Samarqand jahon sahnasida: IT Park Uzbekistan Vashingtonda mintaqaning investitsiya imkoniyatlarini taqdim etdi

IT Park Uzbekistan ko‘magida Samarqand viloyati delegatsiyasi Vashingtondagi O‘zbekiston elchixonasida viloyatning IT salohiyatini taqdim etdi. Tadbirda xalqaro miqyosda o‘z faoliyatini kengaytirishga qiziqqan AQShlik tadbirkorlar, biznes egalari va IT-mutaxassislar ishtirok etdi.

Tadbir Samarqand viloyatining investitsiyaviy va texnologik imkoniyatlariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilarga biznesni rivojlantirish uchun ustuvor yo‘nalishlar —  bek-ofislar, savdo bo‘limlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, IT-xizmatlar vakolatxonalari va BPO-loyihalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari taqdim etildi. 

IT Park vakili hududning afzalliklari haqida so‘z yuritib, qulay investitsiya muhiti, malakali mutaxassislar sonining ortib borayotgani va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan faol qo‘llab-quvvatlash choralarini alohida ta’kidladi. Bugungi kunda Samarqand xorijiy kompaniyalar uchun xarajatlarni optimallashtirish barobarida sifatni saqlab qolish imkonini beruvchi yangi markaz sifatida tez sur’atlar bilan shakllanmoqda.  

Shuningdek, IT Park vakili “Uzbekistan Tech Ambassador” nomli yangi dastur ishga tushirilishini e’lon qildi. O‘z nutqida u mamlakatning hamkorlikka tayyorligini qayd etdi:

“O‘zbekiston innovatsiyalar olib kiruvchi va bozorlarimiz o‘rtasida sinergiya yaratuvchi hamkorliklarga ochiq. Biz AQSh kompaniyalariga infratuzilma, soliq imtiyozlari va iqtidorli mutaxassislar salohiyatidan foydalanish imkoniyatini taqdim etishga tayyormiz.”  

Samarqand viloyatining Vashingtondagi taqdimoti O‘zbekistonning global texnologik ekotizimga integratsiyalashuvi yo‘lidagi yana bir muhim qadami bo‘ldi. Bunday tashabbuslar xalqaro biznes hamjamiyatida ishonchni mustahkamlab, mamlakatning nafaqat hamkorlikka tayyor ekanini, balki o‘sish uchun noyob imkoniyatlar taqdim etayotganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida IT-ko‘priklar barpo etilishi tajriba almashinuvi, investitsiyalar hajmining oshishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishi uchun keng yo‘l ochadi.

2025-04-25