Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyasi Samarqand shahridagi IT Park filialiga  tashrif buyurdi!

2021-yilning 19 va 22-oktyabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyasi Samarqand shahridagi IT Park filialiga tashrif buyurdi. Tashrifdan asosiy maqsad amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek, turli IT tanlovlari g‘oliblarining ishlari hamda rezident kompaniyalarning faoliyati bilan tanishish edi.

Eslatib o‘tamiz, 20 oktyabr kuni 18 nafar mutaxassislardan tashkil topgan delegatsiya Toshkentdagi IT Park bosh ofisiga tashrif buyurib, u yerda Qirg‘iziston dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari va xizmatlari assotsiatsiyasi hamda Qirgʻiziston Respublikasi Oliy texnologiyalar parki bilan memorandum imzolangan edi.

Tashrif davomida mehmonlarga iqtidorli yoshlarning xakaton, ideaton va boshqa startap tanlovlari doirasida ishlab chiqilgan istiqbolli innovatsion loyihalari haqida taqdimot o‘tkazildi.

IT Park Qirg‘iziston IT kompaniyalari va tashkilotlari bilan turli konferensiyalar, seminarlar va forumlarda ishtirok etadi hamda startap ekotizimini shakllantirish bo‘yicha amaliy tajriba almashish maqsadida loyihalarni inkubatsiya va akseleratsiya qilish  bo‘yicha yaqindan hamkorlik qiladi.

2021-11-01