Istiqbolli loyihalar ofisi rahbari Azamat Rahmon-Zoda boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Rossiyaning o‘yin sanoati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiya tarkibidan Video o‘yin sanoatini rivojlantirish tashkiloti bosh direktori Vasiliy Ovchinnikov, “IFSI” jamg‘armasi operatsion direktori va “IndieGO Start” boshqaruvchi hamkori Vladimir Varenik, shuningdek, Video o‘yin sanoatini rivojlantirish tashkiloti bosh direktori o‘rinbosari va Moskva kreativ sanoat agentligi sanoat maslahatchisi Aleksandr Bodrov o‘rin oldi. Muzokaralar yakunida tomonlar geymdev sohasida ta’lim dasturlarini rivojlantirish, mustaqil loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va kompyuter o‘yinlarini ishlab chiquvchilar uchun qo‘shma akseleratorni ishga tushirishga kelishib oldilar.
Shuningdek, “East Games” va “Evegoplayon” mahalliy o‘yin studiyalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “Evegoplayon” bosh direktori Valentin Tsaranov va “East Games” biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Akmal Solihov o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar va delegatsiya bilan O‘zbekistonda mustaqil o‘yinlarni yanada rivojlantirish yo‘nalishlarini muhokama qildilar. O‘z navbatida, Valentin Tsaranov ta’lim tashabbuslarining ahamiyati va kompaniyaning mamlakatda 2D va 3D dizaynini rivojlantirishdagi muvaffaqiyatli tajribasini ta’kidladi.
Video o‘yin sanoatini rivojlantirish tashkiloti, “IndieGO Start” jamg‘armasi va Game-Hub Moskva — mustaqil ishlab chiquvchilar, ta’lim tashabbuslari va xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi Rossiya video o‘yinlar bozorining asosiy ishtirokchilari hisoblanadi. Ularning faoliyati o‘yin sanoatida startap ekotizimini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va mahalliy loyihalarni jahon bozoriga olib chiqishga qaratilgan.
Uchrashuvda tomonlar geymdev sohasida ta’limni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar — art, 2D/3D grafika va o‘yin dizayni ustuvor yo‘nalishlar sifatida tanlandi. Kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqish sohasidagi mustaqil loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va akseleratorni ishga tushirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. “IndieGO Start” boshqaruvchi hamkori Vladimir Varenik mahalliy ishlab chiquvchilarni ekspertiza, tajriba va loyihalarni global bozorga olib chiqish bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.
Tashrif doirasida Rossiya delegatsiyasi IT Park rezidentlariga tashrif buyurdi:
“DIP animation” studiyasi — 10 yildan ortiq tajribaga va xorijiy kompaniyalar bilan muvaffaqiyatli loyihalarga ega bo‘lib, jahon bozorlari uchun animatsiya va vizual effektlar yaratish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya maqsadi reklama, kliplar va animatsion seriallar sohasida sifatli va xalqaro standartlarga javob beradigan loyihalarni ishlab chiqarishdir.
United Soft — 2011-yilda o‘zbekistonlik yetakchi mutaxassislar tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, mintaqadagi eng yaxshi animatsiya va vizual effektlar yaratuvchi studiyalardan biri hisoblanadi. Ham mahalliy, ham xalqaro loyihalarni amalga oshiradi.
Art Craft — mahsulot dizayni, veb-mahsulotlarni ishlab chiqish va marketing yordami bilan shug‘ullanadigan dizayn agentligi. “Coca-Cola”, “PayMe” va boshqa yirik mijozlar uchun dizayn-yordamini amalga oshiradi.
Tasnif Group — grafik dizayn va brendingdan tortib veb-ilovalar, animatsion filmlar va kino ishlab chiqarishgacha bo‘lgan xizmatlarni taqdim etuvchi to‘liq siklli raqamli agentlik. Kompaniya “AgroBank”, “Magnit Cosmetic” va O‘zbekiston Superligasi kabi mijozlar uchun loyihalarni amalga oshiradi.
Video o‘yin sanoatini rivojlantirish tashkiloti bosh direktori Vasiliy Ovchinnikov O‘zbekistonda geymdev sohasini rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni ta’kidlab, bu kompaniyaning ochilishi uchun hal qiluvchi omil bo‘lganini qayd etdi.
O‘yin sanoati sohasida Rossiya kompaniyalari bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun ta’lim dasturlarini kuchaytirish, mustaqil dasturchilar uchun akselerator yaratish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda geymdev sohasini rivojlantirishning istiqbolli markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlash imkonini beradi.
2025-09-24