Sun’iy intellekt, hamkorliklar va kelajak texnologiyalari: IT Park Huawei Tech Carnival 2025 tadbirida

19–20-may kunlari Toshkentdagi Xalqaro anjumanlar saroyida “Huawei Middle East & Central Asia Tech Carnival & Partner Summit” — ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlariga bag‘ishlangan keng ko‘lamli mintaqaviy tadbir o‘tkazildi. Tadbir 1000 dan ortiq mehmonni to‘plab, mintaqaning IT-hamjamiyati uchun muhim voqeaga aylandi.

Forum “Accelerating the Intelligent World” — “Intellektual dunyoga yo‘lni tezlashtirish” shiori ostida o‘tkazildi. Asosiy urg‘u sun’iy intellektning turli sohalarda qo‘llanilishini namoyish etishga qaratildi: katta til modellaridan tortib keng ko‘lamli sun’iy intellekt transformatsiyasiga tayyor infratuzilma yechimlarigacha. Interaktiv robot-shou orqali taqdim etilgan sun’iy intellekt rivojlanishining yangi bosqichi — “embodied intelligence” hodisasiga alohida e’tibor berildi.

IT Park Uzbekistan O‘zbekistonda ofis ochishning afzalliklari, soliq imtiyozlari, shuningdek, “Zero Risk” dasturini taqdim etgan o‘z stendini namoyish etdi.

Forum davomida ishtirokchilar sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya sohasidagi tendensiyalar bo‘yicha xalqaro ekspertlardan amaliy ma’lumotlar oldilar, interaktiv ko‘rgazma va namoyishlarga tashrif buyurishdi, u yerda eng so‘nggi sun’iy intellekt yechimlari va infratuzilmasi bilan tanishdilar, soha yetakchilari, texnologik kompaniyalar vakillari va butun mintaqadan kelgan qiziquvchilar bilan hamkorlik o‘rnatdilar.

“Toshkentda Huawei Tech Carnival & Partner Summit 2025 tadbirining o‘tkazilishi O‘zbekistonning mintaqadagi texnologik markaz sifatidagi roli oshib borayotganini tasdiqlaydi. Ushbu tadbirni qabul qilish va O‘zbekistonning sun’iy intellekt hamda raqamli iqtisodiyot kelajagini muhokama qilish maydoniga aylanayotganini ko‘rish biz uchun katta sharafdir,” — dedi IT Park Uzbekistan vakili Jahongir Normatov.

 

IT Park Uzbekistan xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratib, global raqamli ekotizimga faol integratsiyalashuvni davom ettirmoqda. Toshkent yana bir bor global texnologik hamjamiyatning diqqat markaziga aylanib, O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi raqamli markazlardan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.

2025-05-21