14-sentyabr kuni IT Park Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida yoshlarni kompyuter savodxonligi, dasturlash, grafik dizayn, mobil robototexnika va kibersport kabi mashhur IT sohalarga o‘rgatish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Karauzyak tumanida yangi IT markazi ochdi.
Yangi IT markazining ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sadiqov, IT Park direktori Farhod Ibrohimov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat boshqarmasi vakillari, shuningdek IT Park va IT markazlari xodimlari faol ishtirok etishdi.
Tadbir davomida axborot texnologiyalari sohasida malakali kadrlar tayyorlash va IT mutaxassislari xizmatiga talabning ortishi munosabati bilan iqtidorli yoshlar bilan tizimli ish olib borish muhimligi ta’kidlandi. IT sohasi shiddat bilan o‘sishi va rivojlanishi sababli yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zaruratga aylandi.
Xususan, mehmonlar IT Park faoliyati, yirik loyihalar va startaplar, talabgir IT kasblari va axborot texnologiyalari olamining hozirgi tendentsiyalari haqida batafsil tanishib chiqishdi.
Eslatib o‘tamiz, bu joriy yil oxirigacha butun respublika bo‘yicha rejalashtirilgan 205 ta markazdan 152-chi IT markazi hisoblanadi, umumiy tinglovchilar soni 27 mingdan oshdi. Barcha ochiladigan IT markazlar zamonaviy standartlarga javob beradi: kompyuterlar, uzluksiz elektr ta’minoti va yuqori tezlikdagi Internet bilan jihozlangan offislar. Bir so‘z bilan aytganda, IT sohasida sifatli ta’lim olish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan
2021-09-15