Xalqaro IT-hamkorlikning faol rivojlanishi fonida IT Park Uzbekistan ofisida bosh direktor Farhod Ibragimov boshchiligidagi IT Park va “IT Bilim” hamda Yaponiyaning “MIKADO Develop and Investment Co., Ltd” kompaniyasi vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Yaponiya delegatsiyasi nomidan bosh direktor Okuda Takefumi va uning hamkasblari Tanaka Satomi va Sarvar Mirvasidovlar ishtirok etishdi. Mazkur uchrashuv Oʻzbekistonning IT-infratuzilmasini sezilarli darajada mustahkamlashi va uning xalqaro miqyosdagi ishtirokini kengaytirishi mumkin boʻlgan kelgusi investitsiyaviy va rivojlanish loyihalarini muhokama qilish uchun platforma vazifasini oʻtadi.
“MIKADO Develop and Investment Co., Ltd” — “Kenburn LLC” tomonidan tashkil etilgan yapon ildizlariga ega oʻzbek masʼuliyati cheklangan jamiyati hisoblanadi. Kompaniya tashqi bozorlarni kelgusida ularga sarmoya kiritish uchun koʻrib chiqayotgan yapon korxonalariga maslahat beradi, shuningdek, salohiyatli investorlar uchun seminarlar va veb-marketing xizmatlarini tashkil qiladi. Bir qancha Osiyo mamlakatlarida oʻz vakolatxonalariga ega “MIKADO” xalqaro faoliyatda faol qatnashmoqda.
Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad IT Park Uzbekistan va “MIKADO Develop and Investment Co., Ltd” kompaniyasi oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash va hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganishdan iborat boʻldi. Janob Okuda yapon kompaniyalarining Oʻzbekiston texnologiyalar sohasining imkoniyatlari toʻgʻrisida xabardorligini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz IT-ekotizimiga investitsiyalarni jalb qilish yoʻlida IT Park bilan kuchlarni birlashtirish niyatida.
Eksportga yoʻnaltirilgan biznesni yuritish qulayligini, shuningdek, mintaqaga sarmoya kiritish va IT va BPO-mutaxassislarini kelgusida ishga joylashtirish imkoniyatlarini taʼminlaydigan Oʻzbekistonning vakolatli qonunchilik bazasi yapon hamkorlarida alohida qiziqish uygʻotdi. Yurtdoshlarimiz orasida yapon tilini bilish darajasini hisobga olgan holda, ushbu omil “kunchiqar” yurt kompaniyalari uchun eng jozibadorlardan biri hisoblanadi.
Kelgusida “MIKADO” kompaniyasi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar boʻyicha maslahatchilar va IT Parkning Yaponiyadagi vakillari sifatida ish olib borib, mamlakatlarimizning IT va BPO tarmoqlari oʻrtasidagi bogʻlovchi boʻgʻinga aylanadi.
Tomonlar aloqalarni mustahkamlash va hamkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan qoʻshma saʼy-harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar. “MIKADO” kompaniyasi bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun yangi istiqbollarni ochib berishi, uning xalqaro maydondagi mavqeyini oshirishi hamda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb etishga koʻmaklashishi mumkin.
2024-05-08