Slovakiyaga tashrif yakunlari: Yevropa kompaniyalari O‘zbekiston IT bozoriga qiziqish bildirdi

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi bilan birga IT Park Uzbekistan jamoasi Slovakiyaga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga vazir o‘rinbosari Jamol Maxsudov boshchilik qildi, shuningdek, IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov ham ishtirok etdi. Tashrif IT sanoati, davlat tuzilmalari va ixtisoslashgan uyushmalar vakillari bilan uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Asosiy maqsad xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli hamkorlar topish va raqamli texnologiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni muhokama qilishdan iborat edi.

Bratislava biznes-forumi: IT-kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar

4-mart kuni Bratislavada texnologiya sektori vakillari va investorlarni to‘plagan Slovakiya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Forumni Slovakiya iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Vladimir Shimonyak ochib, mamlakatning O‘zbekiston bilan hamkorlikni, ayniqsa texnologiyalar, energetika va ishlab chiqarish sohalarida rivojlantirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akrom Aliyev keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, investorlar uchun jozibador sharoitlar va xalqaro hamkorlikning keng imkoniyatlari haqida so‘zladi.

Slovakiyaning “SARIO” investitsiya loyihalari departamenti direktori Tomash Salini Slovakiyaning xorijiy investorlar uchun strategik afzalliklarini taqdim etdi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rais o‘rinbosari Dilshod Rasulov esa IT, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va logistika kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollari bilan o‘rtoqlashdi.

Biroq forum faqat rasmiy chiqishlardan iborat bo‘lmadi. U jonli munozaralar, fikr almashish va norasmiy uchrashuvlarni ham o‘z ichiga oldi. O‘zbekiston va Slovakiya vakillari hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalarni qizg‘in muhokama qilib, o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.

IT-kompaniyalar bilan muzokaralar

O‘zbekiston delegatsiyasi Slovakiyaning yetakchi IT-kompaniyalari va tegishli tashkilotlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. “SARIO” agentligining tashqi savdo departamenti direktori Egon Zorad bilan muzokaralar chog‘ida Slovakiya kompaniyalarining O‘zbekiston IT sanoati bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligi bildirildi.

“Zero Risk”, “Softlandin”g, “IT Visa” va “Enterprise Uzbekistan” kabi xorijiy IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari muhokama qilindi. O‘zaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi qadamlardan biri “SARIO”ning Slovakiya kompaniyalari uchun qo‘shma vebinar tashkil etish taklifi bo‘ldi. Unda IT Park Uzbekistan O‘zbekistondan IT-mutaxassislarni jalb qilish va autsorsing imkoniyatlarini taqdim etadi.

Muhim voqealardan biri sun’iy intellekt yordamida atrof-muhit monitoringiga ixtisoslashgan “MicroStep-MIS” bilan bo‘lgan muhokama bo‘ldi. Kompaniya IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini olishga qiziqish bildirdi va hamkorlik imkoniyatlarini batafsil o‘rganish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, tashrif doirasida “ENVIEN Group”, “Vodohospodárska výstavba”, “ROKOSAN” va “ELTECO GROUP” kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat IT-kompaniyalari, startaplari va venchur fondlari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishda ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Slovakiyaning bir qator yetakchi IT-kompaniyalar o‘zbekistonlik dasturchilar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. “CodeBlox” kompaniyasi direktori Iliya Nikolich O‘zbekistonda autsorsing markazini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilib, IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun jozibador shart-sharoitlarni ta’kidladi.

“IT Crab” asoschisi Viktor Senko o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarning yuqori darajasini va mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligini ta’kidladi. “Itmatch” ijrochi direktori Igor Stano O‘zbekistonda IT-autsorsing istiqbollari va startaplarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ta’kidladi. “SOFTEC” direktori Piter Tandlix bilan O‘zbekistonda ofis ochish imkoniyati muhokama qilindi. “EYERIM” hammuassisi Yassaman Omidbaxsh elektron tijorat, sun’iy intellekt va ma’lumotlarni tahlil qilish sohalarida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

Yakuniy kelishuvlar va istiqbollar

Tashrifning so‘nggi nuqtasi Slovakiya IT-assotsiatsiyasi (ITAS) rahbariyati bilan uchrashuv bo‘ldi. Prezident Emil Fitosh va vitse-prezident Mario Lelovski IT Park imkoniyatlari, jumladan, soliq imtiyozlari, biznes yuritish shartlari va hamkorlik istiqbollari haqida batafsil ma’lumot oldilar. Muzokaralar davomida tomonlar Slovak IT-kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishiga ko‘maklashish va hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Aholining raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Digital Coalition” loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Bunday tashabbusni O‘zbekistonda Raqamli texnologiyalar vazirligining Raqamli ta’limni rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda amalga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Slovakiya va O‘zbekiston o‘rtasida IT sohasidagi hamkorlikning kengayishi har ikki davlat uchun yangi istiqbollarni ochmoqda. Hamkorlik yangi ish o‘rinlarini yaratish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqaro bozorlarga chiqishga ko‘maklashadi. Mazkur tashrif xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekiston IT sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda muhim qadam bo‘ldi. Oldinda ikki mamlakatning axborot texnologiyalari sohasidagi mavqeini mustahkamlaydigan yangi qo‘shma loyihalar, investitsiyalar va tashabbuslar kutilmoqda.

2025-03-07