Sergey Krilov: “Oʻqituvchi uchun darslik chegarasidan tashqariga chiqishdan qoʻrqmaslik muhim”

Sergey Aleksandrovich Krilov — 15 yildan ortiq tajribaga ega informatika oʻqituvchisi boʻlib, talabalarga IT olamiga yoʻl ochishda yordam beradi.

U Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan va hozirda Gyote nomidagi 60-ixtisoslashtirilgan davlat maktabi va Diplomat International School xususiy maktabida informatika fanidan dars beradi.

Intervyuda Sergey oʻzining kasbiy tajribasi, oʻz ishiga boʻlgan ishtiyoqi bilan oʻrtoqlashdi va shogirdlarini (ularning baʼzilari allaqachon bizning ruknlarimiz qahramoniga aylangan) IT sohasida muvaffaqiyatli karyera qurishga qanday ilhomlantirishi haqida gapirib berdi.

Pedagoglik karyerasi haqida

2006-yili 21 yoshli TDTU 4-kurs talabasi sifatida Toshkent davlat ixtisoslashtirilgan sanoat kasb-hunar kollejiga informatika fani oʻqituvchisi boʻlib ishga joylashdim. Bu mening birinchi oʻqituvchilik tajribam edi va bir necha daqiqadan soʻng pedagogika va informatika, ayniqsa ularning uygʻunlashuvi meni shunchalik oʻziga jalb qilishini, butun hayotim davomida shu bilan shugʻullanishni xohlashimni angladim.

Oʻqitish tamoyillari toʻgʻrisida

Keling, maktabda informatika boʻyicha oʻquv dasturining tuzilishini koʻrib chiqamiz. Bu fandan 5-8-sinflarda haftasiga atigi bitta dars, 9-11-sinflarda esa ikkita dars ajratiladi. Ayniqsa zamonaviy dunyoda internet koʻnikmalari va kompyuter yordamida muammolarni hal qilish qobiliyati qanchalik muhimligini hisobga olsak, bu juda oz.

Bundan tashqari, darslikdagi har bir mavzuga cheklangan soatlar ajratilgan. Ammo oʻquv dasturi har doim ham axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishiga va deyarli hech qachon bolalarning mustaqil oʻrganish darajasiga mos kelmaydi.

Masalan, 5-6-sinf oʻquvchilari matn va grafik muharrirlarda ishlash asoslarini oʻrganishga unchalik qiziqishmaydi, 6-7-sinf oʻquvchilariga taqdimotlar yaratish jarayoni qiziq emas, 8-sinf oʻquvchilariga esa bir yil davomida Telegram, YouTubeʼdan foydalanish yoki Facebookʼda roʻyxatdan oʻtishning bosqichma-bosqich koʻrsatmalarini oʻrganish gʻalati tuyulishi mumkin. Ushbu misollar oʻquv dasturidan olingan.

Albatta, “informatika” fanini oʻrganish uchun bu majburiy mavzular boʻlib, ular muhim ahamiyatga ega. Ammo zamonaviy maktab oʻquvchilari haqida gapiradigan boʻlsak, ular jamiyatni kompyuterlashtirishga erta duch kelishadi. Ular boshlangʻich sinflardayoq loyihalar tayyorlashadi, matnli hujjatlar yaratishadi va internet bilan ishlashadi, shuning uchun oʻrta maktabda bu mavzularni takrorlashni xohlamaydilar.

Oʻqituvchilar oʻquv dasturini oʻquvchilar ehtiyojlariga moslashtira olishidan mamnunman. Shaxsan men bolalarga dasturlashni oʻrgatish uchun maksimal vaqt ajratishga harakat qilaman. Taqdimotlar yaratish, YouTube uchun videolar olish yoki Facebookʼdagi postlarga sharh yozish qanchalik qiziqarli va quvnoq boʻlmasin, mening fikrimcha, bolalar dasturlashni bilishi kerak.

Albatta, har bir bolani dasturchi qilishdan maʼno yoʻq. Ushbu sohadagi bilim darajasi har bir kishi uchun individual boʻladi. Ammo tanlangan kasbdan qatʼiy nazar, dasturlashning asosiy koʻnikmalari har qanday faoliyat sohasida foydali boʻladi.

Kasbga boʻlgan muhabbat haqida

Men har doim asosiy vazifam — bolalarga oʻz fanimning ahamiyatini yetkazish deb hisoblaganman. Agar ularni bunga ishontira olsam, qolganini oʻzlari qilishadi.

Oʻqituvchi sifatida shogirdlarimning muvaffaqiyatida mening hissam juda ham oz. Mendan faqat ilm-fanga qiziqish uygʻotish, ularning har biri istalgan narsaga qodirligini koʻrsatish va oʻzaro muloqotni tashkil qilish talab qilinardi.

Bir paytlar maktabimizda tarkibiga viloyat, shahar va respublika olimpiadalari gʻoliblari boʻlgan 15 nafar oʻquvchi kirgan IT toʻgaragi tashkil etildi. U yerda qandaydir dastur yozish yoki mavzuni oʻrganish vazifasi yoʻq edi. Buning oʻrniga ular bir-birlari tushunadigan tilda muloqot qilishdi, yangi bilimlar almashishdi va oʻzlari uchun qiziqarli boʻlgan dasturlarni yaratishdi. Yuqori sinf oʻquvchilari kichik sinf oʻquvchilarini toʻgarakka taklif qilib, tajribalari asosida maslahatlar berib, oʻzlari dars oʻtishardi. Shunday qilib, toʻgarakning har bir aʼzosi oʻzi oʻqituvchiga aylandi.

