Riga Tech Girls va Tech4Impact vakillarining IT Parkga tashrifi

29-may kuni IT Park ofisiga “Chegara bilmas tadbirkor ayollar” (Female Founders Across Borders) xalqaro dasturi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Latviya tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Tashrifdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistondagi startap ekotizimini va axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Uchrashuvda Riga Tech Girls kompaniyasi startap koordinatori Elis Gurenko, Tech4Impact (O‘zbekiston) nodavlat tashkiloti loyihalar koordinatori Elena Selezneva, shuningdek, Skill Loom, zeMETRIX, V Health, HR WellBe va RACE TRIBE startaplari asoschilari ishtirok etdi.

Mehmonlarni investitsiyalar va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nigora Mirjalilova va raqamli transformatsiya bo‘limi boshlig‘i Madina Sultonovalar kutib oldi.

IT Park vakillari mehmonlarga O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish va axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘zlab berdi.

Tashrif chog‘ida O‘zbekistonda IT-industriyasi va umuman startap ekotizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, xorijlik hamkasblarga IT-mutaxassislar, taʼsischilar va investorlar uchun koʻp martalik kirish vizalarini olish imkonini beruvchi IT Card va IT-Visa loyihalari taqdim etildi.

Uchrashuv IT Park bo‘ylab ekskursiya va tashkilot infratuzilmasi bilan tanishish bilan yakunlandi.

2023-05-30