Joriy yilning 5-aprel kuni “Innoprom” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida “Uzexpocentre”da O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi, Axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Olimjon Umarov hamda “Skolkovo” jamg‘armasi raisi Arkadiy Dvorkovich boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos va IT Park rahbariyati ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi tomonlar o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik qilish uchun yangi yo‘nalishlarni joriy qilish, mazkur sohada qo‘shma loyihalarni ishga tushirish kabi masalalar muhokama qilishdan iborat.
Uchrashuv davomida muhokama qilingan birinchi yo‘nalish – bu davlat xizmatchilarni IT ta’lim bilan ta’minlash. Ushbu yo‘nalish hukumat tomonidan davlat boshqaruvida IT sohasi bo‘yicha tadbiq etilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar va tashabbuslarni hisobga olganda katta ahamiyat kasb etadi. Uchrashuv davomida muhokama qilingan ikkinchi yo‘nalish – bu sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha tajribaviy davlat loyihalarida birgalikda ishtirok etish.
Arkadiy Dvorkovich delegatsiya sun’iy intelekt bo‘yicha loyiha rivojlantirishda katta tajribaga ega ekanligi va ular mamnuniyat bilan ushbu loyihalarni amalga oshirishda yordam berishini ta’kidlab o‘tdi.
Olimjon Umarov hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni va qarorida, xususan, 2021-yil 17-fevraldagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4996-son qarori, hamda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida (PF–6079-son, 05.10.2020 y.) belgilangan ustuvor vazifalar mavjud ekanligini aytib o‘tdi.
Olimjon Umarov yuqorida qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlarga muvofiq loyihalar ishlab chiqish va ularni davlat tuzilmalarida tadbiq etish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Qolaversa, Olimjon Umarov Rossiyaning IT kompaniyalarini ushbu loyihalarda bevosita ishtirok etishga taklif qildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan Rossiya Federatsiyasining turli xil startaplarni moliyalashtirish uchun ajratilgan byudjetning shaffofligini ta’minlashga yordam beradigan startaplar me’yoriy-huquqiy bazasini yaratish tajribasini o‘tganishga qiziqish bildirildi.
Rossiya yoki O‘zbekiston bozorlariga kirishni xohlaydigan har ikkala tomonning rezidentlarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taklif bildirildi.
Uchrashuv so‘ngida, tomonlar o‘zaro kelishib olingan takliflarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shuningdek, IT Park va Skolkovo jamg‘armasi yaqin kunlarda hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolashga kelishib olishdi.
2021-04-06