Sirdaryo viloyatida mamlakatimizdagi ilk “Future Skills Uzbekistan” loyihasiga start berildi

IT Park Sirdaryo filialida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Sirdaryo viloyatidagi hududiy bo‘limi xodimlari, shuningdek, Sirdaryodagi IT Park filiali bo‘lg‘usi mutaxassislar uchun “Future Skills Uzbekistan” loyihasining taqdimotini o‘tkazishdi. Tadbirda loyihaga jalb qilingan 35 nafar yoshlar ishtirok etishdi.

“Future Skills Uzbekistan” - bu IT Park tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda kasbiy tayyorgarlik va malakali IT kadrlarni tayyorlash orqali ishsiz fuqarolarni axborot texnologiyalari sohasiga o‘qitish loyihasi.

Loyihaning maqsadi - axborot texnologiyalari bo‘yicha keng qamrovli o‘quv dasturi orqali yuqori malakali IT mutaxassislar sonini ko‘paytirishdir.

Loyiha quyidagi 3 ta asosiy bosqichni o‘z ichiga oladi:

- Professional ta’lim va IT mutaxassislarni tayyorlash;

- IT mutaxassis kompetensiyasini baholash va malaka to‘g‘risidagi pasport;

- IT mutaxassisining ishga joylashishiga va o‘z-o‘zini band qilishiga  (frilans) ko‘maklashish

Loyiha doirasida ishtirokchilarga nafaqat IT mutaxassisliklari o‘qitiladi, balki istiqbolli talabalarga ish izlashlarida va ish topishlarida har tomonlama yordam beriladi. Bundan tashqari, loyiha ishtirokchilari uchun turli tadbir, amaliyot, xakaton, akselerator, inkubator, tanlov va boshqa tadbirlar tashkil etiladi. Loyihada turli xil platformalar va agregatorlar orqali xalqaro frilans bozorida o‘qitilgan IT mutaxassislarning kirishiga alohida e’tibor qaratiladi.

2021-03-23