Prezident Shavkat Mirziyoyev qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirish boʻyicha 2024-yil uchun ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Tahlillarga koʻra, Oʻzbekistonda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga boʻlgan hozirgi ehtiyojni 10-12 barobar ortigʻi bilan qoplashga yetarli.

“Yashil energiya” manbalarini barpo qilish boʻyicha yurtimizda katta dasturlar boshlandi. Bugungi kunga qadar sohaga 2,1 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kirib keldi, yana 13 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Deyarli barcha viloyatlarda zamonaviy quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda. Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushdi. Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatida 183 megavattli 6 ta yirik va kichik GESlar foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlarga tegishli binolar va aholi xonadonlarida umumiy quvvati 457 megavattli quyosh panellari oʻrnatildi.

Natijada qoʻshimcha 5 milliard kilovatt-soat ekologik toza elektr ishlab chiqarish va 1,5 milliard kub metr gazni tejash imkoniyati yaratildi.

2024-yilda elektr ishlab chiqarishda “yashil energiya” ulushi 15 foizga yetishi kutilmoqda. Joriy yildan boshlab yirik “yashil energiya” quvvatlarini barpo etish boʻyicha uch yillik dasturi amalga oshiriladi.

Joriy yildan boshlab O‘zbekistonda yashil energetikani rivojlantirish bo‘yicha uch yillik dastur kuchga kiradi.  Deyarli barcha hududlarda zamonaviy quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etiladi.

Bu tufayli ma’lumotlar markazlari kabi muhim biznes obyektlarida jarayonlarning uzilish xavfi kamaytiriladi.

Shuning uchun aholi va iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, kelgusi uch yilda 8 gigavattli 28 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6 ta yirik podstansiyani qurish, jami 2,2 gigavatt boʻlgan 18 ta elektr saqlash quvvatlarini oʻrnatish moʻljallangan.

Energetika vazirligiga joriy yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan 14 ta stansiya qurilishini jadallashtirish topshirildi.

Bular — Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Fargʻona viloyatlarida 2 gigavattli 11 ta quyosh, Buxoro va Navoiy viloyatlarida 600 megavattli 3 ta shamol stansiyasi.

Ushbu stansiyalarni barpo etish doirasida 500 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari quriladi. Yangi yirik stansiyalarni tarmoqqa ulash uchun 5 ta podstansiya kengaytiriladi.

Joylarda quyosh panellarini oʻrnatish boʻyicha ishlarni yanada kengaytirish, aholining “yashil” energiyadan foydalanish borasidagi intilishlarini qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.

Bu maqsadlarga qoʻshimcha 50 million dollar resurs ajratish, xorijiy investorlar bilan muzokaralar oʻtkazib, yana 100 million dollar jalb qilishga koʻrsatma berildi.

Tadbirkorlarga quyosh energiyasi quvvatlarini joriy etishda manfaatdorligini oshirish uchun qoʻshimcha yengilliklar yaratilishi belgilandi.

Elektr isteʼmoli yuqori boʻlgan qishloq va suv xoʻjaligi, ichimlik suvi taʼminoti korxonalarida “yashil energiya” quvvatlarini koʻpaytirish boʻyicha ishlar jadallashtiriladi. Hisob-kitoblarga koʻra, mamlakatimizda 10 gigavattli agrovoltaika salohiyati mavjud. Mutasaddilarga joriy yilda 6 ta tumanda “agrovoltaika” usulida pilot loyihalarni boshlash topshirildi.

Umuman, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda energiya sarfi yuqori boʻlgan sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqiriladi. Yirik quyosh va shamol stansiyalarini qurish, ularni tarmoqqa ulash, remont-servis xizmatini koʻrsatish hisobiga mahalliy korxonalar uchun katta bozor vujudga kelmoqda.

2024-02-29