Qarshi tumanida IT Markaz ochildi!

2020-yil 11-noyabr kuni Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanida zamonaviy IT markazi ochildi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hududiy boshqaruv rahbari Sanjar Aripov va Qarshi tumani hokimi o‘rinbosari Behruz Murodovlar ishtirok etishdi.

Qarshi tumanidagi mazkur IT Markazning istiqbollariga nazar tashlasak, u bir oy davomida o‘z faoliyatini IT sohasida boshlash, o‘z mahoratini oshirish va portfoliosini yaxshilashga tayyor bo‘lgan 200 dan ortiq talabani tayyorlashga mo‘ljallangan. Natijada yiliga 2 400 nafardan ziyod boshlang‘ich mutaxassislar yetishtirilib, ular kelgusida O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shishi va mahalliy IT mutaxassislarning to'liq salohiyatini butun dunyoga namoyish etishi mumkin.

Shuningdek, IT Markaz o‘qituvchilik vazifasiga 3 ta ish o‘rni ajratgan hamda boshqaruv ko‘nikmalariga ega bo‘lgan va tez qaror qabul qilishga qodir menejerni ishga taklif etadi.

IT Markazda 3 ta o‘quv xonasi, 27 ta zamonaviy kompyuter, dolzarb axborot texnologiyalari kasblarini o‘qitish uchun barcha zarur funksiyalar va ilovalar mavjud.

Shuni ta’kidlash joizki, IT markazda o‘qish yosh cheklovi 9 yosh va undan yuqorini tashkil etadi. 

Ta’lim oluvchilar uchun quyidagi yo‘nalishlar tavsiya etiladi:

- Kompyuter savodxonligi;

- Chuqurlashtirilgan MS Office;

- Veb dasturlash tillari;

- Grafika va dizayn asoslari;

- Mobil ilovalarni yaratish;

- Python dasturlash tili;

- Arduino va LEGO Mindstorms asosida ishlaydigan mobil robotlar;

- Va kibersport: CS: GO, Dota2, FIFA20.

Ma’lumot uchun:

Bugungi kunda mamlakatimizda 61 ta IT markazi ochildi. 2021-yil yakuniga qadar butun O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab 203 ta IT markaz ochilishi rejalashtirilgan.

 

 

2020-11-12