13-iyun kuni IT Parkning Sirdaryodagi filialida ITWomen.Uz loyihasi ishtirokchilariga sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Loyiha xotin-qizlarni IT sohasida o‘qitish va ish bilan ta’minlash, shuningdek, ularning mazkur sohada faolligini oshirishga qaratilgan.
Shu maqsadda Sirdaryo viloyatidagi 253 nafar, jumladan “ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar, qolaversa, oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda o‘rta umumta'lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilari uchun kompyuter savodxonligi bo‘yicha bepul o‘quv kurslari tashkil etildi.
Kurs yakunida bitiruvchilarga sertifikatlar topshirildi. Ushbu sertifikat IT sohasida boshlang‘ich bilimlarga ega bo‘lgan xotin-qizlarimizga sohaning keyingi pog‘onalarida o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishlari uchun turtki bo‘lib xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, ITWomen.Uz loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda IT Park tomonidan mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti, Amiti va Inha universitetlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
2022-06-14