Startup Story: Botcommerce — biznes uchun ijtimoiy tijorat platformasi

“Startup Story” rukni doirasida obunachilarimizni IT Park akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarida ishtirok etgan loyihalar bilan tanishtirishda davom etamiz. Bu galgi qahramonimiz “Botcommerce” loyihasining bosh operatsion direktori – Siroj Boboyev. Suhbatimiz davomida u loyiha qanday yaratilgani, jamiyat uchun qanchalik foydali ekanligi hamda jamoa g‘oyani qay tarzda rivojlantirishni rejalashtirayotgani haqida so‘zlab berdi.

Hammasi nimadan boshlandi?

Siroj Boboyev 27 yoshda. Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutini tamomlagan. Siroj va uning do‘stlari Shamsidinxon Muxibillayev va Abdurauf Sherqulovlar birgalikda “Botcommerce” loyihasini ishga tushirishdi.

“Hammamiz Botcommerce startap kompaniyamizda ishlaymiz. Uni ishga tushirishdan oldin jamoamiz va uning sobiq asoschilardan biri Suxrob dasturiy ta'minot ishlab chiquvchi dasturchilar sifatida faoliyat yuritganmiz va xizmatlar taqdim etganmiz.

Jamoa turli ilovalar, jumladan, kichik va o‘rta biznes uchun Telegram botlarini ishlab chiqgan. Biroq pandemiya va karantin boshlanishi bilan hamma onlayn savdo va yetkazib berish xizmatlariga o‘tdi, bu esa, o‘z navbatida, Telegramda botlarga bo‘lgan talabni sezilarli darajada oshirdi, chunki telegram O‘zbekistondagi eng mashhur messenjerlardan biri hisoblanadi. Jamoamiz talabni qondira olmayotganini tushundi, shunda biz kichik va o‘rta biznes bir qator kod yozmasdan o‘zlarining Telegram botlarini ishga tushira bilishi uchun Botcommerce’ni yaratishga qaror qildik”.

Kompaniyalarda endilikda Telegram va Whatsapp’da bot yaratish, shuningdek, o‘zlarining internet-do‘konlarini ochish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu kichik va o‘rta korxonalarga ko‘p kanalli xizmatlar ko‘rsatish va ularning savdo hajmini oshirish imkonini berdi. 

Startap jamoasi hozircha unchalik katta emas – asoschilar bilan birga 5 kishi.

Dastlab, ta’sischilar Shamsidinxon (bosh direktor) va Abdurauf (texnik direktor) ishlanmani o‘zlari amalga oshirgan, biroq ish hajmi oshgani sayin yana ikkita dasturchi yollagan. Sirojning o‘zi (bosh operatsion direktor), ilgari mahsulot menejeri bo‘lib ishlagan va hozirda biznes va mahsulotni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

Startap va uning afzalliklari haqida so‘zlab bersangiz

Botcommerce - bu kichik va o‘rta biznes uchun ijtimoiy tijorat platformasi.

“Mijozlarimiz 5 daqiqada Telegram bot yoki elektron tijorat saytini ishga tushirishlari mumkin. Shuningdek, ular to‘lov va jo‘natish xizmatlarini birlashtirishi, inventarizatsiyasini boshqarishi, marketing kampaniyalarini o‘tkazishi, tahliliy ma’lumotlarga kirishi va o‘z mijozlariga bevosita messenjer platformalarida yordam ko‘rsatishi mumkin”.

Startapning maqsadi kichik va o‘rta korxonalarga imkon qadar ko‘proq platformalarda savdoni yo‘lga qo‘yish orqali o‘z savdo ko‘rsatkichlarini oshirish imkonini berishdan iborat. Hozircha loyiha faqat Telegram, Whatsapp va veb-saytlar uchun yechimlarni taklif etadi, biroq tez orada Instagram, Facebook va Messenger kabi boshqa ijtimoiy media platformalarida ham kengayishni rejalashtirmoqda.

“Biz korxonalar oʻzlarining barcha savdo va ijtimoiy tarmoqlardagi ishtirokini bir joyda boshqaradigan platforma boʻlishni xohlaymiz. Bozorlar kabi boshqa o‘yinchilardan farqli o‘laroq, biz sotuvchilarimiz savdosidan foiz undirmaymiz, lekin biz ushbu platformalarning barcha afzalliklarini va boshqalarni taqdim etamiz."

Sirojning qayd etishicha, startap O‘zbekistonda elektron tijorat sanoatining o‘sishiga hissa qo‘shadi va yosh avlod dasturiy ta’minot muhandislari uchun ko‘proq ish o‘rinlarini yaratadi.

