Qarshi shahrida tashkil etilgan “American Makerspace” Qarshi markazi o‘z faoliyatini rasman boshladi.
Ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, AQShning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik, shuningdek, “Air Products” kompaniyasining Markaziy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Vatslav Harant ishtirok etdi.

Tadbir davomida mehmonlar markazda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy jihozlar hamda yoshlar uchun mo‘ljallangan STEAM (fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika) yo‘nalishlaridagi amaliy mashg‘ulotlar jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
“American Makerspace” 3D printerlar, lazerli kesish uskunalari, dasturlar, elektronika, kodlash, robototexnika hamda yog‘ochga ishlov berish va boshqa innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, markaz yoshlarning raqamli va texnik ko‘nikmalarini rivojlantirish, innovatsion salohiyatini oshirish hamda bilimga asoslangan iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Tashrif chog‘ida mehmonlar markazning yoshlar uchun ochgan imkoniyatlarini yuqori baholadi hamda kelgusida bunday loyihalarni respublikaning boshqa hududlariga ham kengaytirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Ushbu loyiha “Air Products” va AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi oʻrtasidagi yaqin hamkorlik natijasidir.

Qarshi shahridagi “American Makerspace” 140 dan ortiq mamlakatlarda mavjud boʻlgan global American Spaces tarmogʻining bir qismi boʻlib, innovatsiya, tadbirkorlik va xalqaro hamkorlikni rivojlantiradi.
2026-01-24