Startap Story: Oshme — restoran tanlash va onlayn tarzda stol bron qilishda koʻmaklashuvchi xizmat

Startup Storyrukni doirasida obunachilarimizni IT Park akseleratsiya dasturlarida ishtirok etgan Markaziy Osiyo davlatlarining muvaffaqiyatli loyihalari bilan tanishtirishda davom etamiz.

Bu galgi mehmonimiz – “Khisam Communications” PR agentligi rahbari, Oshme_bot loyihasi asoschisi 37 yoshli Taufik Xisamov.

Startap-gʻoya qanday paydo boʻldi?

Taufik Toshkentda tug‘ilib o‘sgan, biroq keyinchalik Moskvaga ko‘chib o‘tib, u yerda Rossiya davlat gumanitar universitetining PR fakultetini tamomlagan, “Edelman” xalqaro agentligida ishlagan, Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universitetida dars bergan. Keyinchalik oʻzining “Khisam Communications” PR agentligini ochib, eBay, LinkedIn, Ozon va boshqa platformalarni targʻib qilish bilan shugʻullangan.

2022-yil fevral oyida u Toshkentga keldi va aprel oyidayoq O‘zbekistondagi restoranlar, qahvaxonalar, barlar va pablar bo‘yicha gid – “Oshme” loyihasini ishga tushirdi.

“Ushbu gʻoya 2022-yilning aprel oyida, Oʻzbekistonga koʻchib kelgan relokantlarning katta oqimidan soʻng paydo boʻldi. Asli toshkentlik boʻlganim uchun koʻpchilik qayerda palov yeyish, qahva ichish yoki nonushta qilish mumkinligi haqida bilish uchun menga murojaat qildi. Shundan soʻng men doʻstlarimga tavsiya qilgan joylar koʻpchilikka yoqqanini payqadim. Keyin oʻyladim: barcha muassasalarni birlashtirgan, oshxonasi, joylashuvi haqida toʻliq ma’lumot beradigan, shuningdek, stolni bron qilish imkoniyatini taklif qiladigan foydali xizmatni ishga tushirsammikan?” 

Dastlab pul ishlash maqsadida emas, balki odamlarga O‘zbekistondagi muassasalarni qidirish va tanlashda qulay vositani taklif qilish uchun yaratilgan Oshme startapi mana shu tarzda paydo boʻldi.

Taufik loyihani bir oʻzi yaratdi. O‘zbekistonliklar orasida Telegram messenjeriga bo‘lgan talabni inobatga olib, u o‘z startapini ushbu platformada ishga tushirishga qaror qildi.

Hozir loyihaga yana 4 kishi jalb etilgan. Shunday qilib, 5 kishidan iborat jamoa startapni takomillashtirish va rivojlantirish ustida ishlamoqda.

Startapning foydali jihatlari nimada?

@Oshme_bot - restoranda stol band qilish imkoniyati bilan O‘zbekistondagi restoranlar, qahvaxonalar, barlar va pablar uchun Telegram-gid.

Xizmat O‘zbekistondagi restoran xizmatlarining o‘ziga xos reklamasi sifatida ham xizmat qiladi. Bu nafaqat mahalliy aholi, balki sayyohlar uchun ham Toshkent, Samarqand yoki Buxoroning gastronomik madaniyatini yaxshiroq tushunishga yordam beradigan yurtimiz ovqatlanish manzillari xaritasidir.

“@Oshme_bot da hamma narsa mutlaqo bepul. U yerda didingizga mos istalgan muassasani osongina topishingiz, oshxonani, qulay joyni tanlashingiz, shuningdek, stolni bron qilishingiz va hatto manzilgacha taksi buyurtma berishingiz mumkin. Eng faol foydalanuvchilar uchun esa hamkor restoranlar 10% gacha eksklyuziv chegirmalarni taqdim etadi.”

Hozirda katalogda 100 dan ortiq manzillar mavjud. 20 ta muassasa esa Oshme imtiyoz kartalari egalariga Toshkent, Samarqand va Buxoro, shuningdek, Chorvoq va Chimyonda chegirmalarni taqdim etuvchi hamkor sifatida faoliyat yuritmoqda.

Foydalanuvchilar yashash hududi, oshxona turi, formati (klublar, karaoke, kalyan-barlar va boshqalar) bo‘yicha restoran tanlashi mumkin. Restoran tanlangandan so‘ng, uning tavsifi, joylashuvi, taksiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bot orqali buyurtma berish, stol band qilish tugmasi va eng yaxshi tashrif buyuruvchilarning qoldirgan eng yaxshi sharhlari paydo bo‘ladi. Oxirgi punkt loyihaning muassasalar mehmonlarining tajribasi asosida yaratilganligi va ishlab chiqilganligini ta’kidlaydi.