“Mamlakat uchun yaratayotgan yana bir qadriyatimiz shundaki, biz xalqaro miqyosda kengayganimizdan so‘ng, bu mamlakatga valyuta olib keladi va mamlakatning jahondagi obro‘-e’tiborini oshiradi. Qoidaga ko‘ra, biznikiga o‘xshagan yangi kompaniyalar va startaplarning paydo bo‘lishi har doim ijobiy belgidir, ayniqsa, IT sohasida o‘sish belgisidir. Biz Silikon vodiysi va u yerda joylashgan kompaniyalar va ularning AQSh rivojlanishidagi rolini misol qilib olishimiz mumkin”.

Siz uchun loyihaning eng qiyin jihati nimada edi?

Sirojning so‘zlariga ko‘ra, startapni ishlab chiqish davomida diqqatni bir yerga jamlash oson bo‘lmagan.

“Siz endigina ish boshlaganingizda va birinchi mijozlaringizni jalb qilayotganingizda, ulardan ko‘p fikr-mulohaza eshitasiz. Mijozlar odatda o‘z ehtiyojlari va istaklariga qarab turli xil narsalarni xohlashadi. Savdoni oshirish uchun, ba’zida mahsulotingizga barcha funksiyalarni kiritmoqchi bo‘lasiz, ammo bu sizni asl g‘oyadan uzoqlashtiradi. Biz ham mijozlarimizdan ko‘plab fikr-mulohazalarni oldik, hali ham olyapmiz. Biroq, biz ustuvorlik tizimidan foydalangan holda diqqatimizni jamlashni o‘rgandik.”

Startap-jamoa o‘zi ishlab chiqmoqchi bo‘lgan, mijozlarga foyda keltiradigan funksiyalar ro‘yxatini yaratgandan so‘ng fikr-mulohazalarga e’tibor qaratadilar va ro‘yxatning oxiriga yangi funksiyalar qo‘shadilar. Jamoa loyihaning moslashuvchan bo‘lib qolishi va asl maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishini istaydi, bu esa biznesga ijtimoiy tijorat savdolari orqali ko‘p kanalli tajribani yaratishga imkon beradi.  

“Startap sifatida biz juda ko‘p qiyinchiliklarga duch keldik. Cheklangan resurslarni to‘g‘ri taqsimlashimiz, har doim raqobatdan xabardor bo‘lishimiz va undan oldinda bo‘lishga harakat qilishimiz yoki qarashlarimizni ko‘ra oladigan va biznesimizga sarmoya kirita oladigan investorlarni topishimiz kerak edi. Lekin eng qiyini jamoada ishlash uchun kerakli odamlarni topish va ularni motivatsiya qilish edi. Malakali nomzodlarning aksariyati allaqachon yaxshi ishlarga ega bo‘lib, boshqa kompaniyalarga o‘tishni xohlamas edi. Natijada biz yosh nomzodlardan dasturchi tayyorlash uchun o‘z amaliyot dasturimizni ishga tushirdik.  O‘nlab nomzodlar orasidan ikkita nomzodni tanladik, ular hozir jamoamizda ishlamoqda”. 

Mehnat, vaqt ko‘rsatganidek, besamar ketmadi. Jamoa IT sohasida yangi cho‘qqilarni ishonch bilan zabt etmoqda.

“Jamoamiz Plug and Play Accelerator dasturining birinchi qismida ishtirok etish uchun 160 ta loyiha orasidan tanlab olingan 16 startap qatoridan joy oldi. Biz, shuningdek, Aloqa Ventures kompaniyasining Aloqa Tech Labs akselerator dasturining bir qismiga aylandik. Joriy yilning fevral oyida Olmaotada Astana Hub tomonidan startap-bellashuvda ishtirok etdik. Menimcha, bu samarali ko‘rsatkich. Bizni bundan-da katta marralar kutmoqda”.

Loyihangizni qay tarzda rivojlantirishni rejalashtiryapsiz?

“Botcommerce” loyihasi oʻz yoʻlini endi boshlamoqda va asosan Oʻzbekistonda rivojlanmoqda.

“Hozirda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan bir nechta mijozlarimiz bor va yaqin kelajakdagi maqsad Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi kichik va oʻrta biznes korxonalariga bizning yechimlarimizdan toʻlaqonli ravishda ijtimoiy tijorat yechimlaridan foydalanish imkonini berishdir. Shundan soʻng, xalqaro miqyosda kengayishni rejalashtirmoqdamiz va rivojlanayotgan bozorlarda, jumladan, istiqbolda Whatsapp toʻlovlar va odamlar turmush tarzining boshqa qismlariga chuqur integratsiyalashtirilayotgan Hindiston va Braziliyada koʻplab mijozlar mavjud.”

Ammo bu startap yuqorida sanab o‘tilmagan boshqa mamlakatlarga xizmatlar ko‘rsatmaydi, degani emas. Botcommerce xizmatlarining chegarasi yoʻq.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, loyiha oxir-oqibatda kichik va o‘rta biznes uchun platformaga aylanishni xohlaydi, bu yerda kompaniyalar o‘z savdosi va ijtimoiy tarmoqlardagi mavjudligini boshqara oladi.

