Quvayt delegatsiyasi IT Parkda: investitsiyalar va IT-iste’dodlarni rivojlantirish

Toshkentda IT Park Uzbekistan rahbariyati va Shayx Abdulloh Muhammad Al Saboh boshchiligidagi “Action Group Holdings” (Quvayt) delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda IT-autsorsing sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, investitsiya imkoniyatlari, venchur kapitalini rivojlantirish va O‘zbekistonning IT-kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Bu nima uchun muhim?

“Action Group Holdings” (AGH) Quvaytning yirik konglomeratlaridan biri hisoblanadi. Uning diversifikatsiyalangan portfeli investitsiyalar, ko‘chmas mulk, mehmondo‘stlik, energetika, axborot texnologiyalari, logistika va qurilish, ta’lim, konsalting va savdo sohalarini qamrab oladi. Kompaniya Yaqin Sharq, Yevropa va Avstraliyaning 10 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadi, 36 dan ortiq millat vakillaridan iborat 2000 dan ziyod mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi. “AGH” Quvaytdagi bosh qarorgohidan tashqari, Ummon va Avstraliyaning Melburn shaharlarida mintaqaviy vakolatxonalariga ega.

Uchrashuvning asosiy mavzulari

Tomonlar O‘zbekistonda ITeS-biznesni kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish va startap ekotizimini rivojlantirish uchun yaratilgan qulay sharoitlarni muhokama qildilar. O‘zbekistonning strategik joylashuvi, raqobatbardosh narx ustunliklari, texnologik korxonalar uchun davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar va jadal rivojlanayotgan raqamli infratuzilmaga alohida e’tibor qaratildi.

Yangi investitsiya imkoniyatlarini ochish va texnologik almashinuvni rag‘batlantirish uchun O‘zbekiston venchur fondlari va startaplari bilan hamkorlikni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, muhokamada O‘zbekistondagi mahalliy IT-mutaxassislarning yuqori salohiyati va sifati alohida qayd etildi, mamlakatda global texnologik loyihalarga hissa qo‘shishga qodir malakali kadrlar safi tobora kengayib borayotgani aytib o‘tildi.

Keyingi qadamlar

Tomonlar investitsiya imkoniyatlarini chuqurroq o‘rganish va hamkorlik dasturlarini batafsil ishlab chiqish uchun navbatdagi uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar. 

Quvaytlik hamkorlar bilan potensial hamkorlik O‘zbekiston IT-mutaxassislari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, O‘zbekiston venchur ekotizimining rivojlanishiga ko‘maklashadi va mamlakatning mintaqaviy IT-hab sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi. IT Park xalqaro hamkorlikni kengaytirish, jahon texnologiya yetakchilarini jalb qilish va mamlakatning texnologik salohiyatini oshirishga intiladi.

2025-03-21