Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Surxondaryo viloyatiga xizmat safari doirasida Termiz shahriga tashrif buyurib, hududda innovatsiyalar va texnologik rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashning muhim markaziga aylanadigan IT Park filialining yangi binosi qurilishi jarayoni bilan tanishdi. Tashrif chog‘ida vazir rezident kompaniyalar va mutaxassislar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni ham ko‘rib chiqdi.
Yaqin kelajakda ishga tushirilishi mo‘ljallangan filial IT Park rezidentlariga zamonaviy sharoitlar va joylashtirish uchun imtiyozli imkoniyatlarni taqdim etadi. Yangi filialda IT-kompaniyalarning faoliyati va rivojlanishi uchun barcha zarur sharoitlar, jumladan, innovatsion loyihalar va IT-xizmatlarni ilgari surishga qaratilgan puxta o‘ylangan texnologik infratuzilma yaratiladi.
Sherzod Shermatov filial ochilgandan so‘ng faoliyat boshlaydigan IT-Akademiyani tashkil etish loyihasi bilan ham tanishdi. Vazir hudud yoshlari uchun ta’lim dasturlari va treninglar ishlab chiqish, ularning malakasi va mehnat bozorida talabini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Hozirgi kunda filialning qurilishi yakuniy bosqichda bo‘lib, uni yaqin orada foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Ochilgandan so‘ng, bino Surxondaryo viloyatida IT-sanoatni rivojlantirish uchun muhim infratuzilma obyektiga aylanadi. Unda 20 dan ortiq kompaniyani imtiyozli joylashtirish, shuningdek, yosh mutaxassislar uchun qo‘shimcha yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, bu yerda mintaqa yoshlari uchun IT sohasida ta’lim dasturlarini taklif etadigan IT-akademiya ham ish boshlaydi.
2024-11-12