“Biz ish boshlaganimizda, Suhrob, ta’sischilarimizdan biri, o‘sha paytda bir nechta “business angel” ya’ni, farishta investorlariga murojaat qilgan edi. Potentsial investorlar ichida faqat Sarvar Ro‘zmatov kompaniyamizga qiziqib qoldi va 2020-yilda biz 18 000 AQSh dollari miqdoridagi birinchi sarmoyani qo‘lga kiritdik. Bundan tashqari, ta’sischilar o‘z mablag‘larining bir qismini investitsiya sifatida kiritishdi va bu bizga hozirgi darajaga yetishimizga yordam berdi. Biz hozirda SEED raundidamiz va O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardagi turli investorlar bilan aloqa o‘rnatmoqdamiz. O‘sish nuqtayi nazaridan, hozirgacha faqat mahsulotning rivojlanishiga sarmoya kiritdik. Biroq, o‘sishda davom etar ekanmiz, potentsial mijozlarga erishish va ularga bizning yechimlarimizdan qanday foyda olishlarini ko‘rsatish uchun marketingga ko‘proq sarmoya kiritishni rejalashtirmoqdamiz.”

O‘zbekiston startap sanoati, ruknimiz mehmoni davom etishicha, garchi u shakllanish bosqichida bo‘lsa-da, IT-hamjamiyatning tobora ko‘proq e’tiborini tortmoqda.

“Bir necha yil oldin turli venchur kapital kompaniyalari paydo bo‘la boshladi va akseleratsiya dasturlari ishga tushirildi. Mahalliy startaplar venchur kapital firmalaridan mablag‘ olmoqda. Startap industriyasida ro‘y berayotgan voqealarning xalqaro e’tirofini Plug and Play venchur kompaniyasining O‘zbekistonga kelishi bilan e’tirof etgan bo‘lar edim. O‘ylaymanki, aynan IT Park yosh mutaxassislar va IT sohasida faoliyat yuritishni xohlovchi yosh avlod uchun turli dasturlarga salmoqli hissa qo‘shmoqda”.

Bozor nisbatan yosh va yangi g‘oyalar hamda startaplarga muhtojdir, deydi mutaxassis.

“Bizda turli sohalarda, masalan, Plug and Play akselerator dasturida rivojlanayotgan ko‘plab startaplar mavjud. Edtech, insurtech, fintech, e-commerce va SaaS kabi sohalarda mahsulot yaratadigan startaplar mavjud. Biroq, O‘zbekistonda Uzum Market, Asaxiy va boshqalar kabi 50 dan ortiq to‘lov kompaniyalari va bozor maydonlarining ishga tushirilishi bilan fintech va elektron tijoratda sezilarli rivojlanishni ko‘ryapmiz. Fintech mutaxassisi sifatida aytishim mumkinki, bozor hali ham innovatsiyalar uchun ochiq. Banklar va fintechlar oddiy kundalik toʻlov xizmatlari, oʻrnatilgan moliyaviy xizmatlar va ochiq bank xizmatlariga ega. Albatta, to‘lovlar bu innovatsiyalarning muhim qismi bo‘ladi, chunki ular ham fintech, ham elektron tijoratga xizmat qiladi”.

Startap sohasi bir joyda to‘xtab qolgani yo‘q. Bu, asosan, startaplarning o‘zlari bilan bog‘liq, chunki ular har doim tashkil etilgan kompaniyalarga qaraganda ko‘proq moslashuvchan bo‘ladi. Ular qat’iy qoidalar va ko‘rsatmalarga ega emas, shuning uchun ular o‘z maqsadlariga tezroq erishadilar. Masalan, nufuzli kompaniyalarga biror xususiyatni tahlil qilish, tasdiqlash va joriy etish uchun bir necha oy yoki yillar kerak bo‘lsa, startaplar buni bir necha hafta ichida amalga oshirishi mumkin, deydi suhbatdoshimiz. Ular ushbu bosqichlarning barchasidan o‘tishlari shart emas va odatda ta’sischilarning o‘zlari barcha amalga oshirish jarayonlarini boshqaradi.  

“Masalan, hozirda Plug and Play akselerator dasturining bir qismi sifatida biz haftalik tezkor tahmin testini o‘rnatish ustida ishlayapmiz. Ushbu jarayon davomida biz yechimni to‘liq amalga oshirishimiz shart emas, chunki biz faqat gipotezani sinab ko‘rmoqdamiz va kompaniya sifatida eng tezkor yechimdan foydalanishimiz kerak. Shu sababli, startap sohasiga kirishni o‘ylayotgan har bir kishiga tavakkal qilishdan qo‘rqmaslik va jasoratli bo‘lishingizni tilayman. O‘z g‘oyalaringiz ustida ishlang, ularni sinab ko‘rishning eng tezkor usullarini toping va natijalarga erishing. Qanday bo‘lmasin, kelajakda siz uchun juda foydali bo‘lgan tajribaga ega bo‘lasiz.”

2023-04-25