etilmagan desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Albatta, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, katta mablagʻ va mehnat resurslarini talab etishini barchamiz juda yaxshi bilamiz. Ammo, qanchalik qiyin boʻlmasin, biz bu ishni bugun boshlashimiz kerak, aks holda ertaga juda kech boʻladi. Shu sababli raqamli iqtisodiyotga jadal oʻtish kelgusi besh yil uchun eng ustuvor vazifalarimizdan biri boʻladi.

Maʼlumki, raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulotlar va xizmatlar sifatini oshiradi, xarajatlarni kamaytiradi, balki meni juda qattiq tashvishga soladigan eng jiddiy muammo – korrupsiyaga qarshi kurashda ham samarali vosita hisoblanadi.

Raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi davlat va jamiyat boshqaruvining samaradorligini oshirishga, ijtimoiy sohani rivojlantirishga, bir soʻz bilan aytganda, odamlar hayotini tubdan yaxshilashga yordam beradi”.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, IT-Park faoliyatining rivojlanishi va kelgusidagi infratuzilmasi haqida ham toʻxtalib oʻtdi:

Ayni paytda Toshkentda zamonaviy infratuzmaga ega IT-Park tashkil etilmoqda. Biz hozirdanoq uning faoliyatining dastlabki natijalarini koʻrib turibmiz. Bunday “IT-Parklar” Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganchda ham tashkil etiladi”.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 20-noyabrdagi IT-Parkka tashrifidan soʻng, uning qurilishining ikkinchi bosqichiga start berildi, buning natijasida 2022-yilga kelib IT-Parkning hududi 19 ta zamonaviy obyektlardan iborat binolar majmuasi joylashgan 7,8 gektar maydonni egallaydi.

Shuningdek, IT-Parkda bir nechta respublika miqyosidagi loyihalar amalga oshirilmoqda va ulardan biri IT-mutaxassisliklari boʻyicha bepul taʼlim beradigan oʻzbek tilidagi onlayn platforma – “One million Uzbek Coders” loyihasi hisoblanadi:

Axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida xorijiy hamkorlarimiz bilan hamkorlikda “1 million dasturchi” loyihasi yoʻlga qoʻyildi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Loyiha 2019-yil 1-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Abdulla Aripov va BAAʼning Hukumat va kelajak ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergavi tomonidan boshlab berilgan.

Ushbu platforma maxsus onlayn portal orqali keng aholi qatlami uchun bepul masofaviy taʼlim berishga moʻljallangan. Har kim unda taʼlim olish uchun ariza topshirishi mumkin. Dasturning maqsadi – raqamli texnologiyalar boʻyicha mutaxassislar avlodini tayyorlash, ularni barcha vositalar bilan – dasturlash koʻnikmalari bilan qurollantirish.

Birinchi bosqichda loyiha global mehnat bozorida eng koʻp talabga ega boʻlgan quyidagi toʻrtta ixtisoslikni oʻz ichiga qamrab oladi: Maʼlumotlarni tahlil qilish, Android-dasturlash, FrontEnd-dasturlash va FullStack-dasturlash. Umumiy kurs 120 soatlik taʼlimga moʻljallangan. Har bir darajaning yakunida oʻquvchilar laboratoriya ishlarini tayyorlashi kerak boʻladi va shunga mos ravishda ularga sertifikatlar beriladi.

Maʼruzada shuningdek, “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturini amalga oshirish uchun yangi lavozimlar yaratilishi haqida ham eʼlon qilindi:

Bu barcha vazifalarni hisobga olgan holda, biz ikki oy ichida “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqishni yakunlashimiz kerak. Kelgusida ushbu ishlarni tizimli tashkil etishni boshqarish uchun Bosh vazir oʻrinbosari, vazirliklar va idoralar rahbarlarining oʻrinbosarlari, hamda joylardagi hokimlarning oʻrinbosarlari singari alohida lavozimlar joriy etiladi”.

Oʻzbekiston Respublikasida yangi ish oʻrinlarini yaratish Prezident nutqining yana bir muhim qismi boʻldi. 2018-yilda ishsizlik darajasi 9,3 foizni, 2019-yilda esa 8,9 foizni tashkil etdi. Umumiy hisobda, oʻtgan yili 300 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratildi.

Shu bilan birga, hukumat joriy yilda davlat dasturlari doirasida 500 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilishini taʼminlash boʻyicha zarur choralarni amalga oshirishi kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizning har bir viloyat markazida IT-markazlari ochiladi va ularda yosh avlod vakillari IT mutaxassisliklari boʻyicha fundamental koʻnikmalarni bepul oʻrganishlari, shuningdek, kelgusida BPO (Business Process Outsourcing) yoʻnalishi boʻyicha ishga joylashishlari mumkin boʻladi.

2020-01-27