“Startap funksionalligini yaxshilashga harakat qilmoqdamiz. Bizga SIM-kartani hali ro‘yxatdan o‘tkaza olmagan va shunga ko‘ra stol band qila olmagan boshqa mamlakatlardan kelgan mehmonlar murojaat qilishdi. Keyin biz botdan restoran menejeri bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga o‘tish imkonini beruvchi vositani yaratdik”. 

Siz uchun loyihaning eng qiyin qismi nima bo‘ldi?

Ruknimiz qahramoni xotirlashicha, eng qiyin qadam restoranlar bilan munosabatlarni o‘rnatish edi. 

“Biz dastlab muassasalarga platformada bepul joylashtirish va faqat olib kelingan mehmon hisobiga to‘lov olish imkoniyatini taqdim etdik. Ko‘pchilikka bu model ma’qul keldi va turli xil mexanikalarni sinab ko‘rishga imkon berdi, lekin biz uchun biznes sifatida mazkur yondashuv unchalik qulay emas edi, chunki bu rivojlanishimiz va moliyaviy rejalashtirishimizga to‘sqinlik qildi. Shu sababdan, tez orada SaaS modeliga o‘tdik, bu esa restoranlarga reklama va mijozlarni jalb qilish, biz uchun esa uzoq muddatli rejalashtirish va o‘sish uchun katta imkoniyatlarni ochib berdi.”

Quvonarlisi, jamoa barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tib, ishonch bilan olg‘a intilmoqda. Bu esa ko‘p jihatdan mamlakatimizda startaplarni rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan bog‘liq.

“O‘zbekistonda startap-sanoat rivojlanishning dastlabki bosqichida, ammo ajablanarlisi shundaki, u jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Nafaqat kuchli loyihalar paydo bo‘lmoqda, balki IT Park, AloqaTech Lab akseleratori va fondlar kabi startaplar atrofida yuqori sifatli ekotizim ham shakllantirilmoqda”.

Yigitlar o‘z startaplari bilan bir nechta tanlovlarda qatnashishgan.

“Biz Tumaris Tech 2023 startap-bellashuvida g‘alaba qozondik, Astana Hub Battle 2023 tanlovining yarim finaliga chiqdik va AloqaTech Lab 2023 akseleratoriga a’zo bo‘ldik. Bu hali boshlanishi, deb o‘ylayman va bizni oldinda musobaqalar va yangi g‘alabalar kutmoqda”.

Loyihani qay tarzda targ‘ib qilishni rejalashtiryapsiz?

Endilikda jamoa foydalanuvchi restoran tanlash, unda stol bron qilish, hisobni to‘lash, ofitsiantga qilgan xizmati uchun pul qoldirish, restoranga esa mehmonlarni jalb qilish, mijoz to‘plash, restoran uchun zarur bo‘lgan hamma narsani sotib olish mumkin bo‘lgan ekotizimni yaratmoqda.

“Biz pre-seed bosqichidamiz, ya’ni sarmoya izlayapmiz. Biz 68 000 foydalanuvchiga ega platforma sifatida restoran biznesidagi tajribamiz (HoReCa) bilan foydali bo‘lishimiz mumkin bo‘lgan strategik hamkor shaklida smart-money izlamoqdamiz.

Targ‘ibot uchun turli kanallardan foydalanamiz: ijtimoiy tarmoqlardan tortib ogʻizdan-ogʻizga oʻtuvchi reklamagacha (“sarafan radiosi”). 2GIS hamkorimizga aylandi va umid qilamanki, tez orada Google va Yandex ham ular orasida bo‘ladi.”

Jamoa startap muvaffaqiyatiga shubha qilmaydi. Loyihaning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan asosiy narsa, Taufikning fikricha, kuchli rahbar va jamoa.

“Agar jamoani malakali va kuchli rahbar, to‘g‘rirog‘i, yetakchi boshqarsa, u holda jamoa yengadi. Lekin har qanday holatda ham, biror narsa xohlaganingizdek kechmasa, qo‘rqinchli joyi yo‘q. Chunki orttirilgan tajriba ham ijobiy ma’no kasb etadi. Yosh startapchilarga va endigina shu soha haqida o‘ylayotgan, lekin birinchi qadamni qo‘yishdan qo‘rqayotganlarga, xato qilishdan qo‘rqmasliklarini aytishni istagan bo‘lar edim. Rad javobi eshitsangiz ham aslo to‘xtamang!”

Namoyish uchun surat: Spot.uz

2023-05-02