IT Parkning asosiy maqsadlaridan biri O'zbekistonda innovatsion va raqobatbardosh mahsulotlarni, shuningdek, axborot texnologiyalari xizmatlarini rivojlantirishdir. Shu maqsadda, IT Park yangi, istiqbolli va jadal rivojlanayotgan kompaniyalarni, shuningdek, IT bozorida allaqachon o’z o’rnini topgan kompaniyalarni barcha qulaylik va imtiyozlarni olish huquqiga ega bo'lgan kompaniyalar sifatida o’z rezidentlari safiga qabul qilishga va ularni rivojlanishi uchun o’z yordamini berishga tayyor.
O'zbekistonda ko'plab iste'dodli, ijodkor, mard shaxslarning o'sib-ulg'ayayotgani, ularning ko'plari o'z g'oyalari va rejalarini amalga oshirish va innovatsion loyihalarni hayotga tadbiq etish uchun jamoalarga birlashayotgani insonni xursand qilmasdan qolmaydi albatta. Biz ularning har biri bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz. Biroq, IT Park rezidentlari safiga qo’shilish uchun, muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilangan talablarga asosan amalga oshiriladigan puxta tanlovdan o'tish kerak.
Shunday qilib, faqat eng yaxshi va istiqbolli kompaniyalar IT Parkning rezidentlari bo'lishlari mumkin. Ularning kimligini bilmoqchimisiz?
2019-11-16