Men oʻz kasbimni chin dildan sevaman. Bolalarga dars berishni va ular mening darslarimdan oldin bilmagan narsalarni oʻrganishlarini kuzatish juda maroqli. Buning uchun, albatta, doimo oʻz ustingizda ishlashingiz kerak va bu katta yutuq. Men oʻrganish va bilim almashishni yaxshi koʻraman.

Trendlar va innovatsiyalar haqida

Zamonaviy informatika oʻqituvchisi biron bir asosiy darslik, kitob yoki standart oʻquv dasturiga ega boʻlishi mumkin emas. IT sohasi shu qadar tez rivojlanmoqdaki, hatto eng dolzarb adabiyotlar ham bir-ikki yil ichida eskirib qoladi.

Ammo zamonaviy oʻqituvchi IT Park, Coursera, Khan University oʻquv kurslari, Google va boshqalarning taʼlim dasturlari kabi keng koʻlamli taʼlim resurslaridan foydalanish imkoniyatiga ega. Biz tendensiyalar va innovatsiyalar bilan hamnafas boʻlish uchun ushbu xizmatlardan faol foydalanamiz.

Qadriyatlar haqida

IT koʻnikmalaridan tashqari, menimcha, eng muhimi — jamoada ishlash qobiliyati. Hech kim, hatto eng kuchli dasturchi ham, uni oʻrab turgan odamlarning yordamisiz katta vazifani bajara olmaydi.

Shuni anglash muhimki, hozir biror narsani bilmasligingiz yoki qila olmasligingizda uyatli joyi yoʻq. Oʻquvchilar baʼzi masalalarni oʻqituvchiga qaraganda yaxshiroq tushunishlari dahshatli emas. Asosiysi, soʻrash mumkin boʻlgan odamning boʻlishi. Men zamonaviy taʼlim “har kim hammadan oʻrganishi mumkin” tamoyiliga asoslanishi kerak deb hisoblayman va oʻquvchilar oʻrtasida bilim va tajriba almashishni ragʻbatlantiraman.

IT sohasidagi gender tengsizligi haqida

Menda IT sohasida jinsidan qatʼiy nazar muvaffaqiyatli boʻlish mumkinligini isbotlovchi eng yorqin misol bor.

Mening oʻquvchim, maqolalaringizdan birining qahramoni Yevgeniya Subbotina — dunyoning yetakchi IT-kompaniyalari xodimning jinsi haqidagi savolni oxirgi boʻlib berishlariga misol boʻla oladi. Yevgeniya 20 yoshda, Uzum Technologies kompaniyasida ishlaydi, bundan oldin esa VK va boshqa yirik IT-kompaniyalar bilan hamkorlik qilgan.

Uning namunasi shuni koʻrsatadiki, faqat tanlangan kasbni oʻrganish istagi muhim ahamiyatga ega. Men bu sohada koʻproq qizlar/ayollar boʻlishini istardim va Yevgeniyaning misoli boshqalarni ilhomlantiradi deb umid qilaman.

Mukofotlar haqida

2020-yilda Oʻzbekiston prezidenti meni “Shuhrat” medali bilan taqdirladi. Bu 100% shogirdlarimning xizmati, hech qanday chorlovlardan qoʻrqmagan, qiyinchiliklarda toʻxtamagan va har qanday toʻsiqlarni yengib oʻtgan butun talabalar jamoasining mukofotidir.

Medal haqidagi yangilikni birinchi navbatda shogirdlarim bilan ulashdim va ular oʻqishni tugatgandan keyin ham oʻzlarining har bir yutugʻini men bilan baham koʻrishlaridan mamnunman.

Rejalar haqida

Maktabimizda uzoq vaqtdan beri maqsad shakllangan — hech boʻlmaganda bitta oʻquvchimiz Xalqaro informatika olimpiadasiga borishi. Ushbu maqsad hali ham dolzarbligicha qolmoqda. Ayni paytda maktabimiz oʻquvchilarini Respublika terma jamoasi tarkibiga kiritishga qaratilgan loyiha ustida ishlayapmiz.

Bu qiyin vazifa va men doimo talabalarimga IT oson boʻlmasligini aytib kelganman. Lekin bu, albatta, hamma uchun qiziqarli boʻladi.

Oʻqituvchi va talabalar uchun maslahatlar

Oʻqituvchilarga darslikdan chetga chiqishdan qoʻrqmaslik va uyalmaslikni maslahat bermoqchiman. Oʻquvchilarga imkonsiz narsaning oʻzi yoʻqligini koʻrsatish juda muhimdir. Oʻquvchi ishlay olmaydigan dasturlash tili, dasturiy taʼminot yoki kompyuter mavjud emas.

Talabalarga tillarni oʻrganishni maslahat bermoqchiman. Men One Million Uzbek Coders loyihasida ishtirok etganimda, shogirdlarim bilan duch kelgan asosiy qiyinchilik chet tilini yaxshi bilmaslik edi. Shuning uchun kamida 3 tilni oʻrganing: ona tili, istalgan chet tili va dasturlash tillaridan biri.

2023-09-11