Sloveniya Respublikasi Prezidentining xalqaro munosabatlar bo‘yicha maslahatchisi, Lyublyana universiteti professori Zlatko Shabich va Sloveniyaning “Regional Dialogue” nomli nufuzli nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Katya Gershak boshchiligidagi delegatsiya Raqamli texnologiyalar vazirligiga rasmiy tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida dastlab delegatsiyaga IT Park Uzbekistan va Raqamli texnologiyalar vazirligida amalga oshirilayotgan islohotlar, asosiy yo‘nalishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida taqdimot qilindi.
Mehmonlar mamlakatimizda raqamli sohada, xususan, IT mutaxassislar tayyorlash, kiberxavfsizlikni ta’minlash va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, delegatsiya O‘zbekistonning muhim axborot infratuzilmalari xavfsizligini ta’minlashga ixtisoslashgan UZSOC markazi hamda raqamli yechimlar va elektron hukumat tizimlarini ishlab chiquvchi Yagona integrator — UZINFOCOMda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Ayniqsa, sun’iy intellekt va raqamli innovatsiyalar yo‘nalishidagi ishlanmalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari O. Umarov delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa, yosh mutaxassislarni sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida o‘qitish borasidagi istiqbolli loyihalar muhokama etildi.
Tomonlar, shuningdek, raqamlashtirish, startaplar uchun qulay ekotizim yaratish, chet el kompaniyalarini mamlakatga jalb etish yuzasidan ham fikrlar almashishdi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasida raqamli texnologiyalar va ta’lim sohalaridagi aloqalarni yanada kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
2025-04-21