Startup Story: birgina click orqali – istalgan tadbir

“Startup Story” rukni doirasida obunachilarimizni qiziqarli loyihalar bilan tanishtirishda davom etamiz. Bu gal e’tibor markazimizda – “eventuni.online” nomli marketplace va uning yaratilish tarixi.

Startap-g‘oya qanday paydo bo‘ldi?

“Eventuni.online” tadbirlar platformasi (“event marketplace”) 2022-yil sentabrda Kristina Matsarskaya tomonidan YeTTBning ishbilarmon ayollar uchun mentoring dasturi doirasida yaratilgan.

Loyihani yaratishda Kristinaga turizm sohasidagi katta tajribasi yordam berdi.

“Men ko‘p yillar davomida “event”(tadbir) turizm sohasida ishlaganman, bu menga ikki yo‘nalish - tadbir va turizmning muammoli tomonlari ham kamchiliklarini ko‘rishga yordam berdi. O‘ylab qoldim: sohadagi bo‘shliqlarni to‘ldira olamanmi? Angladimki, ha, buning uddasidan chiqa olaman. Shu tariqa, tadbirlarga mo‘ljallangan marketplace yaratish g‘oyasi tug‘ildi”

www.eventuni.online loyihasi “event” (tadbir) yo‘nalishida tovar va xizmatlar yetkazib beruvchilarni izlash uchun moʻljallangan platformadir.

Hozirda loyiha jamoasi ikki kishidan iborat: Kristinaning o‘zi loyihani targ‘ib qilish va uni rivojlantirish uchun mas’ul, uning sherigi Aleksandr Grishin esa texnik qismga javobgar.

Startapning jamiyatga foydasi nimada?

Ruknimiz qahramoni ta’kidlashicha, loyiha, birinchi navbatda, sohada tovar/xizmat yetkazib beruvchilarni izlash vaqtini qisqartirishga qaratilgan.

“Saytimiz B2B va B2C segmentlarini qamrab oladi. Ushbu yo‘nalishda boshqa davlatdan, hatto biznikidan ham konferensiya zalini topish juda qiyin. Ularni qo‘ng‘iroq qilib, manzilini qidirib topib borguncha ancha-muncha vaqt ketadi. Loyihamiz aynan mana shu muammoga yechimdir. Kerakli narsani topish uchun endi “yugur-yugur”ga hojat yo‘q.  Birgina “click” va hammasi muhayyo. To‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib beruvchiga chiqish va  istalgan joyni band qilish mumkin”.

“Xuddi shu holat, masalan, o‘yin maydonchalari va kafelarda sodir bo‘lmoqda”, deya ruknimiz mehmoni davom etadi:

“Bolasining tug‘ilgan kunini nishonlash uchun onalar 2 oy oldin o‘yin maydonchalari bilan kafe qidirishni boshlaydilar. Ushbu muammolarni bizning veb-saytimizda barcha mumkin bo‘lgan variantlarni taqdim etish orqali hal qildik. Endilikda tanishlarga qo‘ng‘iroq qilib “o‘yin maydonchasi bor yaxshi kafe qayerdan topsa bo‘ladi” deb so‘rab-surishtirishga hojat yo‘q. Platformamizda nafaqat kafe va konferensiya zallari mavjud. Unda san’atkorlar, spikerlar, boshlovchilar, “teambuilding” uchun, to‘y marosimini o‘tkazishga mo‘ljallangan joylar, xullas, tadbir/ bayramingizning ovoragarchiliklarsiz, yanada zavqli kechishi uchun turli manzillarni topishingiz mumkin”

Loyihangiz qay sur’atlarda rivojlanmoqda?

Yangi biznesni boshlash har doim ham oson emas, qolaversa, qog‘ozdagi reja amalda boshqacha bo‘lishi mumkin. Kristina loyihani ishlab chiqishning har bir bosqichida kichik qiyinchiliklarga duch kelganini xotirladi. Biroq, qahramonimiz va uning sherigi kuch yig‘ib, to‘siqlarni yengib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.

Hozirda loyiha yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda: saytga bir vaqtning o‘zida ikki davlatdan, O‘zbekiston va Qozog‘istondan “event” sohasida tovar va xizmatlar yetkazib beruvchilar yuklanmoqda.

“Bu kabi yutuqga erishganimizdan juda xursandmiz. Hozircha o‘z kuchimizga tayangan holda baholiqudrat harakat qilmoqdamiz, ammo resurslar cheklangan, shunday ekan, jarayon ham sekinroq kechmoqda. Loyihaning olg‘a siljishi uchun bizga investitsiyalar kerak. Ayni damda faol tarzda investorlarni izlayapmiz”.

Kristinaning ta’kidlashicha, loyihaga “Tumaris.Tech” dasturida ishtirok etish katta yordam berdi.

“Ushbu dastur olg‘a intilishga, rivojlanishga undaydi, kamchiliklarni bartaraf etish-u bo‘shliqlarni to‘ldirishda ko‘mak beradi. Men, ayniqsa, investorlar oldidagi taqdimotga tayyorgarlik ko‘rishimga va eng muhimi, startap uchun investorlarni topishga yordam bergani uchun dasturdan minnatdorman”.

Kristina har kim startap yaratishga qodir ekaniga amin, asosiysi, ko‘ngildagi ishni topish.  

“Oʻzbekistonda loyihani yo‘lga qo‘yish uchun sohalar talaygina. Shunday ekan, har qanday startap asoschisining muvaffaqiyati uning malakasi, bilim va ko‘nikmalari va albatta omadiga bog‘liq. Sohaga endigina qadam qo‘yganlarga o‘z ishining ustasi, qay yo‘sinda harakat qilayotgani-yu natija o‘laroq nimani istayotganini anglaydigan jamoani yig‘ishni maslahat bergan bo‘lar edim. Qalbingizga quloq soling va maqsadingiz yo‘lida hech narsadan to‘xtamang!”

Loyiha hozirda ko‘ngillilarni qidirmoqda. Amaliyot uchun arizalarni quyidagi havola orqali yuborish mumkin:

https://forms.gle/p2MK1Uzf6rVvnJxy6

Amaliyot yakuni bo‘yicha eng faollar ish bilan ta’minlanadi.

2023-01-25