Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Latviyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Yaunzems Girts bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, xususan, yoshlarni yuqori maoshli ish o‘rinlari bilan ta’minlash, ular uchun masofaviy ish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan talab yil sayin oshib borayotgani, ayniqsa, ingliz, yapon, koreys va boshqa tillarga qiziqish ortib borayotgani qayd etildi. Bu jarayon AT sohasi va raqamli iqtisodiyotda hamkorlik uchun muhim omil ekani ta’kidlandi.
Sherzod Shermatov uchrashuvda Latviya kompaniyalarini O‘zbekistonga keng jalb etish, ularni IT Park rezidentligiga aylantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Shuningdek, IT Parkda yaratilgan imkoniyatlar, rezidentlar uchun berilayotgan soliq imtiyozlari va qulay shart-sharoitlar haqida ham ma’lumot berdi.
AT xizmatlari eksporti yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Vazir Yaponiya, Koreya, arab davlatlarining yetakchi kompaniyalari hozirda doimiy ravishda IT Park rezidentiga aylanib, ularning soni oydan-oyga ortib borayotganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bu borada Latviya kompaniyalari bilan ham hamkorlik qilish uchun yetarli imkoniyatlar mavjud.
Uchrashuvda startap ekotizimini rivojlantirish masalalari ham ko‘tarildi. Xususan, Latviya bilan hamkorlikda startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ularga investitsiya kiritish va birgalikda innovatsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi.
O‘z navbatida, elchi Yaunzems Girts mavjud hamkorlik yo‘nalishlari va ularni yanada rivojlantirish uchun yuqori salohiyat mavjudligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Latviya kompaniyalari joriy yilning 23–26 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “ICTWeek Uzbekistan 2025” AKT haftaligida ishtirok etishini ma’lum qildi.
Uchrashuv doirasida, shuningdek, kiberxavfsizlik, raqamli hamkorlik va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish sohalarida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama etildi.
Shu kuni Latviya elchisi UZTELECOM markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
2025-09-11